O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Фиқҳ

Istixora namozi

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ma'lumki, Islom.uz saytida berilayotgan darslar, yangiliklar, maqolalar haqida muxlislarimiz o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini yozib qoldirishmoqda. Biz bundan mamnunmiz. Shunday ma'lumotlarning birida «Istixora» namozi haqida ma'lumot berishimizni so‘rashgan. Bu namoz to‘g‘risida avvalroq saytimizda ma'lumot berilgan bo‘lsada Alloh taoloning tavfiqini so‘ragan holda aziz muxlislarimizga takroran ushbu namoz qay tarzda ado etilishi, duolari to‘g‘risida batafsil ma'lumot bermoqchimiz. Alloh taolo beriladigan ma'lumotlarni xalqimizga manfaatli va foydali qilsin, xato nuqsonlarimizni O‘zi mag‘firat etsin!

«Istixora» so‘zi lug‘atda xayrni talab qilish, degan ma'noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganda, xayrlisini tanlash uchun Istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin o‘qish mustahabdir.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora (xayrni talab qilib so‘rash)ni xuddi Qur'ondan sura o‘rgatgandek o‘rgatar edilar. U zot: «Birortangiz bir ishni qasd qilsa, farzdan tashqari ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng:

اللهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ، وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ العَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلاَ أَقْدِرُ، وَتَعْلَمُ وَلاَ أعْلَمُ، وَأنْتَ عَلاَّمُ الغُيُوبِ؛ اللهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أمْرِي، أوْ قَالَ : عَاجِلِ أمْرِي وَآجِلِهِ، فَاقْدُرْهُ لِي، وَيَسِّرْهُ لِي، ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أنَّ هَذَا الأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أمْرِي، أوْ قَالَ: عَاجِلِ أمْرِي وَآجِلِهِ، فَاصْرِفْهُ عَنِّي، [وَاصْرِفْنِي عَنْهُ]، وَاقْدُرْ لِي الخَيْرَ حَيْثُ كَانَ، ثُمَّ رَضِّنِي بِهِ.

«Allohumma inniy astaxiyruka bi'ilmika, va astaqdiruka biqudrotika va as`aluka min fazlikal 'aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta'lamu va la a'lamu va anta 'allamul g‘uyub. Allohumma in kunta ta'lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma'ashiy va 'aqibati amriy, 'ajili amriy va ajilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta'lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma'ashiy va 'aqibati amriy, 'ajili amriy va ajilihi fasrifhu 'anniy (vasrifniy 'anhu) vaqdurliyal xoyro haysu kana summa rozziniy bih», deb hojatini aytsin», dedilar.

Ma'nosi: Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Ey Rabbim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et va oson qil. So‘ng uni menga barakotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, mendan uni uzoqlashtir, (undan meni uzoqlashtir) qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et.)

Imom Buxoriy rivoyatlari.

Ulamolar: Namoz va mazkur duo bilan istixora qilish mustahab amaldir», deyishgan. U ikki rakat bo‘lib, farz namozidan oldingi yoki keyingi sunnat namozlarida, tahiyyatul masjid va bundan boshqa nafl namozlarida ham hosil bo‘laveradi. Fotiha surasidan keyin birinchi rakatda «Qul ya ayyuhal kafirun»ni, ikkinchi rak'atda esa «Qul huvallohu ahad»ni o‘qiydi. Duoni yuqorida zikr qilganimiz bilan boshlab, Allohga hamd va Rasulullohga salovot va salom aytish bilan yakunlaydi. Hadisi sharifda zikr qilinganidek, istixorani har bir ishda qilish mustahabdir. Agar istixora qilgandan keyin qalbi qaysi tomonga moyil bo‘lsa, o‘shani bajaraveradi.

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon bir ish qilishni xohlasalar:

اللهُمَّ خِرْ لِي وَاخْتَرْ لِي

«Allohumma xir liy vaxtar liy», deb aytardilar».

Ma'nosi: Allohim, menga yaxshilik ixtiyor qil.

Imom Termiziy zaif isnod bilan rivoyat qilganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Ey Anas, agar biror ishni qasd qilsang, Rabbingga yetti marta istixora qil, so‘ngra qalbingga yaqiniga qara, yaxshilik ana shundadir», dedilar».

Ibn Sunniy g‘arib sanad bilan rivoyat qilganlar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur'ondan surani ta'lim bergandek ta'lim berar edilar. U zot: «Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng, Ey, bor Xudoyo! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sendan ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Albatta, Sen qodir bo‘lursan, men qodir bo‘lmasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni o‘ta yaxshi biluvchi zotsan. Ey, bor Xudoyo! Agar ushbu ish menga dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanligini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanligini bilsang uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil, desin va hojatini aytsin», dedilar».

Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.

Agar ish bir tarafga o‘tmay turib qolsa istixora namozini yana qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish yetti martagacha bo‘ladi.

Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Menga Ey Anas qachon sen bir ishni qilmoqchi bo‘lsang u ish borasida Alloh taolodan yetti martagacha istixora qilgin. So‘ng (uning natijasiga) qara. Dilinga nima solinsa o‘shani ixtiyor qil, sen uchun o‘sha narsa yaxshidir» dedilar. (Mazohiru haqq).

Afzali istixorani uch kundan yetti kungacha ketma-ket qilinadi. Agar undan keyin ham qalb bir narsaga taskin topmasa, bir taraf g‘olib bo‘lgunicha istixora davom etilaveradi va ishni qilishdan to‘xtab turiladi. Aslida «istixora falon kungacha qilinsin» degan muayyan muddat yo‘q. Hatto Umar roziyallohu anhu bir oy ketma-ket istixora qilganlar. Agar bir oydan keyin ham sharhi sodr, qalbi taskin topmaganida istixorani davom ettirgan bo‘lar edilar. (Rohmatullohil vasi'a).

Istixoraning natijasi va maqbul bo‘lganining alomati

Ulamolar istixora borasida «Istixoraning ta'siri shunchalikki kim biror ishni qilishda ikkilanib taraddudga tushgan bo‘lsa, sunnatga muvofiq qilingan istixoradan ikki foyda bo‘ladi.

1.-Qalb qaysidir bir ishga hotirjam bo‘ladi.

2.-Qilinadigan ishning sabablarini Alloh taolo muhayyo qilib qo‘yadi» deganlar.

Ba'zi ulamolar «Istixora qilgandan keyin insonning qalbi bir tarafga taskin topadi. Farazan bir tarafga taskin topmasa ham istixoradan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘ladi. Chunki banda istixora qilishning o‘zi bilan Alloh taolo bandaga uning foydasi uchun bo‘ladigan ishni muyassar qiladi. Mabodo kishi bir ishni yaxshi deb bilsayu, Alloh taolo unga biror to‘siqni paydo qilib bandani undan burib qo‘ysa, banda bilsinki unda yaxshilik yo‘qdir. O‘sha to‘siq istixoraning barakoti tufayli paydo bo‘lgan to‘siq hisoblanadi» deganlar.

Istixora qilinganidan keyin ham ziyon ko‘rilsa

Biror kishi istixora qilib qalbi taskin topganidan keyin o‘sha ishni qilib zohirida zarar ko‘rsa ham qilgan istixorasi to‘g‘risida noto‘g‘ri gumonga bormasin.

Makhuul Azdiy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi:

«Men Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoning «Ba'zi vaqt inson Alloh taologa qaysi ish menga yaxshi bo‘lsa o‘shani menga nasib qilgin – deb istixora qiladi va Alloh taolo u uchun foydali bo‘lgan ishni unga nasib qiladi. Keyinchalik kishiga u ish mashaqqatli va zararli ko‘rinadi. Shunda banda norozi bo‘ladi. Lekin biroz vaqt o‘tgach Alloh taolo u uchun yaxshilikni iroda qilgani namoyon bo‘ladi. Alloh taoloning chiqargan hukmi shak-shubhasiz to‘g‘ridir, uning oqibati yaxshi ekanligi ba'zi vaqt bu dunyoda zohir bo‘lsa, ba'zi vqt oxiratda bilinadi» deganlarni eshitdim» dedilar. (Zuhd kitobidan).

Istixora borasida noto‘g‘ri tushunchalar

Istixora qilish aslida juda ham oson ish. Lekin shayton shunga ham aralashgan va odamlarda bir necha noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘lgan.

-ikki rakat o‘qib hech kim bilan gaplashmasdan uxlash kerak, aks holda istixoraning foydasi bo‘lmaydi.

-o‘ng taraf bilan yotish kerak.

-qiblaga yuzlanib yotish kerak.

-uxlash bilan tushni kutish kerak.

-tushda falon rangni ko‘rsa yaxshi, falon rangni ko‘rsa yomon.

-tushida biror ulug‘ zot nima bo‘lishini bildirish kerak. Chunki shayton tushga kirib ko‘rsatma berishi ham mumkin.

Yuqoridagilarning birortasini ham istixoraga aloqasi yo‘q, hadis orqali ham sobit bo‘lmagan. Ba'zi kitoblarda shunday gaplar kelgan bo‘lsa, tahqiq qilinmasdan yozilgan bo‘ladi. Alloh taolo musanniflarni rahmatiga olsin. Tahoratli bo‘lib, qiblaga yuzlanib, o‘ng tomon bilan yotish uxlashning odoblaridan ekanligida shak yo‘q. Lekin istixora qilgan kechasi shunday holatda bo‘lishi shart degan tushuncha noto‘g‘ridir. Shuningdek ko‘pchilik «istixora faqat juda muhim va katta ishlar to‘g‘risida yoki inson qilish-qilmaslikda ikkilanib qolgan o‘rinlardagina qilinadi» deb o‘ylashadi. Chunonchi avom xalq sanoqli o‘rinlardagina istixoradek sunnat amalini qilishga muvaffaq bo‘ladilar.

Masalan nikoh, tijorat, katta narsalarni sotib olishlardagina qilishadi. Vaholanki istixoraning tarjimasidan ham ma'lumki, istixora Alloh taolodan xayr baraka tilash ishidir. Uni inson kechayu-kunduzdagi barcha ishlarida Alloh taolodan so‘rashi kerak. Xoh u qilmoqchi bo‘lgan ishi kichik yoki katta bo‘lsin, ikkilanmayotgan ham bo‘lsin, o‘zining nazdida kichik deb hisoblayotgan bo‘lsin yoki qilsa yaxshiligi aniq bo‘lsin yoki qilishga majbur bo‘lsin barchasida istixora bilan boshlasa, avvalo sunnatga amal qilgan bo‘ladi va istixoraning barakotidan nasibador bo‘ladi.

Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh «Qachonki biror kishi menga savol bilan murojaat qilsa, javob berishdan avval biroz to‘xtayman va «Bu insonning asl holati O‘zinga ma'lum, bu kishi uchun nima foyda va nima zararligi ham O‘zinga ma'lum, buning masalasi javobi nima bo‘lishini mening qalbimga solgin, unutgan bo‘lsam eslatgin» deb Allohga bog‘lanaman» deganlar. Bu ham bir jihatdan istixora hisoblanadi.

Ko‘rinib turibdiki, Istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog‘lovchi omildir. Bir ishni qilmoqchi bo‘lganda Alloh taoloning o‘ziga yolborib, iltijo qilib yaxshilik yo‘l ko‘rsatishni so‘rashdir. Bu ma'no esa, musulmon inson hayotida namozning o‘rni qanchalar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Musulmon inson hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning xoliqi va boshqaruvchisi Alloh taoloning O‘zidan maslahat so‘rash imkoniga ega. Namoz o‘qimaydiganlar esa, bu ulug‘ saodatdan bebahralar, ular shaytonning maslahati bilan ish qilishga majburdirlar.

Manba: Islom.uz


Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 15:18;   Ko‘rilganligi: 26349
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/fiqh/istixora-namozi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 02:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing