O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Yaxshilikni yaqinlardan boshlash

 
 

Darhaqiqat, dinimiz ta'limotida hamma masalalar haqida ochiq oydin bayon qilingan. Jumladan yaxshilikning fazilati va zararlari ham bayon qilingan bo‘lib, islom dinida yaxshilikni avval o‘z yaqinlaringdan boshlanglar deb buyurilgandir. Yaqinlarga qilinadigan yaxshilik esa shar'iy istilohda silai rahm deyiladi. “Silai rahm” iborasi arabcha so‘z bo‘lib, u qavmu qarindoshlik rishtalarini mahkam bog‘lash ma'nosida tushuniladi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda silai rahm haqida shunday marhamat qiladi: “Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Rabbilaringdan qo‘rqinglar! Shuningdek, o‘rtalaringdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir” (Niso surasi, 1-oyat).

Ushbu oyati karimadan ham ma'lum bo‘ladiki, kishi hayoti mobaynida insonlarni bir ota va onadan tarqatgan Parvardigoridan qo‘rqishi va insonlar bilan kundalik munosabatlarda hamda qarindoshlik munosabatlarida ham Allohdan qo‘rqishi buyurilmoqda.

Zero Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindoshning holidan xabar olishdir” (Buxoriy va Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Ushbu hadisda silai rahmni uzish naqadar og‘ir bir musibat ekani, bunday qilish hatto bandaning boshqa amallari qabul bo‘lmay qolishiga ham sabab bo‘lishini tushunib yetmog‘imiz va qarindoshlik haqlari faqatgina bordi-keldilarning takrorlanishi bilan chegaralanib qolmasdan, balki xursandchilik kunlarida xursandchiligiga sherik bo‘lish hamda sinovli kunlarida yonida dalda bo‘lish moddiy va ma'naviy yordam berishlikni ham taqozo etishi bayon qilinmoqda. Silai rahm haqida Imom Navaviy shunday ta'rif keltirgan: “Silai rahm, insonning imkoniyatlaridan va muhtojning holatidan kelib chiqib, biri ikkinchisiga ehson-yordam qilishidir. Bunday yordam xizmat qilish, ziyorat etish kabi moddiy va ma'naviy ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin”.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga sahobalar qarindoshlaridan shikoyat qilishganida, u zot: “Ular yomonlik qilishsa ham, sizlar yaxshilik qilaveringlar”, deb buyurganlar.ushbu hadisda nafaqat qarindoshlarga yaxshilik qilish, balki ulardan biron bir ziyon zarar yetadigan bo‘lsa sabr qilishlik ham silai rahm ekanligi ma'lum bo‘ladi. Demak, yuqoridagi oyat hadislarni o‘qib o‘rganib chiroyli bir xulosa qilishimiz va kundalik hayotimizda yaqinlarimizga yaxshilik qilishda shariatimiz ko‘rsatmalariga qay darajada rioya qilayotganimizni tahlil qilishimiz lozim. Omonat dunyoda g‘animat umrimizni sarhisob qilishimiz va albatta yaqinlarimizga yaxshilik qilishimizda Allohning roziligini niyat qilishimiz muhimdir.

R. Ravshanov - Nurobod tuman bosh imomi


Kiritilgan vaqti: 13/06/2020 11:25;   Ko‘rilganligi: 2407
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/yaxshilikni-yaqinlardan-boshlash
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing