O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Voyaga yetmagan va yaqin qarindoshlar orasidagi nikohning salbiy oqibatlari

 
 

Barcha maxluqotni juft qilib yaratgan va insonni nikoh bilan sharaflantirgan Alloh taologa behad hamdu sano va shukuronalar bo‘lsin. Bu nikoh bizlarni fahshdan, zinodan saqlovchi halol bilan haromni ajratib turuvchi chegara to‘siqdir. “Nikohlanish mening sunnatimdir, bas kim sunnatimdan yuz o‘girsa, bizdan emas”, deb nikoh bilan oila qurushga da'vat qilgan xaq payg‘ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo sallolloxu alayxi vasalam ga salomlarimiz bo‘lsin. Nikoh muqaddas rishta bo‘lib, bir oila bir jamiyatni vujudga kelishi demakdir. Nikohni ba'zi hollarda qiyinchilik, yetishmovchilikka sabab bo‘ladi, deb gumon qiladigan insonlar ham uchrab to‘radi. Aksincha, nikoh tufayli insonni rizqi va davlati ziyoda bo‘ladi.

Bu xususida Alloh taolo o‘zining muqaddas kalomi quroni karimning “nur surasi” 32 oyatda “Agar ular (nikohlanuvchilar) kambag‘al bo‘lsalar Alloh ularni o‘z fazlu karami bilan boy behojat qilur”, deya mujda xabarini bergan. Abu Xurayra r.a dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam “Bir musulmonning nikohida xozir bo‘lgan kishi, bir kun Allox yo‘lida nafl ro‘za tutgan savobga ega bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar. Nikoh - madaniyat, aslzodalik va taraqiyot belgisi hamdir. Nikoh tufayli nafaqat “oila” deb atalmish muhtasham oshyon quriladi, hattoki bu nikohni mujtahidlar peshvosi imom A'zam Abu Xanifa r.a nikohni ibodat deganlar. Nikoh tufayli inson o‘z iffatini saqlaydi. Shuningdek nikoh yordamida inson o‘z nasli nasabini pokligini ham saqlab qoladi.

Xo‘sh bu zikr qilinayotgan muqaddas, hamda ibodatga tenglashtirilgan rishta qay yo‘sinda amalga oshirilmog‘i lozim. Qachonki Alloh taoloning kalomi qur'on karim va hadisi shariflardagi ko‘rsatmalarga rioya qilsak, anashunda ko‘zlangan maqsad hosil bo‘ladi. Aksincha, inson shariat ko‘rsatmalarisiz o‘z nafsi xohishi ila  oila qo‘radigan bo‘lsa, bu oilada hech yaxshilik bo‘lmas.

Qur'oni karimning “Ahzob surasi 36 oyatda” “Alloh va uning payg‘ambari bir ishni xukm qilganda – hech bir mo‘min va mo‘minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo‘lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa bas, u aniq zalolat bilan yo‘ldan ozibdi”, deb marhamat qilgan.

Abu Hurayra r.a dan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam “nikohda uzoqlashinglar dedilar” deb marhamat qilgan. Shariat ko‘rsatgan bu sof yo‘lda yaqin qarindoshlarning nikohlanishidan ko‘ra, qancha uzoqroq begona bo‘lgan, urug‘lardan kelin olinsa afzal bo‘lishi aytilmoqda. Agar shu tarzda quda-anda bo‘ladigan bo‘lsa, islomda qarindoshlik yana ko‘payishi kabi hikmatlari ham mavjud. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, aksar hollarda fojiali yakun topayotgani ko‘p hollarda ko‘zatilmoqda. Bu kabi nikohlanishda farzand ko‘rish jihatidan ham ijobiy natijalarga erishib bo‘lmayotganini tibbiyot sohasi orqali ham aniqlab berilmoqda. Bu ikkala nikohlanuvchilarda qon va genlar holati juda yaqin bo‘lganligi uchun natijada nogiron, majruh farzandlar dunyoga kelayotgani ko‘zatilib kelinmoqda. Natijada ko‘plab ko‘ngil xiraliklar yuzaga kelmoqda. U nogiron farzandlarning kelajaklari jumboqligicha qolmoqda. Manashu va bundan keyin keladigan barcha muammolarni oldini janob Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam bir og‘iz so‘z bilan “nikoxda uzoq bo‘linglar” deya muammoni yechib berganlar. Bu muqaddas rishta deya atalayotgan nikohga hargiz ko‘r – ko‘rona yondoshmasligimiz talab qilinadi.

Yana bugungi kunda ayrim hollarda uchrab turadigan bir holat, bu ham bo‘lsa voyaga yetmasdan qizlarni turmushga uzatishdir. Bu masala ham ko‘plab salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda. Chunki yoshlar yetarlicha nikoh, oila, hayot xaqida bilimlarga ega bo‘lib, ham aqlan, ham ma'nan,  ham jismonan tayyor bo‘lishi lozim. Aksincha biz ba'zi moziydan qolib kelayotgan eski noshar'iy urf odatlar ila voyaga yetmagan qizimizni turmushga uzatar ekanmiz, o‘z qulimiz bilan farzandimizni ko‘rib bilib xatarga tashlagan johil kabi bo‘lib qolamiz. Oila qo‘rgan yoshlar yetarlicha bilimga ega bo‘lmay turib nikoh qurar ekan, ko‘plab tushunmovchiliklarga duch keladi. Natijada ikkala tarafning ota – onalari haddan ziyod bu yangi oilaga aralashuvi natijasida bu yoshlar to‘g‘ri qaror qabul qilishga yoshlik ila ojizlik qilib oila buzulishiga majbur bo‘ladi. Bu esa jamiyatga ulkan zarardir. Ba'zan ota – bobolarimizdan kelayotgan urf, qizimizni begona urug‘ga berish mumkin emas deb, hali voyaga yetib ulgarmagan ko‘z qorasi bo‘lgan qizini ertaroq  xarakat qilaylik deya yaqin qarindoshga uzatayapdi. Bu to‘g‘ri qarormikan? Nega biroz mulohaza qilib ko‘rmaymiz. Zero, Alloh taolo kalomi qur'oni karimda “Siz to‘g‘ri yo‘ldadirsiz. Bu (qur'on) qudratli va rahmli (Alloh) ning nozil qilgan kitobidir. Toki ota – bobolari ogohlantirilmay, g‘ofil bo‘lib qolgan qavmni  ogohlantirgaysiz. (Yosin 4,5,6) deb ogohlantirgan. Demak har-bir aqilli inson bu borada ota – bobolarimizdan qolgan urf odat deb, to‘g‘ri kelgan barcha ishni qilavermasdan qur'on va xadisga muvofiq bo‘lganiga ergashishimiz darkor.                  

 Azimov Karimxon - Pastdarg‘om tumani “Oshiq ota” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/06/2020 08:32;   Ko‘rilganligi: 2684
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/voyaga-etmagan-va-yaqin-qarindoshlar-orasidagi-nikohning-salbiy-oqibatlari
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 08:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing