O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Vatanni sevmoq iymondandir !

 
 

Inson tug‘ilib o‘sgan joyi uning vatani bo‘ladi. Inson bu dunyoda hayot kechirar ekan o‘z vatani, oilasi, yaqinlariga bo‘lgan muhabbati jo‘sh urib turadi. Tarixdan bizga ma'lumki, ota bobolarimiz mana shunday Tinch, Faravon, ozod va obod  vatanni qurish yo‘lida jon fido qilib o‘tishgan. Negaki vatanga bo‘lgan muhabbat ularni shu yo‘lda o‘z jonlarini fido qilishga chorlagan. Hech kim hech qachon o‘z diyorini dushmanga ravo ko‘rmaydi hattoki bir qarich yeri uchun ham o‘z jonini fido qiladi. Vatanga bo‘lgan muhabbat shunday hissiyotki uni tushuntirib berishga so‘z ojiz. Vatandan uzoqda bo‘lgan insonni qalbi doimo sog‘inchda, o‘z yurtiga qaytish armonida bo‘ladi. Tarixda bunday hodisalar juda ko‘plab yuz bergan. Bunga misol qilib, Hazrati Qusam ibn Abbos (r.a) ning vafotlaridan oldingi holatlarini keltirmoqchiman.

Najmuddin Umar an-Nasafiyning  “Al Qand fi zikri ulamoi Samarqand” kitobida Abdulloh ibn Abbos (r.a) dan rivoyat qilinadiki: “Qusam ibn Abbos  jarohatlanganlarida Abdulloh ibn Abbosga vafot etajaklari xususida xabar qila turib: “Tug‘ilgan yerim vafot etayotgan joyimdan naqadar uzoq ! Makkada tug‘ilib, Samarqandda vafot etmoqdaman “, degan ekanlar”.

Mana shu rivoyatdan ko‘rinib turibdiki Hazrati Qusam ibn Abbos (r.a) ning o‘z vatanlariga bo‘lgan sog‘inchlari naqadar jo‘sh urganligini  anglashimiz mumkin. Boshqa manba'larda qayd etilishicha “Mumin kishining tug‘ilgan yurti bilan vafot etgan manzili o‘rtasidagi masofa jannatdagi o‘rniga daraja qilinadi”. Ajab emaski  “Vatan ostonadan boshlanadi” degan maqol shu jihatdan aytilgan bo‘lsa. Chunki Alloh Taolo tarafidan berilayotgan darajaning birinchisi vatan ostonasidan boshlanadi. Bunday rivoyatlarning barchasida vatan tuyg‘usini naqadar ulug‘ ekanligini anglash mumkin. Bugungi hayotmizda ham musofir bo‘lib vatan sog‘inchida yurganlar oz emas. Ularning ko‘pchiligi bilan suhbat qurganimda shu narsa ma'lum bo‘ldiki, ularning vatanga bo‘lgan muhabbatlari to‘lib toshib turardi. Mana shu his tuyg‘ularning o‘zi ham vatanga bo‘lgan muhabbatdir.  

X.Pulatov Samarqand tumani “Imomi A'zam” jome masjidi imom- xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/06/2020 11:05;   Ko‘rilganligi: 29356
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/vatanni-sevmoq-iymondandir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing