O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Silai-rahm

 
 

Azizlar,   men  sizarlarga  silai–rahm qilish  haqida  bir  voqeani  aytib  bermoqchiman. Aslida ushbu holat  hammamizda,  har  birimizning  atrofimizda  bo‘lib  turibdi. Banda ulg‘ayguncha  ota-onasining bag‘rida, ularning ta'minotida bo‘ladi. Aka-uka, opa-singillari  bilan  talashib, tortishib, inoq  bir-biriga  beg‘araz  yaxshilik sog‘inadigan, xavf  yoki  kamchilik  bo‘lsa himoya  qiladigan,   o‘zida  borini  ilinadigan  bo‘ladi. Ota-onalari  ularni  ko‘rib  ko‘zi  quvnaydi. Bolalari voyaga  yetgach oilali bo‘lib,  uy–joy  qiladi, hayotda o‘z yo‘llarida mustaqil odimlaydi. Vaqti soati yetib,  ota-onalari olamdan  o‘tganlaridan so‘ng ana  shunda  aksariyat   tug‘ishganlar orasida silai-rahm, qarindoshlik  rishtalari  ingichkalashib  boradi. Oxir – oqibatda  faqat  to‘y  ma'rakalarda   ko‘rishadigan  bo‘lib  qoladilar. O‘zgalar yordamiga muhtoj  bo‘lib  qolsalar ham e'tibor  qilmaydilar. O‘z  Tashvish,  dunyo g‘ami  bilan o‘z  qobig‘iga  o‘ralib  yashaydilar. Bir paytlar  bir bo‘lak  nonni ham  baham  ko‘radigan  og‘a-inilar kun kelib, bir-biriga befarq  munosabatta  bo‘ladilar.

Qishlog‘imizda  shunday  oilalardan  biri haqida aytmoqchiman. Ularning  holatlari  hammaga  ma'lum, yashash tarzi, oilasidagi sharoitni  ko‘rib, bilib  yuramiz  ammo  aytolmaymiz. Aka-ukalardan  biri  o‘ziga  to‘q, bu hayotiy dunyoda zoriqmay  yashayapti. Qo‘sha-qo‘sha uy-joy, imoratlar, qimmat   ulovlari bor. O‘zi esa ibodatda, xayr-ehsonda ham saxovatli. Xuddi shu aka-ukalardan  biri hayotda  sal  qoqilgan, hisobdan  adashgan. Oilasida moddiy yetishmovchilik mavjud, o‘zi xastalikka chalingan. Asosiysi, yashaydigan  uyi yo‘q. O‘sha boyvachcha aka-ukalar shu inisini davolatish  harakatlarini  qildi. Alloh shifo berib, tuzaldi va bu aka-ukalar shu bilan xotirjam yana o‘z  qobig‘i, tashvishi, dunyosiga sho‘ng‘idi. Bu insonning esa nafaqasi  yo‘q,  ishlay desa ishi yo‘q. Agar bu holatni ota-onalari ko‘rganda qay ahvolga  tushishini tasavvur qiling.

Nega  endi yoshlik  chog‘larida  bir  burda  nonni  bo‘lib yegan, bir-biriga ilingan og‘a-inilar bugunga kelib Alloh bergan o‘tkinchi, arzimas bo‘lgan mol-dunyoni  qizg‘anadigan  bo‘lib  qoldilar. Buning hammasi dunyo o‘tkinchi, oxirat boqiyligini edtan chiqarganligidan emasmikan. Aytishimiz  mumkinki  rizq  albatta Allohdan. Og‘asi ham bir kunini  ko‘radi. Alloh  mehribon. O‘sha  Alloh  davlat  bergan  aka  yo  uka  Alloh  menga  davlatni  silai-rahm qilishim uchun beryaptiku, deb  o‘ylamaydimikin. O‘zimdan  ortmaydi, oilam katta, deb bahona  qilolmaydi. Kim  oldin  o‘tishini  Alloh  biladi. Agar  inisiga  davlatini  baham  ko‘rsa  og‘asi  o‘tgandan  keyin merosxo‘ri ham o‘zi  bo‘ladi. Agar  o‘zi  oldinroq  o‘lsa  qilgan  savoblari  bo‘lsa qo‘shib  inisiga  bergan,  bergan  davlatini  ham  o‘zi  bilan   olib  ketgan  degani. Boshqa  mol  dunyosi  qoladi   ortida.

Bir kishining  bemor  yotganini  eshitib  ziyoratga  bordik. O‘sha  kishi  afsus  nadomatlar  bilan  shu  gaplarni  aytdi. Qo‘sha imoratlarni   qurib, qator  qimmat   ulovlarni   minib,  faxrlanib  yurgan  ekanman. Ko‘proq  halol rizq talab qilib, ehson  qilish  kerakligini  bilsam  ham  amal  qilmagan  ekanman. Mana endi  dardga  chalindim,  nochorman. Farzandlarimga  har  ishda  ehsonni  ko‘paytiringlar,  desam  quloq  solishmaydi. Menga  qolsa  o‘sha  salomat  yurgan  paytlarimda  minib  yurgan  mashinalarimdan  birini  ehson qilsam ham  qurbim  yetardi. Afsus, essiz  hozir  shu  ortimda  qolgan  davlatni,  mansabni  savobini  o‘zim  bilan  olib  ketarmidim. Hech  bo‘lmasa  shu  qilgan  xatogunohlarimga  evaz  bo‘larmidi  dedilar.

Azizlar  ibratlanib,  ogoh  bo‘laylik.

XAYRULLO SHOMURODOV - Kattaqo‘rg‘on tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/02/2020 16:39;   Ko‘rilganligi: 1524
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/silai-rahm
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 03:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing