Silai-rahm
Azizlar, men sizarlarga silai–rahm qilish haqida bir voqeani aytib bermoqchiman. Aslida ushbu holat hammamizda, har birimizning atrofimizda bo‘lib turibdi. Banda ulg‘ayguncha ota-onasining bag‘rida, ularning ta'minotida bo‘ladi. Aka-uka, opa-singillari bilan talashib, tortishib, inoq bir-biriga beg‘araz yaxshilik sog‘inadigan, xavf yoki kamchilik bo‘lsa himoya qiladigan, o‘zida borini ilinadigan bo‘ladi. Ota-onalari ularni ko‘rib ko‘zi quvnaydi. Bolalari voyaga yetgach oilali bo‘lib, uy–joy qiladi, hayotda o‘z yo‘llarida mustaqil odimlaydi. Vaqti soati yetib, ota-onalari olamdan o‘tganlaridan so‘ng ana shunda aksariyat tug‘ishganlar orasida silai-rahm, qarindoshlik rishtalari ingichkalashib boradi. Oxir – oqibatda faqat to‘y ma'rakalarda ko‘rishadigan bo‘lib qoladilar. O‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lib qolsalar ham e'tibor qilmaydilar. O‘z Tashvish, dunyo g‘ami bilan o‘z qobig‘iga o‘ralib yashaydilar. Bir paytlar bir bo‘lak nonni ham baham ko‘radigan og‘a-inilar kun kelib, bir-biriga befarq munosabatta bo‘ladilar.
Qishlog‘imizda shunday oilalardan biri haqida aytmoqchiman. Ularning holatlari hammaga ma'lum, yashash tarzi, oilasidagi sharoitni ko‘rib, bilib yuramiz ammo aytolmaymiz. Aka-ukalardan biri o‘ziga to‘q, bu hayotiy dunyoda zoriqmay yashayapti. Qo‘sha-qo‘sha uy-joy, imoratlar, qimmat ulovlari bor. O‘zi esa ibodatda, xayr-ehsonda ham saxovatli. Xuddi shu aka-ukalardan biri hayotda sal qoqilgan, hisobdan adashgan. Oilasida moddiy yetishmovchilik mavjud, o‘zi xastalikka chalingan. Asosiysi, yashaydigan uyi yo‘q. O‘sha boyvachcha aka-ukalar shu inisini davolatish harakatlarini qildi. Alloh shifo berib, tuzaldi va bu aka-ukalar shu bilan xotirjam yana o‘z qobig‘i, tashvishi, dunyosiga sho‘ng‘idi. Bu insonning esa nafaqasi yo‘q, ishlay desa ishi yo‘q. Agar bu holatni ota-onalari ko‘rganda qay ahvolga tushishini tasavvur qiling.
Nega endi yoshlik chog‘larida bir burda nonni bo‘lib yegan, bir-biriga ilingan og‘a-inilar bugunga kelib Alloh bergan o‘tkinchi, arzimas bo‘lgan mol-dunyoni qizg‘anadigan bo‘lib qoldilar. Buning hammasi dunyo o‘tkinchi, oxirat boqiyligini edtan chiqarganligidan emasmikan. Aytishimiz mumkinki rizq albatta Allohdan. Og‘asi ham bir kunini ko‘radi. Alloh mehribon. O‘sha Alloh davlat bergan aka yo uka Alloh menga davlatni silai-rahm qilishim uchun beryaptiku, deb o‘ylamaydimikin. O‘zimdan ortmaydi, oilam katta, deb bahona qilolmaydi. Kim oldin o‘tishini Alloh biladi. Agar inisiga davlatini baham ko‘rsa og‘asi o‘tgandan keyin merosxo‘ri ham o‘zi bo‘ladi. Agar o‘zi oldinroq o‘lsa qilgan savoblari bo‘lsa qo‘shib inisiga bergan, bergan davlatini ham o‘zi bilan olib ketgan degani. Boshqa mol dunyosi qoladi ortida.
Bir kishining bemor yotganini eshitib ziyoratga bordik. O‘sha kishi afsus nadomatlar bilan shu gaplarni aytdi. Qo‘sha imoratlarni qurib, qator qimmat ulovlarni minib, faxrlanib yurgan ekanman. Ko‘proq halol rizq talab qilib, ehson qilish kerakligini bilsam ham amal qilmagan ekanman. Mana endi dardga chalindim, nochorman. Farzandlarimga har ishda ehsonni ko‘paytiringlar, desam quloq solishmaydi. Menga qolsa o‘sha salomat yurgan paytlarimda minib yurgan mashinalarimdan birini ehson qilsam ham qurbim yetardi. Afsus, essiz hozir shu ortimda qolgan davlatni, mansabni savobini o‘zim bilan olib ketarmidim. Hech bo‘lmasa shu qilgan xatogunohlarimga evaz bo‘larmidi dedilar.
Azizlar ibratlanib, ogoh bo‘laylik.
XAYRULLO SHOMURODOV - Kattaqo‘rg‘on tumani bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 24/02/2020 16:39; Ko‘rilganligi: 1525
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 23:11