O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Otaga hurmat

 
 

OTA!!! O‘zbek oilasida otaning o‘ziga xos o‘rni bor. U oilaning sarbonidir. Otaning oiladagi o‘rnini o‘lchaydigan toshu-tarozi yo‘q. Oilada otaning obro‘-e'tibori qadrlanadi, farzandlar otaga suyanadi, ergashadi, ishonadi va faxrlanadi.

Faqat otalargina bolalarini hayotdagi barcha og‘irliklarni aql-idrok, sabr-chidam, g‘ayrat va iroda bilan yengib o‘tishga o‘rgata oladi. Ota irodasi farzandlarni qiyinchilik, mushkul ishlar oldida ikkilanmaslikka, uni yengib o‘tishga o‘rgatadi.

Otalik tuyg‘usi - inson qalbidagi iymonlilikning namoyon bo‘lishidir. Farzand ko‘rish oson, lekin unga haqiqiy ota, ma'naviy rahnamo bo‘lish hammaning qo‘lidan kelavermaydi.

Farzandni dunyoga keltirish otalik, erkaklik burchining faqat bir tomonidir. Uning eng asosiy vazifasi esa farzandini yaxshi tarbiyalab, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallashini ta'minlashdir. Farzandlarga otaning pand -nasihatlari emas, balki qilgan ishlari, yurish - turishlari ham ibratlidir.

Otaning yana bir muhim burchi - farzandlarini mehr- muhabbat bilan tarbiyalashidir. Hayotda qiz otaning, ota qizning tayanchidir. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida shunday marhamat kiladilar: “Kimning uchta qizi bo‘lsa yoki uchta singlisi bo‘lsa yoxud ikki qizi yoki ikki singlisi bo‘lsa, u ularning suhbatini yaxshi qilgan bo‘lsa va ularning haqida Allohga taqvo qilgan bo‘lsa, unga jannat berilur” (Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhudan Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan). Ming afsuslar bo‘lsinki, hayotda qiz farzandni ko‘p xush ko‘rmaydigan otalar ham uchrab turadi. Vaholanki, bunday holatlar Alloh taoloning bergan ne'matlariga noshukrlik hisoblanadi. Zero, noshukrlik musulmon kishiga xos ishlardan emas.

Endi azizlar farzandlarning ota onalariga qilayotgan muomalalari haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Islom dinida ota onaning yoshi o‘tib, qo‘li bir ishga bormay qolgandan so‘ng farzandlar ota onalarining xizmatlarida doim tayyor bo‘lishlari buyurilgan. Afsuski, hozirgi kunda “Qariyalar uyi”ga bir borib ko‘raylik!!!...... U joydagi ko‘zlarida umid uchqunlari chaqnab turgan keksa otaxonu onaxonlarni ko‘rib ko‘zingizga yosh keladi. Ularning orasida farzandlarini, nevaralarini sog‘inib, bir ko‘rishga zor bo‘lib kutayotganlari juda ham ko‘p.

Mana shunday mehrsiz, nomard farzandlar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz huzurlarida bo‘lib o‘tgan bir voqeani yodga olsak: Bir yigit Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga otasining juda ham qarib qolganligini, uydagi narsalarning hammasini sotib yuborganligini, aqldan ozib, bebosh, injiq bo‘lib qolganligini aytib shikoyat qilib keldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigitning otasini huzurlariga chaqirdilar va “O‘g‘lingiz aytgan gaplar to‘g‘rimi?”, deb so‘radi. Shunda u kishi “Ha to‘g‘ri, men farzandimni o‘zim tarbiya qildim, yemay yedirdim, onasi erta vafot etgan edi, o‘zim  yolg‘iz tarbiya qilganman, qariganimda menga mehribon bo‘ladi degandim. Afsus, o‘g‘lim mendan xabar ham olmaydi, ovqat ham bermaydi. Shuning uchun uyda qo‘limga nima ilinsa bozorga sotib, qornimn tuydiraman, Yo Rasululloh, shu ishim to‘g‘rimi yoki durust emasmi?”- dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yigitning yelkasidan mahkam tutib “Sening bor topgan mol mulking otangnikidir, hatto o‘zing ham. Agar topgan mulking otangga yetmasa seni qul qilib sotib yuborishga ham otangning haqqi bor, sen o‘zim topgan mol-mulkka o‘zim molikman, otamning haqqi yo‘q deb o‘ylama” - dedilar. Shunday ekan azizlar, ota-onalarimizning qadriga yetaylik. Ota onaga zor bo‘lib yurganlar qancha. Alloh taolo barchamizga insofu tavfiq bersin hamda barchamizni ota onalarini rozi qiladigan bandalardan qilsin!

ISROIL AMIRILLAYEV – Paxtachi tuman bosh imom-xatibi, "Xo‘ja Ziyovuddin" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/12/2019 15:43;   Ko‘rilganligi: 337
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/otaga-hurmat
Chop etilgan vaqti: 15/08/2020 10:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing