O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Ota qadri (Voqei hikoya)

 
 

Qishlog‘imizda uch qadrdon do‘st bor: Karimberdi bobo, Tog‘aymurod bobo va Yusuf bobo. Har yakshanba kuni choyxonaga chiqib gurunglashish odatlari qishloqning yosh-u keksasining havasini keltiradi.To‘g‘ri-da, pir-u badavlat bo‘lganga nima yetsin. Ularga bunday suhbatlar yarashadi-da. Bugun ham odat bo‘yicha choyxonaga chiqishdi.Suhbat qizigandan qizidi:

-        Ha, Tog‘ay, kayfiyating yo‘qroq? Nima gap? – so‘radi Yusuf bobo,-tinchlikmi, ishqilib?

-        Ha, endi,- iymanib gap boshladi. Tog‘aymurod bobo,- bir narsa ko‘nglimni xira qilib turibdi.

-        Xo‘sh, xo‘sh, gapir-chi, - suhbatga qo‘shildi Karimberdi bobo, yuragingdagini ayt-da bundoq.

-        Xabarlaringiz bor, bitta o‘g‘lim chet elga ishlagani ketgan. Har oyda pul jo‘natib turardi. Kecha qo‘ng‘iroq qilib yuborgan pullarini tiyin-tiyinigacha tayyorlab qo‘yishimni aytdi, moshin olarmish. Aksiga olib, ro‘zg‘orga ozmi-ko‘pmi ishlatib qo‘ygandim. Endi nima qilsam ekan deb boshim qotib turgandi.

-        Odam ham shunday bo‘ladimi, - salmoqlab dedi Karimberdi bobo,-yoshligingda ham noshud eding, noshudligingcha qolibsan. Mana, menga qara, mening o‘g‘lim ham chetda. U ham pul yuboradi. Imorat boshlab qo‘yganman bilasizlar. Lekin bitta daftar tutganman. Bir dona g‘isht olsam ham yozib qo‘yaman falon pulga deb. Hisobli do‘st ayrilmas, degan gap bor, axir.

Oraga jimlik cho‘kdi. Nihoyat, Yusuf bobo ham gap boshladi:

-        Chetda ishlayotgan bolalarim yo‘q. Bittasi shahri azimda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan. Yaqinda telefon qilib:

-        Ota,  nabiralaringiz sizlarni juda sog‘ingan, bir kelib ketinglar,- deb qoldi.

-        Bolam, biz ham onang bilan sizlarni juda sog‘indik. Nafaqamizni olaylik, albatta, boramiz,-dedim.

-        Eh, otajon, to‘g‘ri kelgan taksiga minib kelavermaysizlarmi, pul to‘g‘risida aslo o‘ylamanglar. Axir, mening topganim sizlarniki emasmi? Hamma sharoitni tayyorlab qo‘yganman. Kelsalaringiz bo‘ldi,-dedi o‘g‘lim. Endi ertaga, Xudo xohlasa yo‘lga chiqamiz.

Karimberdi bobo bilan Tog‘aymurod bobo bir-biriga ma'noli qarab qo‘yishdi.

Xulosa sizdan, azizlar.

 Lutfullo Ubaydullayev, Kattaqo‘rg‘on tuman “Kichikmundiyon” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 18/10/2019 17:10;   Ko‘rilganligi: 1212
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/ota-qadri-voqei-hikoya
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 13:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing