O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

O‘G‘ILLARIMGA NASIHAT

 
 

Ustoz, shayx, muttaqiy, hakim Abu Muhammad Mahbubiy Marg‘iloniy rahmatullohi alayhning “O‘g‘illarimga nasihat” nomli kitoblaridan olindi. - Ey o‘g‘illarim! Alloh taologa shirk keltirmanglar. Besh vaqt nomozni o‘z vaqtida jamoat bilan o‘qinglar. Zakotlaringizni kechiktirmanglar. - Ovqat ustiga ovqat yemang. Yolg‘iz ovqatlanmang. Farzandlaringiz bilan birga taomlaning. Hech qachon ovqat janjalini qilmang. - Bavlni to‘xtatmanglar (ushlab turmanglar). - Umrni zoye qilmang, bekor o‘tirmang. - G‘azablanmang. Mobodo g‘azabingiz kelsa, tik turgan bo‘lsangiz o‘tiring, o‘tirgan bo‘lsangiz yotib oling va oyatul Kursiyni ovoz chiqarib o‘qing. - Qiyomatda hisob berishingizni o‘ylab pulni sarf qiling. - Iloji boricha tahoratli yuring rizqingiz keng bo‘ladi. - Odamlardan aslo xafa bo‘lmang, ta'ma bo‘ladi. Ta'ma haromdir. - Yaxshi va yomon tushlaringizga sadaqa qiling. - Bozoringizni o‘zingiz qiling. Birovni olgan narsasini kamsitmang. - Yo‘l bo‘yida biror hojatingiz bo‘lmasa o‘tirmang. - Yolg‘iz o‘qiydigan namozingizda yig‘lashni odat qiling. Tahajjud va boshqa nafl nomozlarni o‘qishga odatlaning. - Har kuni Qur'ondan kamida yuz oyat o‘qishni odat qiling. - O‘z nafsingiz bilan doim jihod qilishni unutmang. Nafsni minnatdor qilaman demang. - Tajribasiz tabiblik qilmang. - Xatni chiroyli yozishni o‘rganing. - Olloh taolodan hech shikoyat qilmang. Chunki, U zolim emas. - Tik turib suv ichmang. Yurib ovqat yemang. Etak bilan yuzingizni artmang. - Dam solishga ko‘p berilmang. - Achchiq, sho‘r, badbo‘y, nordon, taxir va sovuq narsalarni ko‘p iste'mol qilmang. - Sut ichishga odatlaning. - Ko‘zingizni juda yorug‘dan saqlang. - Qo‘llaringizdagi hayvonlarni och qo‘ymang. - Tuzni to‘kmang, shamolni, zamonni so‘kmang. - Xotinga maslahat qilmang. Xotinni mahrini aslo kechiktirmang. - Kulni ko‘minglar. Chunki, u zararli jinlar makonidur. - Kattalar bilan ko‘rishganda, qo‘llarningizni avval tortmang. - Birinchi salom beruvchi bo‘ling, kibr yo‘qoladi. - Belingizni mahkam tuting. Chunki, u nasl joyidur. - Ro‘zg‘orda iqtisodli bo‘ling. - Ehromdan boshqa vaqtda bosh kiyimsiz yurmang. Hatto uyquda ham. - Uyqudan avval qo‘lni yog‘ va shirasini yuving. Ro‘hiy kasalliklarni oldini olasiz. - Ey o‘g‘lim! Alloh va Uning Payg‘ambarini joningizdan va molingizdan ham ziyod yaxshi ko‘rib aytganlirini qiling. - Bir ishga “Xudo xohlasa” deyishni aslo unutmang. - Hadyani olishdan ko‘ra ko‘proq berishga odatlaning. Chunki, bergan qo‘l doimo baland bo‘ladi. - Og‘zingizni doim toza va xushbo‘y tuting. - Ibrat uchun haftada bir marta qabristonni ziyorat qilishga odatlaning. - Kechasi eshiklaringizni yopib, idishlaringizni ustini berkitayotganingizda “Bismillahir Rohmanir Rohim” – deb yoping. - Tobutni ko‘rsangiz o‘rningizdan turing, musulmon bo‘lmasa ham. - Mevali va boshqa foydali daraxtlarni ko‘p eking. - Iloji boricha (qarz) haqlaringizni qistamang. - Hayvonni yuziga aslo urmang. - Dunyo ishini ortiq ko‘rib, din ishidan avval qilmanglar. - Hech kimni qarg‘amanglar duolaring ijobat bo‘lmaydi. - Gulni, sutni, yostiqni va oshqovoqni qaytarmanglar. - Ey o‘g‘illarim, uyingizda har kuni bir kishi ro‘za tutsin. - Ota-onangizni, xotingizni, yoshi katta insonlarni ismini aytib chaqirmang. Bu majusiylar odatidur. - Kechasi hushyor bo‘lishni katta davlat deb biling. Bir uyda yolg‘iz yotmang. - Ey o‘g‘illarim, Alloh farzand bersa qirq kungacha iloji boricha zaytun yog‘i bilan hamma badanini yog‘lab turinglar. Farzand tez o‘sadi va baquvvat bo‘lib dardga chalinmay katta bo‘ladi insho Alloh. - Ey o‘g‘illarim, din ilmlarini yaxshi o‘rganinglar. Unutmanglarki, Qur'on, hadis, aqoid, fiqh o‘tgan mustahkam yo‘ldir. Bularga qo‘shgan ham, olgan ham katta xato qiladi. Har xil yangi yo‘llarga kirib o‘zingizni adashtirmang. - Ey o‘g‘illarim, yosh bolalarni yaxshi gap bilan, yoki bir narsa berib doim xursand qilinglar. Jannatda dorus-Sibyonga tez kirasizlar. - Ey o‘g‘illarim, tabobatdan ham bir oz o‘rganinglar. Avval o‘zingiz amal qilib keyin boshqalarga nasihat qilinglar. - Odamlarga va'z aytib nasihat qilish vaqtida bir tomonga qaramasdan, hamma tomonga qarab gapiring. Aks holda hadya bergan odamga qarab gapiradigan bo‘lib qolasiz. - Dushmaningizga qarshi ilm va taqvo bilan qurollaning. - Bir kunda to‘rt soatdan kam va sakkiz soatdan ko‘p uxlamangr. Kam bo‘lsa badan qizib aql kamayadi. Ko‘p bo‘lsa badan soviydi. - Ulug‘ zotlarga pichoq, soat, ko‘zoynak, kitob, qalam shunga uxshash narsalarni hadya qilishga odatlaninglar. Qachon uni ko‘rganda sizni duo qiladi. - Kiyimlaringizni juda chiroyli qilib kiyib yuringlar. - Folbinga bormanglar va ishonmanglar. Ular yolg‘onchilardir. - Ey o‘g‘illarim, hech qachon janjal qiluvchi bo‘lmanglar. Chunki ikki ahmoq odam janjal qiladi. Bir oqil va bir axmoq ham janjal qilmaydi. Oqil “xo‘b” deydi. Yomon odamlarning badbaxtirog‘i uzrni qabul qilmaydiganidir. - Ey o‘g‘illarim, bir oyda kamida bir marta yerda nomoz o‘qinglar. - Riyodan saqlaninglar. Aslo ibodatlaringni odamlarga bildirmanglar. - Avtomobilda yurganlaringda yo‘l harakati qoidalariga yaxshi amal qilinglar. - Ey o‘g‘illarim, xotinlaring bolalaringni yomon so‘zlar bilan qarg‘ashiga yo‘l qo‘ymanglar. - Ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishmanglar. Allohning g‘azabi kelib la'nati yog‘iladi. - O‘g‘lingizni uylantirishda to‘y xarajatlirini yarmini o‘zi ishlab topgan bo‘lsin. - Kasal ko‘rgani borganda ko‘p ovqat yemanglar va uzoq o‘tirmanglar. - Nasihat qilishni to‘xtatmanglar. Nasihat qilish bilan imonlaring komil bo‘ladi. Tayyorlovchi: Abu Muhammad Mahbubiyning shogirdlari Xolmuhammad SALIMOV - Urgut tumani “Mang‘itobod” jome masjidi imom xatibi

Kiritilgan vaqti: 23/09/2019 15:13;   Ko‘rilganligi: 1695
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/ogillarimga-nasihat
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing