O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Mustahkam oila obod turmush garovi

 
 

Oilada shirin-shirin orzular og‘ushida, qalblarga quvonch olib farzand dunyoga keladi. O‘g‘ildir, qizdir Alloh bergan ulug‘ ne'matdir. Qiz bola ulg‘ayar ekan uning ilk o‘ynaydigan o‘yinchog‘i, ovunchog‘i — qo‘g‘irchoqdir. Bolalar birga o‘ynashar ekan ularning biri ota, biri esa ona, o‘yinchoqlar esa farzandlari  bo‘lib o‘ynashadi. Balkim, shundandir, oila to‘g‘risidagi tushuncha bolaligimizdan qon-qonimizga singib ketgan. O‘zbek xalqi shuning uchun ham oilani muqaddas deb biladi. Haqiqatdan ham, boshqa xalq turmush tarzini kuzatar ekanmiz, bizdagi oilaga bo‘lgan mehr-muhabbat, fidoyilik, oilaning muqaddasligini his qilish, farzand tarbiyasiga bo‘lgan munosabat, oilalardagi totuvlik, sabr-toqat, qanoatlilik, insof-diyonat kabi ijobiy fazilatlar faqatgina o‘zbek xalqiga, o‘zbek oilalariga mosdek tuyuladi kishiga. Haqiqatdan ham mana shunday azizlar! Bizga mana shunday tuyg‘ularni ota-bobolarimiz me'ros qoldirishgan. Ulardagi shunday tuyg‘ular bizning qon-qonimizga singib ketgan.

Darhaqiqat, oila jamiyatning bir bo‘lagidir. Mustahkam oila — mustahkam jamiyatdir. Oilani bir ulkan daraxtga o‘xshatsak, uning baquvvat tanasi va ildizi sifatida albatta ota va onani qiyoslaymiz. Shunday daraxtning shoxlari ham sog‘lom va ko‘rkam bo‘ladi. Ildiz va tana ota-ona ekan, bunday sog‘lom tana va ildizdan albatta sog‘lom shoxlar, yani sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. Shunday ekan ota-ona o‘zaro inoq, tarbiyali, bir-birini hurmat qiladigan, bir-birini tushunadigan bo‘lsalar, bunday oilada oqila qizlar va yetuk yigitlar voyaga yetishib chiqsa ajablanmagan bo‘lardik. Lekin atrofdagi qurt-qumursqa, shamol-to‘zon, har-xil ofatlar bor ekan, daraxtga ham ozmuncha ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Bunday ofatlardan talofat ko‘rish mumkin. Ammo tana va ildiz mustahkam, sog‘lom bo‘lsa, o‘z shoxlarini baloyu ofatlardan o‘z navbatida himoya qiladi, egilgan shoxlarini esa asta sekinlik ila o‘z qaddini tiklashga yordam beradi. Turmushda ham shunday noxushliklar uchrab turadi. Oila ustuni albatta er hisoblanadi. Oila ustuni bo‘lmish er aqlli va o‘z jufti halolidan hamma jixatdan ustun ekanligini yaxshi bilamiz. Bizga qadim-qadimdan o‘tib kelayotgan qadimiy va ulug‘ odatlarimizdan biridir. Ayollarga oilaning tinch-totuvligi, ozodaligi, farzandlar tarbiyasi yuklatilgan bo‘lsa, erkaklar boshiga esa oila tashvishlari yuklatilgandir. Ular bu hayotda zakovatli qozi bo‘lmoqliklari va hamma ishni adolatli ravishda hal qilmoqlari lozim. Erkak-ayolning qalqoni, bolalarning panohidir. Hadislarda er-xotin, farzand, oila haqida juda ko‘p ibratli so‘zlar keltirilgan. Ayol va erning bir-biriga qiladigan vazifalari va majburiyatlari mavjud. Erning xotin oldidagi vazifasidan biri; “Er o‘zi yegan ovqatdan xotiniga va bolalariga yedirmog‘i, o‘zi kiygan kiyimdan xotini va bolalariga kiydirmog‘i shart”. Bundan tashqari har bir er ahli ayolining yuziga urmasligi, xotiniga yomon so‘z aytmasligi lozim. Ahli-ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lsa, u bilan murosayu mudaro qilmasa, o‘sha oilada turmush lazzati yo‘qoladi. Uydan fayz-u barakot ko‘tariladi. Er ham, xotin ham bunday ishlardan yiroq yurishlari, o‘zlarining hayotlari farzandlarining kelajak hayotlarini gullab-yashnashi uchun va bir umr faravon hayot kechirishlarini ta'minlashga xizmat qiladi. Har bir inson turmush qurar ekan, bir dunyo orzu-umidlar qiladi. Oilasini dunyodagi eng baxtli oila bo‘lishini, qo‘rg‘oshindek mustahkam bo‘lib, farzandlari kamolini ko‘rishni bir umr rohat-farog‘atda yashashni, qaynona-qaynota, qarindosh-urug‘ munosabatlarini mustahkam bo‘lishini xohlaydi. Afsuski, hayotda har doim ham kishi o‘ylagandek bo‘lavermaydi, orzular hamma vaqt ham amalga oshavermaydi. Yuraging tubidagi gaplarni ba'zan eng yaqin kishingga ham ayta olmaysan, alam va dardlarni ko‘z yoshlaringdan olasan. Dilingdagi gaplar o‘zining ayovsiz qasosini yana o‘sha bechora ko‘z yoshlaringdan oladi va bir qadar tinchlanadi. Asosan, ko‘z yoshni kim to‘kadi? Albatta, bu ayollar desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ayol hamma vaqt goh shod yursin, gohi qayg‘uda yursin farzandlari yonida bo‘lsa uning g‘uborlari tarqalib ketadi. Uning yonida tayanchi borligi mehriboni, suyangan tog‘i shu farzandlari ekanligi, shularning kamolini ko‘rish uning uchun eng buyuk baxt ekanligidan taskin topadi. Ularning buyuk inson bo‘lib yetishishiga umid bog‘laydi. Ana shunday jonkuyar onalar va fidoyi erkaklar bor ekan, ularning qarshisida doimo bosh egsang arziydi.  Zero, mana shu tabarruk zotlar mustahkam oilani barpo qilishadi va obod turmushni shakillantirishadi. Oilasi uchun yaxshilik qiluvchi Allohning nazdida eng yaxshi inson ekanligi hadisi sharifda quyidagicha bayon qilingan: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z oilasiga yaxshi muomala kiluvchingizdir. Men esa sizlarning orangizdagi o‘z oilasiga eng yaxshi muomala qiluvchiman”. Biz ham eng yaxshi insonlardan bo‘lishga intilaylik.

 Muslihiddin Hidoyatov, Bulung‘ur tuman “Niyozmat” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/10/2019 12:32;   Ko‘rilganligi: 1670
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/mustahkam-oila-obod-turmush-garovi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 09:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing