O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

ISLOM SHARIATIDA FARZANDGA MUNOSABAT MASALASI

 
 

Johiliyat davrida arablarda faqirlik va ochlikdan qo‘rqib farzandni tiriklay ko‘mib yuborish odati bor edi. Hozirgi zamon johiliyatida ham ochlik yoki ko‘p sarf-xarajatdan qochib, farzandni tug‘maslik, bitta yoki ikkitadan orttirmaslik odati keng tarqalgan. Bu, avvalo e'tiqod buzuqligiga borib taqaladi. Allohga iymoni yo‘q yoki buzuq aqiydadagi, Alloh hammaga rizq berishga qodirligini inkor etadigan odamgina faqirlikdan qo‘rqib o‘z bolalarini o‘ldirishi mumkin.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالْأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ 58 (سورة النحل)

Qachon ulardan biriga qizning (ko‘rgani haqida) xushxabari berilsa, g‘azabga to‘lib, yuzlari qorayib ketar”. (Nahl, 58)[1]

Mushriklarning birortasiga oilasida qiz bola tug‘ilgani haqida xushxabar berilsa, xafa bo‘lganidan, g‘am-alamga to‘lganidan, yuzi qorayib ketar edi. Mushriklarning gumrohligi shu darajadaki, ulardan har biri oilasida qiz farzand tug‘ilishini eshitib, bu xabarning yomonligidan uyalib, odamlar ko‘zidan berkinib yuradi. Odamlarga ko‘rinishni xohlamaydi. Qiz ko‘ribsan, deb mazammat qilishlaridan qo‘rqadi. O‘sha berkinib yurgan holida, bu qizni nima qilsam ekan, deb o‘ylaydi. O‘zimga or-nomus qilib olib yuraversammikan yoki yerga ko‘mib yuborsammikan, deb xayol suradi. Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning quyidagi hadislarini keltirib o‘tsak joizdir:

أن جابر بن عبد الله حدثهم قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : «من كان له ثلاث بنات ، يؤويهن  ، ويكفيهن، ويرحمهن ، فقد وجبت له الجنة البتة  فقال رجل من بعض القوم : وثنتين ، يا رسول الله ؟ قال : «وثنتين»

Jobir ibn Abdullohdan riyat qilinadi:

Rasululloh (s.a.v) aytadilarki:

“Kimning uchta  qizi bo‘lib, ularni tarbiyalab katta qilsa va ularga marhamat nazari bilan qarasa, jannatga kirishi muqarrardir”, - dedilar.  Bas, shunda qavmning ba'zi kishilari, “Ey Rasululloh ikkita  qizi bo‘lib, ularni tarbiyalab katta qilgan bo‘lsachi?” deb so‘radilar.  Rasululloh (s.a.v) “Ikkita  qizni  tarbiyalab katta qilgan bo‘lsa ham” dedilar.  [2]

عَنْ أَنَسٍ أَوْ غَيْرِهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ عَالَ ابْنَتَيْنِ أَوْ ثَلَاثَ بَنَاتٍ أَوْ أُخْتَيْنِ أَوْ ثَلَاثَ أَخَوَاتٍ حَتَّى يَمُتْنَ أَوْ يَمُوتَ عَنْهُنَّ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ كَهَاتَيْنِ وَأَشَارَ بِأُصْبُعَيْهِ السَّبَّابَةِ وَالْوُسْطَى

Anas yoki boshqadan rivoyat qilinadi: U Payg‘ambar (s.a.v.): “Kim  ikkita yoki uchta qiz yoki ikkita yoki uchta o‘g‘il to o‘lguncha yokiularda ba'zisi o‘lguncha yedirib ichirsa men vaholanki unga ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini bir-biriga juftlab turib shuningdek bo‘laman” dedilar” dedi.[3]

Albatta, bittami ikkitami qizni tarbiyalab voyaga yetkazib joylarini topib joylash oson ish emas. Odatda kishilar tabiatida o‘g‘il farzandga nisbatan moyillik bo‘lib turadi. Qizlardan esa, Islomiy tarbiya ko‘rmagan kishilarda, bir oz e'tiborsizlik bo‘ladi. Shuning uchun ham shariatimiz ta'limotlarida qizlar tarbiyasi uchun qilingan va'dalarga alohida urg‘u berilgan. Ushbu hadisi sharifda ham ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkizgan kishiga Payg‘ambar (s.a.v.) bilan birgalikda jannatga kirish va'da qilinmoqda. Alloh taolo o‘shalardan bo‘lishni nasib etsin.

اتَّقُوا اللَّهَ وَاعْدِلُوا فِي أَوْلَادِكُمْ

“Alloh taolodan qo‘rqinglar va bolalaringizga adolat qilinglar” [4]

عن ابن عمر قال : إنما سماهم الله أبرارا ، لأنهم بروا الآباء والأبناء ، كما أن لوالدك عليك حقا ، كذلك لولدك عليك حق

Ibn Umardan rivoyat qilinadi ;Rasululloh (s.a.v)

“Alloh taolo Qur'oni karimda yaxshi bandalarni “abror” deb maqtadi, chunki ular otalariga yaxshilik qilganlaridek, bolalariga ham yaxshilik qilgan edilar. Sening bo‘yningda otangning haqqi bo‘lganidek, bolangning ham haqqi bor”, dedilar.[5]

عن ابن عباس، أنهم قالوا : يا رسول الله، قد علمنا حق الوالد على الولد، فما حق الولد على الوالد؟ قال : "أن يحسن اسمه، ويحسن أدبه"

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi  albatta ular, “Yo Rasululloh! Biz ota-onaning farzandi ustidagi haqqini bildik. Ammo farzandning ota-ona ustidagi  haqqi nimadan iborat?” dedilar. Payg‘ambarimiz (u zotga Allohning salomi bo‘lsin): “Unga chiroyli ism qo‘yib, go‘zal odob berish”, dedilar.[6]

“Islomda inson huquqlari” anjumani hujjatlaridan:

“Har bir bola dunyoga kelgan kunidan boshlab ota-onalari, jamiyat va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan zaruriy parvarish, ta'min, shuningdek, moddiy, gigiyenik va ma'naviy ko‘mak olish huquqiga ega. Bolaga ham, onasiga ham maxsus parvarish va yordam ko‘rsatish qonunchilikda belgilab qo‘yiladi” (7-modda).

“Islom bolaning asosiy manfaatlarini himoya qiladi, bolaga muhabbat, e'tibor ko‘rsatuvchi va xavfsizligini asrashni ta'minlovchi tabiiy muhit sifatida oilani muhofaza etadi” (8-modda).

“Bilim olishga intilish bolaga farz va majburiyat, ularga yetarli bilim berilishini ta'minlash esa jamiyat va davlatning bevosita vazifasi hisoblanadi. Davlat ta'lim olishning imkoniyat va vositalaridan foydalanishni ta'minlashi, kishilarga insoniyat baxt-saodati yo‘lida Islom dini va koinot ilmi bilan tanishish imkoniyatini berish uchun bilimlarning har tomonlama bo‘lishini kafolatlashi kerak”.

”Har bir kishi turli o‘quv yurtlarida ham diniy, ham dunyoviy bilim olish huquqiga ega. Har bir kishi turli ijtimoiy institutlar, shu jumladan, oila, maktab, universitet, ommaviy axborot vositalari va boshqalar rahbarligida shaxs sifatida har tomonlama shakllanish, Allohga imonini mustahkamlash, musulmonlarning huquq va majburiyatlari hurmat qilinishi va himoya etilishini ta'minlash huquqiga ega”. (9-modda).

Yusuf Qarzoviy, mashhur olim:

“Agar kimdir bolaning otasi emasligini bila turib, unga otalikni da'vo qilsa, unga jannat eshiklari yopilgandir”.

Yot bolani o‘zinikiday qilib ro‘yxatdan o‘tkazib asrab olishni Islom taqiqlashi sababi xususida Shayx bunday deydi:

“Islom bola asrab olishning bu usulini tabiiy tartib va asliyatni soxtalashtirish deb baholaydi”. Begona bolani oilaga a'zo qilib olish va unga mahram bo‘lmagan ayollar bilan uning yolg‘iz qolishiga yo‘l berish xatodir. Agar farzand asrab olishdan boshqa chora bo‘lmasa, asrab olingan bolaga uning haqiqiy ota-onasi kim ekanini albatta aytish va zehniga singdirish lozim. Aks holda, juda xunuk oqibatlar kelib chiqadi. Ya'ni, asrandi bola o‘zining asl ota-onasini bilmasa yoki bildirilmasa, katta bo‘lganida o‘zining aka-ukasi yo opa-singlisi bilan er-xotin bo‘lib qolishdek jirkanch ehtimollar yuz berishi mumkin. Alloh asrasin.

Mahmud Shaltut, Misrdagi “Al-Azhar” dorulfununining sobiq shayxi:

“Begona erkakning urug‘idan foydalanib sun'iy homila paydo qilish zino qatoriga qo‘shiladi. Ayolni o‘z eri urug‘i yordamida sun'iy homilador qilish nasl davomiyligining qonuniy usulidir”.

Hammod Abdullatif, taniqli olim: “Bola uchun mas'uliyatni his etish va qayg‘urish ham diniy ahamiyatga, ham ijtimoiy manfaatlarga birday taalluqli masaladir. Bolaning ota-onasi bor-yo‘qligidan, ularning soppa-sog‘ligi yoki og‘ir xastaligidan, nomi mashhurligi yoki noma'lumligidan qat'iy nazar, bolaga eng zarur yordam ko‘rsatilishi zarur. Bolaning farovonligi uchun mas'ul bo‘lgan kishilar, ular bolaning yaqinlari bo‘ladimi yoki vasiylik qiluvchilarmi — baribir, o‘z burchlarini bajarish uchun bor kuch-imkoniyatlarini ishga solishlari kerak. Agar bolaning yaqin qarindoshlari bo‘lmasa, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bu ish uchun maxsus tayinlangan mas'ullarning ham, oddiy fuqarolarning ham, xullas, butun musulmon jamiyatining umumiy majburiyatiga aylanadi”.

Muhammad Abdul Rauf, olim: YUNISEF bunday ayanchli ma'lumotlarni keltiradi: yer yuzida 2,6 million bola SPID xastaligi virusini tashuvchi sanaladi, bu xastalik 5 million bolaning otasi yoki onasining hayotiga zomin bo‘lgan. Yiliga bir million bola noqonuniy jinsiy buzuqliklar savdosining moliga aylanadi.

Islomga ko‘ra:

Bolalar huquqi ular tug‘ilgan kundan boshlab kuchga kiradi.

Qizlar va o‘g‘il bolalar ota-onalari tomonidan e'tibor va g‘amxo‘rlikda bab-baravar huquqlarga egadirlar. Ular tegishli oziq-ovqat, kiyim-kechak, sog‘liqni saqlash va ta'lim olishga haqlidirlar.

Qiz-o‘g‘illar baravar ilm olish huquqiga egadirlar. Qur'onning ilk nozil bo‘lgan oyati “O‘qi!” deb boshlangan. Payg‘ambar (u zotga Allohning salomi bo‘lsin) ilm olishni har bir muslim va muslimaga farz deganlar.

Agar ona boshqa erga tegsa va uning yangi eri yaqin qarindosh bo‘lmasa, bolalar otaning qarindoshlari tarbiyasiga beriladi.

Rashkdan chetlanish uchun birorta bola boshqalariga qaraganda ota-onasining ko‘proq imtiyoz va e'tiboriga sazovor bo‘lmasligi kerak.

Ota ham, ona ham bolani yaxshi tarbiyalashda, chiroyli xulq bilan unga namuna bo‘lishda baravar mas'uldirlar.

Bolalarni iqtisodiy jihatdan ekspluatatsiya qilish, korxona, dala-fermalarda ishlatish, xonadonlarda xizmatkor sifatida yollash Islom qoralagan ma'naviy jinoyat hisoblanadi. Bolaning sog‘lig‘i va xavfsizligiga rahna soladigan har qanday ish qattiq taqiqlanadi.

Bolalar dam olish va o‘ynash huquqiga ega. Ularni ruhiy va jismoniy tarbiyalash uchun ularga otda yurish, suzish, merganlik kabi sport turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etilgan.

Otalar, Qur'on hukmiga ko‘ra, farzandlarini meros olish huquqidan mahrum etolmaydilar.

Yosh bolalar ham kattalar kabi jinoyati o‘z tasdiqini topmagunicha aybsizlik huquqidan foydalanadi. Ular odil sudlov tekshiruviga va o‘z haqlarini himoya qilish huquqiga egadirlar. Ularni jismoniy, ruhiy qiynash va xo‘rlashning boshqa har qanday usullarini qo‘llash taqiqlanadi.

Agar ota yoki ona Islomga zid keladigan narsani talab qiladigan bo‘lsagina, bolalar ularga bo‘ysunmasligi mumkin.

Islomda inson huquqlari bolalar huquqidan boshlanadi, ular ma'naviy tavsiyalar bo‘lib qolmasdan, shariatda qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan.

Bola huquqi har bir fuqaro uchun ham, jamoa va jamiyat uchun ham majburiy dastur hisoblanadi. Bola uchun oila, fuqarolik jamiyati va hukumat mas'uldir.

[1] Shayx Abdulaziz Mansur Qur'oni Karim Ma'nolarining tarjimasi  273 b “Sharq” Toshkent 2001

[2] Buxoriy rivoyati

[3]  Musnadi Ahmad

[4] Muslim rivoyati

[5] Buxoriy. “Adabul mufrad”

[6] Bayhaqiy rivoyati

Najmiddin Hamzayev - Urgut tuman "G‘o‘s" jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 05/03/2020 13:45;   Ko‘rilganligi: 95
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/islom-shariatida-farzandga-munosabat-masalasi
Chop etilgan vaqti: 27/05/2020 16:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing