O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

ISLOM SHARIATIDA FARZAND ASRAB OLISH

 
 

Johiliyat davrida farzand asrab olish masalasi Qur'oni Karimning “Ahzob” surasida:

وَمَا جَعَلَ أَدْعِيَاءَكُمْ أَبْنَاءَكم  (  سورة الأحزاب-4)

“…va asrandi bolalaringizni sizga farzand qilgan emas[1]

deyilmoqda. Arablarda bola asrash, xususan o‘g‘il bolani asrab o‘ziga o‘g‘il qilib olish odati bor edi. Bu holat ayniqsa urushda asir tushganlarni o‘g‘il qilib olish borasida ko‘proq sodir bo‘lar edi. Johiliyat arablaridan har biri boshqa bir odamning o‘g‘lini o‘ziniki qilib olishi mumkin bo‘lib, bu holat juda keng tarqalgan edi. Bir odam birovning bolasiga “Sen mening o‘g‘limsan, men senga merosxo‘rman, sen menga merosxo‘rsan” desa va bola buni qabul qilsa ish bitdi hisob. Bola unga o‘z sulbidan bo‘lgan o‘g‘lidek bo‘lar, meros, nikoh, taloq va boshqa hukmlarda o‘z o‘g‘liga nima muomala qilinsa, asrandi bolaga ham shu muomala qilinar edi.

Alloh taolo irodasidagi hikmatga binoan Muhammad (s.a.v.) ham payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin arablar odati bo‘yicha Zayd ismli bolani asrandi o‘g‘il qilib olgan edilar. Bu voqeaning ham o‘ziga yarasha tarixi bor, ulamolarimiz bu qissani batafsil yozib qoldirishgan:

Zayd onasi bilan Toy qabilasidagi tog‘alarinikiga ziyoratga borganlarida ular ustiga arab qabilalaridan biri bostirib kelib qoladi, o‘shanda Zayd ham asirga tushganlar bilan birga Makkaga keltiriladi. Uni Xadicha binti Xuvaylid xonim sotib oladilar. U kishi Rasululloh (s.a.v.)ga turmushga chiqqanlaridan so‘ng, ul zotga Zaydning zakovati va yetukligi yoqib qolganligini mulohaza qilib hadya qiladilar. Zayd Rasululloh (s.a.v.)ning xizmatlarini qilib yuradi.

Zaydning otasi Horisa ibn Sharhabil o‘g‘li asirga tushganidan so‘ng uning firoqida kechayu-kunduz yig‘lar edi, uning haqida she'rlar aytar edi. Kunlarning birida Horisaga o‘g‘li Zayd Makkada Muhammad (s.a.v.) huzurida ekanligi xabari yetdi. Darhol ukasi bilan Makkaga kelib Hazrati Muhammad (s.a.v.)ni izlab topdi va:

“Ey Muhammad, albatta sizlar Baytullohning ahlisizlar, asirga tushganlarni ozod qilasizlar, asirga taom berasizlar. Mening o‘g‘lim sizning huzuringizda ekan, uni bizga bering, uning to‘lovi haqida bizga yaxshilik qiling. Albatta siz o‘z qavmining ulug‘i bo‘lgan zotning zurriyodisiz. Uning to‘loviga nimani istasangiz beramiz” dedi.

Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Men sizlarga bundan ham yaxshiroq narsani beraman” dedilar. Ular “U narsa nima?” deb so‘rashdi. U zot (a.s.):

“Huzuringizda uni o‘z ixtiyoriga qo‘yaman, agar u sizlarni ixtiyor qilsa uni to‘lov bermay olib ketaverasizlar, agar u meni tanlaydigan bo‘lsa, men o‘zimni ixtiyor qilgan kishi uchun to‘lov oladigan odam emasman” dedilar. Ular:

“Juda yaxshi qilasan, Alloh senga yaxshi mukofotlar bersin” deyishdi.

So‘ngra Rasululloh (s.a.v.) Zaydni chaqirib:

“Ey Zayd, anavilarni taniysanmi?” deb so‘radilar. U:

“Ha, bunisi otam, anavinisi amakim” dedi. Rasululloh (s.a.v.):

“Ey Zayd, bu otang, bu amaking, men o‘zing bilgan odamman, bizdan kimni xohlasang tanla” dedilar. Shunda Zaydning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi va:

“Men sizdan boshqa hech kimni hech qachon ixtiyor qilmayman. Siz men uchun ham ota, ham amaki o‘rnidasiz” dedi. Otasi bilan amakisi:

“Hoy Zayd, hurlikni qo‘yib qullikni tanlaysanmi?” deyishdi. Zayd ularga: “Albatta men bu odamdan shunchalar yaxshilik ko‘rdimki, endi undan ajray olmayman, men hech qachon undan boshqa odamni ixtiyor qila olmayman” dedi. So‘ngra Rasululloh (s.a.v.) odamlar huzuriga chiqdilar va:

“Guvoh bo‘linglar Zayd mening o‘g‘limdir, men unga merosxo‘rman va u ham menga merosxo‘r” dedilar.

Zaydning Muhammad (s.a.v.) huzurlarida qanchalik ikrom, e'zozga ega ekanligini ko‘rgan otasi va amakisi ko‘ngillari taskin topib ortga qaytdilar. Qur'oni Karim oyatlari tushib asrandi o‘g‘il bekor qilinguncha “Zayd ibn Muhammad” deb chaqirilib yurdi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Zayd ibn Horisani avval aytilganidek Alloh taolo iroda qilgan bir hikmat bilan asrandi o‘g‘il qilib olganlarini yodimizda tutaylikda yana johiliyat ahlining boshqa birovning bolasini o‘ziga farzand qilib olishdek noma'qul odatiga qaytaylik. Alloh taolo ushbu oyat bilan bu odatning botil ekanini bayon qildi.

E'tibor beradigan bo‘lsak, Alloh taolo birovning bolasini boshqa odam o‘ziga farzand qilib olish odatini bekor qilmoqda.

Alloh asrandi farzandlar haqida quyidagi yo‘lni ko‘rsatadi:

ادْعُوهُمْ لِآَبَائِهِمْ هُوَ أَقْسَطُ عِنْدَ اللَّهِ فَإِنْ لَمْ تَعْلَمُوا آَبَاءَهُمْ فَإِخْوَانُكُمْ فِي الدِّينِ وَمَوَالِيكُمْ وَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ فِيمَا أَخْطَأْتُمْ بِهِ وَلَكِنْ مَا تَعَمَّدَتْ قُلُوبُكُمْ وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَحِيمًا (5)  ( سورة الأحزاب)

Ularni o‘z otalari nomi bilan chaqiringlar. Ana shu, Allohning nazdida to‘g‘ridir. Agar otalarini bilmasangiz, ular sizning din qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir. Bilmasdan qilgan xato narsangiz uchun sizga gunoh yo‘q. Ammo dildan qasd qilgan bo‘lsangiz, Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zot[2].

Bu oyatlar nozil bo‘lguncha, odamlar birovning bolasini o‘g‘il qilib olib yurganlar. Insonlar jamiyatdagi mavjud tushuncha, urf-odatlar bilan ish tutishgan. Endi esa, oyat nozil bo‘lib, bu odatni botil qildi. O‘z-o‘zidan, odamlarda: nima qilish kerak, avval asrab olingan farzand xususida nima qilamiz, oldingi ishlarimiz uchun ham javob beramizmi, kabi savollar paydo bo‘ldi. Ushbu oyati karima ana shu savollarga javob bermoqda. “Ularni o‘z otalari nomi bilan chaqiringlar. Ana shu, Allohning nazdida to‘g‘ridir.[3]

Ya'ni, asrab olingan farzandlarni asrab olgan odamning nomi bilan emas, o‘zining haqiqiy otasining nomi bilan chaqiringlar.

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar o‘z kitoblarida Hazrati Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا

أَنَّ زَيْدَ بْنَ حَارِثَةَ مَوْلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا كُنَّا نَدْعُوهُ إِلَّا زَيْدَ بْنَ مُحَمَّدٍ حَتَّى نَزَلَ الْقُرْآنُ

{ ادْعُوهُمْ لِآبَائِهِمْ هُوَ أَقْسَطُ عِنْدَ اللَّهِ }

 “Rasulullohning “mavlo” – ya'ni do‘stlari Zayd ibn Horisani Zayd ibn Muhammad deb chaqirar edik. Qur'oni Karimni “Ularni o‘z otalari nomi bilan chaqiringlar, ana shu Allohning nazdida to‘g‘ridir” oyati nozil bo‘lganidan keyin Rasululloh (s.a.v.) Zaydga “Sen Zayd ibn Horisa ibn Sharhabilsan” dedilar.

Agar otalarini bilmasangiz, ular sizning din qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir”.

Mabodo asrab olingan bolaning haqiqiy otasi kim ekanligi ma'lum bo‘lmasa “Ular sizga islom dini bo‘yicha qardosh bo‘ladilar. “Din qardoshim” deb murojaat qilinglar, yoki mavlo-do‘stlaring bo‘ladilar, “ey do‘stim” deb murojaat qilinglar. Ammo zinhor “o‘g‘lim, farzandim” deb murojaat qilmanglar.

Ushbu oyatlar tushguncha birovning bolasini “o‘z farzandim” deb unga o‘z sulbidan bo‘lgan farzandiga qilgan muomalani qilib yurganlar bu haqidagi ilohiy hukmni bilmagan edilar.

“Bilmasdan qilgan xato narsangiz uchun sizga gunoh yo‘q”.

Shuning uchun bu oyatlar tushgunicha qilgan ishlaringizni o‘ylab, xijolat bo‘lmang, endi hukmni bildingiz unga amal qilishga o‘ting.

Ammo o‘sha ishni bilmasdan emas, bilib turib qilgan bo‘lsangiz, gunohga qolasiz. Birovning bolasini “o‘z bolam” deb da'vo qilish gunoh ekanligini bilib turib shu ishni qilsangiz gunoh bo‘ladi.

“Alloh o‘ta mag‘firatli, o‘ta rahmli Zotdir”.

Bilmay qilingan xatolarni kechiradi va O‘zi to‘g‘ri yo‘lni lutf bilan ko‘rsatadi. Dilingizdan qasd qilgan bo‘lsangiz ham, tavba qilsangiz Alloh mag‘firatli va rahmlidir, kechiradi. Ya'ni bilmasdan qilingan xato uchun Alloh sizni gunohkor qilmaydi. Ammo qasddan qilgan gunohingizdan ham qaytishga yo‘l bor.

Ushbu oyati karima hukmiga binoan, birov begona bolani o‘z nomiga o‘tkazib olishi, uni “o‘z bolam” deyishi haromdir. Shuningdek, birovni “otam” deb tanlashi ham katta gunohdir.

Islom shariatida farzand asrab olishga bo‘lgan munosabat

عَنْ سَعْدٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَنْ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ وَهُوَ يَعْلَمُ أَنَّهُ غَيْرُ أَبِيهِ فَالْجَنَّةُ عَلَيْهِ حَرَامٌ

Sa'd (r.a)dan rivoyat qilinadi .U kishi men

Rasululloh (s.a.v)ning “Kim o‘zi bilib turib otasidan boshqaning bolasiman deb da'vo qilsa, unga jannat haromdir” deganlarini eshitdim dedilar.

Chunki islom ko‘zda tutgan besh katta masaladan biri inson naslini muhofaza qilishdir. Shuning uchun ham nikoh, taloq, idda va shunga o‘xshash ko‘plab hukmlar joriy qilingan. Hamma narsa inson naslining toza, pok, ochiq-oydin bo‘lishiga qaratilgan. Agar shunday qilinmasa harom va halol aralashib ota bolasini, bola otasini, ona qizini, qiz onasini, aka singlisini, singil akasini tanimaydigan bo‘lib ketadi, insoniyat halokatga uchraydi. Nasli begona bo‘lgan bolani o‘z naslidan bo‘lgan bolalari qatoriga qo‘shish bilan ko‘pgina harom-harish ishlar yuzaga chiqadi. Mahramlik, nomahramlik qoidalari buziladi. Bir kuni kelib ota o‘z qiziga yoki aka o‘z singlisiga uylanib qolishi mumkin. Meros masalasida va boshqa ko‘pgina masalalarda o‘nglab bo‘lmas xatolar vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun ham islomda bu ish harom qilingan.

Ammo bu degani yetim bolani, qiyinchilikda qolgan oilaning bolasini boqib qarash, tarbiya qilish mumkin emas degani emas. Aksincha bunday qilinsa juda ham savob bo‘ladi, bu ishlarni qilish kerak, lekin bolani o‘z bolasidek nomiga o‘tkazib olib emas balki u aslida kimning farzandi bo‘lsa o‘shaning nomida qoldirib, shariat hukmiga muvofiq qilish kerak.

Islom oilani mustahkamlashga katta e'tibor bergan, oila doimo pok, mustahkam bo‘lishi, shariat hukmiga binoan yashashi uchun barcha choralarni ko‘rgan, chunki oilalar pok bo‘lmagunicha jamiyat poklanmaydi, oilalar mustahkam bo‘lmagunicha jamiyat mutsahkam bo‘lmaydi. Jamiyatda e'tiqodli insonlarning ko‘payishi, oilada hamiyatning ustun qo‘yilishi oqibatida yuzaga keladi. Ha, mashoyixlar aytgani singari oila  barcha xayrli amallarning bo‘sag‘asidir.

Islomning bola tarbiyasiga bergan ahamiyatini qancha gapirsak shuncha oz. Shu o‘rinda bir narsaga ishora qilishni lozim, deb o‘ylayman. Ma'lumki, dinimizda jonli narsalarning haykallari harom qilingan, ayniqsa uylarga surat osish, odam yoki hayvon shaklidagi narsalarni qo‘yish man' etiladi. Ammo tarbiyaga bo‘lgan ulkan e'tibor tufayli qizlarga qo‘g‘irchoq o‘ynashga ruxsat berilgan. Chunki ular kelajakda ona bo‘ladilar...

Farzand – Alloh bergan ulug‘ ne'mat. Ota-ona bu ne'matga shukr qilishlari lozim. Shukrning asosiysi – farzandni ne'mat beruvchi zot bo‘lmish Allohning roziligini qozontiradigan qilib tarbiyalashdir. Tarbiya esa, emizishdan boshlanadi. Bu ishda ota-onaning kelishmovchiliklari, oralarining buzilishi uzr bo‘la olmaydi. Kattalarning janjali tufayli murg‘ak go‘dak zarar tortmasligi, unga Alloh bergan haq-huquqlar poymol qilinmasligi kerak. Go‘dakning haqlaridan biri va onalarning eng mo‘tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dak jismi va ruhining o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rivojlanishiga ham ona suti zarur ozuqa hisoblanadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Bu Qur'oniy haqiqatni adashgan insoniyat bir ming to‘rt yuz yildan keyin tushunib yetdi. Hozirgi paytda ilmiy tekshirishlardan so‘ng, go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning suti va uning to‘liq ikki yil emizish kerak, degan gapni aytishmoqda. Musulmonlarga Allohning O‘zi buni Qur'oni Karimda aytib qo‘ygan.

 وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ

سورة البقرة  (233)

Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizurlar[4].

Onalar farzandlarini ikki yil emizar ekanlar, albatta, otalariga ham o‘ziga yarasha vazifa yuklagan. Ular: onasi bilan ajralib ketganman, deb o‘zini chetga olib turishga haqlari yo‘q, balki:

وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوف  سورة البقرة  (233)          

Ularni yaxshilab yedirib, keyintirish otaning zimmasidadir[5].

Bu ishni yaxshilab ado qilish kerak, nomiga emas. Ammo haddan ham oshmaslik kerak..Zero

 لَا تُكَلَّفُ نَفْسٌ إِلَّا وُسْعَهَا سورة البقرة  (233)

Hech bir jonga imkondan tashqari taklif bo‘lmas[6].

Ya'ni, bu nafaqa ishida ham, otaning iqtisodiy holiga qaraladi. Uning imkonidan tashqari, ortiqcha taklif qilinmaydi. Demak, ona bolani emizsin, ota uni boqib, kiyintirsin, hammasi imkoniga yarasha bo‘lsin:

Onaning bolasi sababidan zarar tortishi – er tomonidan unga yemoq-ichmoq va kiyinmoqqa nafaqa bermasligi yoki oz berishi, shuningdek, emizishga qo‘ymasdan bolani undan tortib olish kabi ishlarni qilishi mumkin emas. Bolasi sababidan otaning zarar ko‘rishiga onaning qo‘polligi, haddan tashqari ko‘p nafaqa so‘rashi, bola sababli turli yomonliklar qilishi kiradi.

وَلَا تَقْتُلُوا أَوْلَادَكُمْ خَشْيَةَ إِمْلَاقٍ نَحْنُ نَرْزُقُهُمْ وَإِيَّاكُمْ إِنَّ قَتْلَهُمْ كَانَ خِطْئًا كَبِيرًا  سورة الإسراء(31)

Bolalaringizni faqirlikdan  qo‘rqib o‘ldirmang. Biz ularni  ham, sizlarni  ham rizqlantirarmiz. Ularni o‘ldirish,  katta xatodir[7].

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 544 bet. “Sharq”, Toshkent 2008

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 546 bet. “Sharq”, Toshkent 2008

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 546 bet. “Sharq”, Toshkent 2008

[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz, 234 b. “Sharq”, Toshkent 2008

[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz, 234 b. “Sharq”, Toshkent 2008

[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz, 234 b. “Sharq”, Toshkent 2008

[7] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 3-juz, 416 b. “Sharq”, Toshkent 2008

Najmiddin Hamzayev - Urgut tuman "G‘o‘s" jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 04/03/2020 15:28;   Ko‘rilganligi: 4401
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/family/islom-shariatida-farzand-asrab-olish
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 11:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing