O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Eslatma...

 
 

Aziz dindoshim, "Oydin kechalar"ning kunduzlaridagi ro‘zani g‘animat biling!

1441- hijriy yil, Jumod ul-avval oyining 13-, 14-, 15-kunlari 2020- yilning 8-, 9- va 10-  yanvar (chorshanba,payshanba va Jum'a) kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu kunlar hijriy-qamariy oyning 13-, 14-, 15-kunlari bo‘lib, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam shu kunlarda ro‘za tutishga targ‘ib qilardilar.

عَبْدُ الْمَلِكِ بن منهال عَنْ أَبِيهِ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ " يَأْمُرُ بِهَذِهِ الْأَيَّامِ الثَّلَاثِةِ الْبِيضِ وَيَقُولُ: "هُنَّ صِيَامُ الشَّهْرِ"

Abdulmalik ibn Minhol otasidan rivoyat qiladi: "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam mana shu uch oydin kechalarning kunduzida ro‘za tutishga buyurardilar va "Bular to‘la bir oy ro‘za tutish(ga teng)", derdilar". Nasoiy (rivoyati). Hasan hadis.

عَنْ أَبِي ذَرٍّ، قَالَ: " أَمَرَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ نَصُومَ مِنَ الشَّهْرِ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ الْبِيضَ: ثَلَاثَ عَشْرَةَ، وَأَرْبَعَ عَشْرَةَ، وَخَمْسَ عَشْرَةَ "

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam har oydan uch oydin kechaning kunduzlarida: o‘n uch, o‘n to‘rt va o‘n beshinchi kunlari ro‘za tutishimizga buyurdilar". Nasoiy (riaoyati). Hasan hadis.

Imom Buxoriy "Oydin kechalarning kunduzlari – 13, 14, 15-sida ro‘za tutish haqidagi bob", deganlaridan so‘ng quyidagi Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirganlar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ أَوْصَانِي خَلِيلِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِثَلاثٍ صِيَامِ ثَلاثَةِ أَيَّامٍ مِنْ كُلِّ شَهْرٍ وَرَكْعَتَيْ الضُّحَى وَأَنْ أُوتِرَ قَبْلَ أَنْ أَنَامَ. متفق عليه

Abu Hurayra roziyallohu anhu dedilar: "Xalilim sollallohu alayhi va sallam har oyda uch kun ro‘za tutishni, (kunda) ikki rak'at choshgoh  hamda uxlashdan avval vitr namozini o‘qishni menga vasiyat qildilar". Muttafaqun alayh. Buxoriy va Muslim (rivoyati).

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرو بْنِ الْعَاصِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "وَ صُمْ مِنَ الشَّهْرِ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ، فَإِنَّ الْحَسَنَةَ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، وَ ذَلِكَ مِثْلُ صِيَامِ الدَّهْرِ". متفق عليه

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "(Har) oydan uch kun ro‘za tut. Chunki bir yaxshilik o‘n barobar (qilib beriladi). Va bu umrbod ro‘za tutish(ga teng)dir". Muttafaqun alayh. Buxoriy va Muslim (rivoyati).

 Jahongirxon Abrorov O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 07/01/2020 21:27;   Ko‘rilganligi: 1594
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eslatma
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 04:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing