O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

SUV – HYOYOT MANBAI, UNI ISROF ETISH ESA OG‘IR GUNOH

 
 

Alloh taolo butun insoniyatga sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ne'matlar ato etib, ularni berilgan ne'matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda Qur'oni karimda: “… yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”.[1] deb insoniyatni isrofdan qat'iy buyruq bilan qaytargan.

Hadisi sharifda ham: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga berilmanglar” deb marhamat qilingan. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanish e'tibordan chetda qolmoqda.

Kundalik hayotimizda ba'zi hollarda turli isrofgarchiliklarga guvoh bo‘lamiz. Ana shunday holatlardan biri suv bilan bog‘liq isrofgarchilikdir. Ayniqsa, kunlar isib, suvga ehtiyoj ortgan vaqtda ichimlik suvining isrof qilinishi inson dilini og‘ritadi. Barchamiz suvni hayotimiz uchun eng muhim ne'mat ekanini yaxshi bilamiz. Ammo, uni tejashga kelganda hammamiz ham bir xil munosabatda bo‘lmaymiz. Hayotimiz uchun eng zarur ne'mat bo‘lgan suvning isrofi dinimizda juda qattiq qoralangan.

Darhaqiqat, isrofning gunohi va uning so‘rovi og‘ir, suvni isrof qilishning gunohi esa isroflar ichida eng og‘iridir. Chunki, ushbu ne'mat isrofi oqibatidan juda katta zararlar kelib chiqishi mumkin. Hatto, uning zamirida jonga shikast yetkazishdek salbiy holatlar yotadi. Bir inson suvni o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlatishi oqibatida zarar ko‘rgan boshqa jon egasi va suvsizlikdan qurigan har qanday giyoh uchun isrofga yo‘l qo‘yayotgan javobgardir.

Shu sababli dinimizda “Ariq bo‘yida tahorat qilmoqchi bo‘lsang ham suvni bir idishga olib so‘ng undan tejab tahorat qilgin”, deb mutlaq o‘rinda suv ozmi, ko‘pmi, ehtiyoj kuchlimi kuchsizmi farqi yo‘q, har qanday holatda suvni isrof qilishdan saqlanishga buyurilgan. Shuning uchun ota-bobolarimiz suvni isrof qilishdan nihoyata ehtiyot bo‘lishgan, hatto, suvga tupurishdan ham saqlanishgan. Chunki, ular bu ishning gunohi qanchalik og‘irligini, suvni tejash va birovga ulashishning savobi juda ulkan ekanligini yaxshi bilishgan.

Hozirda ba'zi hollarda toza ichimlik suvi bilan ekinlar sug‘orilayotgani, avtomashinalar yuvilayotgani, salqinlatish uchun hovlilarga, ko‘chalarga sepilayotgani haqida eshitmoqdamiz, ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz. Suv yetimovchiligi globallashib borayotgan bugungi davrda, bilib turib ham o‘zimizga xulosa qilishni ep ko‘rmayotgandekmiz. Suvni tejab ishlatish haqida so‘z ochsang, ehtiyojimga yarasha ishlatayaman degan javobni berishadi. Aslida, suvni ehtiyojdan ko‘ra ko‘proq ishlatayotganimizni tan olgimiz kelmaydi.

Hovli joylarni salqinlatish maqsadida, avtomashinalar yuvish, hattoki iste'mol qilyotganimizda va ekinzorlarni sug‘orayotganimizda ham suvdan tejamkorlik bilan foydalanishimiz lozim. Ana shunday pallada dunyoning ayrim mintaqa va mamlakatlarida suvsizlikdan aziyat chekayotgan insonlar, hayvonot va nabodot olamini ko‘z oldimizga keltirsak va undan xulosa qilsak, ushbu ne'matning naqadar qadrli ekanini tushunib yetamiz.

Har bir qimirlagan jon borki, uning hayoti suv bilandir. Yoz fasli kelishi bilan mahallalarda ba'zi hollarda o‘zidan keyingilarga suv o‘tkazmay tomorqasini zaxlatib sug‘oradiganlar, hovlisini salqinlatadiganlar haqida gaplar urchiy boshlaydi. Ana shunday insonlar bilishlari lozim, suv yetishmovchiligidan joniga ozor yetgan har bir jonzot hayoti uchun sababchi bo‘lgan kishi oxiratda qattiq savol-javob qilinadi. Suv yetishmovchiligidan xalq orasida janjal yuzaga kelsa, unga sababchi bo‘lganlarning gunohi yanada og‘irlashadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deydilar: “Bir fohisha ayol cho‘lda quduq yonida hansirab suvsizlikdan o‘lar holga kelgan it yonidan o‘tib qoldi. Unga rahmi kelib oyoq kiyimini yechib, uni ro‘moliga bog‘lab quduqdan suv tortib olib uni sug‘ordi. Alloh taolo uning mana shu ishi uchun gunohlarini kechirdi”.[2]

Suv berib bir jonni hayotini saqlab qolgani uchun fohishaning gunohini kechirib yuborgan Alloh taolo maxluqotlarini suvdan mahrum qilayotgan kishini qanday azoblarga giriftor qilishi mumkinligi haqida xulosa qilish lozim. Faqat o‘zini o‘ylab suvni isrof qilib, boshqalarni undan mahrum qilayotgan kishi, garchi u juda ibodatli bo‘lsa ham, Alloh taoloning maxluqotlariga rahm shafqat qilmay, ularni suvdan mahrum qilgani uchun oxiratda Uning rahmatidan quruq qoladi.

Ilm ahli suvni tejab ishlatish lozimligi, uning naqadar qadrli ne'mat ekani va isrofga yo‘l qo‘ymaslik haqida, mahalla-ko‘y, yoshlar o‘rtasida tushuntirish berishdan o‘zlarini olib qochmasliklari lozim. Toki ular bilishsin va suvni ehtiyojdan tashqari ishlatmasdan, uning qadriga yetsinlar.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] A'rof, 31.
[2] Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. 3321-hadis.

Kiritilgan vaqti: 04/06/2020 10:49;   Ko‘rilganligi: 4343
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/suv-hayot-manbai-uni-isrof-etish-esa-ogir-gunoh
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing