O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Kamtarga kamol, manmanga zavol

 
 

Alloh taolo borlikdagi turli-tuman mavjudotlarni bir-biridan farqli qilib yaratgan Zot. Ana o‘sha Zot o‘zining kalomi sharifida odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratganining xabarini berib shunday marhamat qiladi:

“Batahqiq, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik…” (Isro, 70).

Avvalo insonning yaratilish surati, shakl-shamoili, ko‘rinishiga ibrat ila nazar solsak, unga berilgan go‘zallik, mutanosiblik boshqa maxluqotlarda yo‘q ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, Alloh taolo insonni aql va zabon, xulqu-atvor ila mukarram qilib qo‘ydi. Alloh taolo odamlar ichidan payg‘ambarlarni tanlab olib, ularga vahiy tushirdi, ilohiy kitoblar nozil etdi, shariat hukmlarini yuborib, oxirgi indirgan kitobida Batahqiq, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik… deb e'lon qilishining o‘zi ham inson zotini faqat shukr qilib, Buyuk Allohga va Rasuliga go‘zal itoat ila hayot kechirishga undaydi.

Azizlar, har birimiz Alloh O‘z ne'matlari bilan bizni aziz etgan dinu-shariat, Qur'oni karim va suyukli Payg‘ambarimizning sunnatlari ila ma'rifatlanib, tafakkur qiladigan bo‘lsak, inson uchun Allohning bizga yuborgan dinidan tashqarida bo‘lgan barcha ishlar Allohga isyon ekanligini anglaymiz. Jumladan, kibr, manmanlik, zo‘ravonlik, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish dinimizda gunohi kabiralardan hisoblanadi. Mo‘min-musulmon inson Alloh va Rasuli qaytargan barcha amallarrdan saqlanmog‘i lozim. Aslida ham mo‘min  “iymon”, “omon" so‘zlari negizidir, ya'ni, iymon keltirgan mo‘min kishi eng avvalo Alloh va Rasuli qaytargan va yomon ko‘rgan amallar va odatlardan omonda bo‘lmog‘iga dalolat qiladi. Azizlar, Allohga iymon keltirish borligimizcha taslim bo‘lish, yaxshilik va yomonlikni ajratish, U Zotga itoat esa aslida kamtarlikdir. Mutakabbirlarni esa Alloh sevmasligini O‘z Kalomida  bayon qilgan:

“…Albatta, U mutakabbirlarni sevmagay” (Nahl surasi, 23-oyat).

Inson Alloh rizosi uchun kamtarlik qilsa, uning darajasini Alloh ko‘tarib qo‘yadi.

Rivoyat qilurlarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkai Muakarramadan hijrat qilib Madinai Munavvaraga yetganlarida, Madinaning a'yonlari ul hazratning istiqbollariga chiqdilar. Har biri tuyaning arqonini tutib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni o‘z uyiga olib borishni orzu qilardi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tuyaning ixtiyori o‘zida, u qayerga borsa, mening manzilim o‘sha yerda bo‘ladi” - dedilar. Tuya borayotganda har kim o‘zicha xursand bo‘lib, tuya menikiga borsa kerak deb o‘ylardi. Ular orasida Abu Ayyub Ansoriy (r.a.) kambag‘al bo‘lib, hech narsasi yo‘q edi. “Shuncha boy va mashhur odamlar turganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hazratlari mening uyimga borarmidilar?”- deb o‘ylardi. Jabroil (a.s.) shu vaqtda hozir bo‘lib dedilar: “Yo, Rasulalloh, Abu Ayyub manzilini muborak qadamingiz nuri bilan munavvar qiling, chunki Alloh  subhanahu va taolo uning kamtarligi va mutavozeligi uchun manzilini Sizga qarorgoh etdi”.

Inson qanchalik ma'rifat ila kamtarlik qilsa Alloh uning darajasini ikki dunyoda ziyoda qiladi.  Alloh taolo bizni kibrlanish uchun emas, balki O‘ziga, Payg‘ambar alayhissalomga itoat qilish uchun yaratgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim menga itoat qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi. Kimki menga osiylik qilsa, batahqiq Allohga osiylik qilibdi. Kimki amirga itoat qilsa, batahqiq menga itoat qilibdi. Kim amirga osiylik qilsa, batahqiq menga osiylik qilibdi”, dedilar.

Muttafaqun alayh.

Notavon bo‘lmasdan burun tavoze ko‘rsatganlar, gunohkor bo‘lmasdan burun haloldan topib muhtojlarga yordam berganlar, yo‘qsillar va holi zabunlarga ko‘maklashganlar naqadar baxtlidirlar!... Naqadar baxtiyordir fiqh va hikmat ahli bilan yoronlik qilganlar! Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ey odamlar! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas hayoti dunyo sizni g‘ururga ketkazmasin. O‘ta g‘ururga ketkazguvchi sizni Alloh ila g‘ururga ketkazmasin” (Fotir, 5-oyat).

Inson yaratilishli ila eng avval sodir bo‘lgan gunoh ham kibr edi, uni shaytoni lain Allohga itoat etmay, Alloh taoloning g‘azabiga loyiq bo‘lishiga erishgan edi. Biz ummat suyukli payg‘ambarimiz hulqlari  bilan xulqlansak,  bizning saodatimiz shudir. Zero, Rasulullohning  xulqlari Qur'on edilar: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam , 4-oyat).

Alloh barchamizni O‘zining solih kamtarin, O‘ziga go‘zal itoatda, bandalariga nisbatan mehrli, muruvvatli bandalardan bo‘lishimizni nasib aylasin.

Husniddin MINGLIBOYEV  - Narpay tumanXo‘jakarzon” jome masjidi imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 23/12/2019 12:52;   Ko‘rilganligi: 6051
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/kamtarga-kamol-manmanga-zavol
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 02:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing