O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Imom al-Moturidiy - Hidoyat imomi

 
 

Ahli sunna val-jamoa aqidasini Islom olamida nashr qilgan asosiy ustozlar bu ikki zabardast imom — Imom Ash'ariy va Vatandoshimiz Imom Moturidiy hisoblanadi. O‘z davrining bemisl olimlari hisoblangan bu ustozlarning ikkisi ham, hazrat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tarafidan maqtab o‘tilgan uch asrga mansub baxtli insonlar qatorida bo‘lganlar.

Mamlakatimizda Moturidiy merosini o‘rganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000 yilda Moturidiy tavalludining 1130 yilligi O‘zbekistonda keng nishonlandi. Prezident I.Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga majmua bunyod etildi. Toshkent va Samarqandda Moturidiy ta'limoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi. Moturidiy merosini o‘rgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. 2001 yilda Germaniyalik professor Ulrix Rudolf qalamiga mansub “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” kitobi o‘zbek tilida nashr etildi.

2002 yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy o‘quv yurtlarining talabalari va o‘rta maktablarning yuqori sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz Moturidiy merosi bilan o‘z ona tilida tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Ammo uning ilmiy-diniy merosi hali yetarli darajada o‘rganilgani yo‘q. Asarlaridan barkamol avlod tarbiyasida yetarli darajada foydalanilayapti, deya olmaymiz. Qolaversa, ulug‘ ajdodimiz merosidan butun islom olamini keng bahramand etishga ehtiyoj ham katta.

Bu esa Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanni o‘tkazish uchun asos bo‘ldi.

         Konferensiya 3-5 mart kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Unda islom olamining yetuk olimlari, taniqli ekspertlar ishtirok etishi kutilyapti.

         Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy (257-333/870-945) rahmatullohi alayhi Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida taxminan 257/870 yilda tavallud topganlar. Vafot yili esa barcha manbalarda bir xil ko‘rsatiladi, ya'ni, alloma 333/945 yilda vafot etganlar.

Abu Mansur al-Moturidiy rahimahulloh o‘zlarining kalom maktabini Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohning kalom yo‘nalishi asosida ishlab chiqqanlar hamda ahli sunnat va jamoat aqoidining asosiy ikki yo‘nalishidan birining buyuk ustozi bo‘lib qoldilar. Abu Mansur al-Moturidiy rahimahullohning ahli sunnat va jamoat aqoidining sof islomiy aqidasi ilmiga qo‘shgan hissasini e'tiborga olib zamondoshlari va keyingi zamonlar ahli uni “Imom al-hudo” (Hidoyatga eltuvchi imom), “Qudvatu ahl as-sunna” (Ahli sunna peshvosi), “Musahhihu aqoyid al-muslimin” (Musulmonlar aqidasini isloh etuvchi), “Imom al-mutakallimin” (Kalom ilmi egalarining imomi), “Rabibu ahl as-sunna” (Ahli sunna va jamoat tarbiyasini olgan zot) kabi ilmiy unvonlar bilan ataganlar.

Imom al-Moturidiy rahimahullohning o‘ndan ortiq asarlari sof islomiy ta'limotga da'vat qilganligi bilan juda ahamiyatlidir, xususan, ulardan ikkitasi muhim. Ulardan birinchisi Qur'on tafsiriga oid bo‘lib, “Ta'vilot al-Qur'on”  deb ataladi. Yana u “Ta'vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) nomi bilan 12 (o‘n ikki) jildlik qilib nashr qilingan. Uning ahli sunnat va jamoat aqoidining asosini tashkil qiluvchi asari “Kitob at-tavhid” (“Allohning yagonaligini isbotlash kitobi”) deb nomlangan. Mazkur “Kitob at-tavhid” asari yirik hajmli, o‘zida ahli sunnat va jamoat aqoidining murakkab masalalarini mufassal ravishda qamrab olgani bois, uni qisqartirilib, “Risolat at-Tavhid” (“Tavhid risolasi”) asari yaratilgan. Bu asar “Risolat at-Tavhid”da keltirilgan masalalar ahli sunnat va jamoatning moturidiya yo‘nalishini belgilab beradi. Mazkur risola bilan tanishishning o‘zi, to‘la bo‘lmasa-da, “Kitob at-tavhid” mazmunidan xabardor bo‘lishni ta'minlaydi. Ushbu sof islomiy aqidalar bilan tanishish bugungi kun uchun ham ahamiyatlidir.

 Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyat vakili (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 03/02/2020 15:59;   Ko‘rilganligi: 1895
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/imom-al-moturidiy-hidoyat-imomi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 04:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing