O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ilm olish uchun dastlabki qadamlar

 
 

Hamma narsaning avvali bo‘lganidek, ilmning avvali go‘zal niyatdir. Kishi olmoqchi bo‘lgan ilmi bilan elu-yurtga xizmat qilishni, ota-onasi, yaqinlari, qolaversa butun xalqning koriga yarashni niyat qilmog‘i lozim.

Hadisi sharifda “Amallar faqatgina niyatlar bilan e'tiborlidir va har bir kishi uchun uning  niyat qilgan narsasigina beriladi”, (Imom Buxoriy rivoyati) deyilgan. Shunga binoan, ilmga kirishishni niyat qilgan kishi birinchi o‘rinda chiroyli niyat qilishi, mansabga erishish, obro‘-e'tibor topish, faqat dunyo hoyu-havasi, nafs istaklari singari maqsadlardan yiroqda bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda bobomiz Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlarining shogirdlariga nasihat tariqasida aytgan ushbu she'rlarini keltirishimiz o‘rinlidir:

Ilmni kim vositai joh[1] etar,

O‘zini-yu xalqni gumroh etar.

Olim agar joh uchun o‘lsa zalil[2],

Ilmi aning jahliga[3] bo‘lgay dalil.

Misralarning ma'nosi shuki, kimki ilmni molu davlat orttirish uchun vosita qilgan bo‘lsa, o‘zini ham xalqni ham adashtiradi. Olim kishi agar molu-dunyo uchun o‘zini xor qilsa, bu uning aslida ilmsiz, johilligiga dalolatdir.

Ilmga yetishning keyingi bosqichi to‘g‘ri yo‘nalish tanlashdir. Birinchi galda ma'naviyatni boyitadigan, imon-e'tiqodni mustahkamlaydigan ilmlarni tanlash, yillar davomida manfaatli ekani isbotlangan, tarixi chuqur ildiz otgan, mustahkam manbaalarga tayangan ilmlarni olishga intilish lozim.

Ilm yo‘lidagi yana bir muhim bosqich ustoz tanlashdir. Bu borada quyidagilarga ahamiyat qilish kerak:

  • Ilmliroq, ya'ni boshqalarga nisbatan ilmi ziyodaroq;
  • Yuksak ma'naviyatli va go‘zal odobli;
  • Yoshi nisbatan ulug‘roq va ko‘proq tajribaga ega kishilarni ustozlikka ixtiyor qilmoq lozim.

Shu o‘rinda mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayhning ushbu so‘zlariga e'tiborimizni qaratamiz. U kishi ustozlari Hammod ibn Sulaymonni ko‘p fikr va taammul yuritganlaridan keyin tanlagan ekan. Bu haqda u kishining o‘zi shunday deydi: “Men u kishini ulug‘, mo‘ysafid, salobatu-viqorli, yumshoq ko‘ngil, xushmuomala, sabru matonatli ko‘rdim. Shuning uchun u zotning huzurida qoldim, mustahkam va sobit turdim. Natijada ustozimning fayzu barokotlari bilan o‘sdim, yetuklik pillapoyalarida ildam qadam tashladim”.

Ilmga qadam qo‘yishda navbatdagi bosqich maslakdoshlar tanlashdir. Ya'ni, ilm yo‘lida atrofdagi do‘stlarimiz bizning fe'l-atvorimizga ta'sir qilishi e'tiboridan, ularni tanlashda juda ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutish kerak. Yonimizdagi do‘stimiz, hamxonamiz, hamdarsimiz bizning xulqimizga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi, yomon xulq bilan ziyon yetkazmasligiga e'tibor qaratish lozimdir.

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Yaxshi suhbatdosh bilan yomon suhbatdosh xuddi atir sotuvchi bilan temirchining dam uradigan bosqoniga o‘xshaydi. Atir sotuvchining yonida o‘tirsang yo atiridan senga hadya qiladi yoki sen o‘zing undan atir sotib olasan yoxud atrining xushbo‘y hidini his etasan. Temirchining bosqoni esa yo kiyimingni kuydiradi yoki undagi badbo‘y hidni his etasan”. Muttafaqun alayh.

Hadisdan shuni tushunib olamizki, ikki suhbatdosh o‘zaro fikr almashish oqibatida bir birlariga yaxshi so‘zlar, hayotlari uchun manfaatli so‘zlarni aytishadi. Bu   “sen o‘zing undan atir sotib olasan” degan gapga mos tushadi. Do‘stlardan birining odob-axloqi, insof-diyonati ikkinchisidagi ushbu xislatlar bilan uyg‘unlashib, o‘zaro bir birini quvvatlab ketaveradi. Yomon suhbatdoshning esa, biror yomonligi yetishi mumkin. Bu “kiyimingni kuydiradi” jumlasiga mos keladi. Agar yomon suhbatdoshning yomonligi yetmagan taqdirda ham u bilan birga o‘tirib yurak siqiladi, inson undan tezroq qutulgisi keladi, qolaversa, yomon kishi bilan o‘tirgan insonga nisbatan odamlar ham yomon gumonga borishadi, ularning mazkur insonga nisbatan ishonchlari yo‘qoladi. “Undagi badbo‘y hidni his etasan” degani mana shudir. 

Xalqimiz qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, deb bejiz aytmagan.

[1] Obro‘, mol dunyo

[2] O‘zini xor qilsa

[3] imlsizligiga

Dilmurod BEKTAMISHOV - Narpay tuman bosh imom-xatibi, "Naqshbandiy" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/12/2019 13:51;   Ko‘rilganligi: 1455
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ilm-olish-uchun-dastlabki-qadamlar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 15:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing