O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

FARZAND TARBIYASIDA ONANING O‘RNI

 
 

Muqaddas islom dinimizda farzand - inson hayotining mazmuni, nasl - nasabini davom ettiruvchisi, oilaning mustahkam silsilasidir. Yaxshi, solih farzand – ota-onaning baxt-iqboli, ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi dilbandidir. Oila va solih farzandlar ko‘rishni orzu qilmagan inson bo‘lmasa kerak.

Farzandning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan onasiga bog‘liq bo‘ladi. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ona tarbiyasini olgan, uning g‘amxurligi, shafqatini har qadamda his etib turgan bolalar butunlay o‘zlarini jamoat ishlariga baxshida qilib, sog‘lom, aqlli, tarbiyali va ko‘ngilchang bo‘lib ulg‘ayishar ekan.

Farzand tarbiyasida onaning muhim vazifasi farzandlariga mehribonlik ko‘rsatib, ularni turli aziyat beradigan narsalardan muhofaza qilgan holda vaqtida oziqlantirib, yuvib-tarab, toza kiyintirib, shamollab qolishiga yo‘l quymay, uni parvarish qilishga dangasalik qilmay doimo hushyor va undan xabardor bo‘lishi lozim. Oila davrasida qiladigan onaning har bir harakati, og‘zidan chiqadigan har bir so‘zi, farzandining tarbiyasiga va uning shaklanishiga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Har bir harakatidan o‘ziga nusxa olib, hali shakllanmagan so‘z zaxirasiga onaning so‘z boyligidan andoza oladi. Avvalambor, oilaning tinch-totuv, oila a'zolarining bir birlariga mehr-oqibatli bo‘lishlari farzand tarbiyasida muhim va munosib o‘rin egallaydi.

Alloh taolo Qur'oni karimida:

"Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir" - deb, farzandlarni dunyo va oxirat saodati, ziynati qilib qo‘ygan. Ularni go‘zal xulqli, odob-axloqli qilib tarbiyalashda, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning xulqini namuna qilib olishimiz zarur. Rasululloh (s.a.v.) ni O‘z kalomi sharifida quyidagicha ta'riflagan:

(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Haqiqatda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qur'on edi. Uni hayottimizning hamma jabhalarida namuna qilib olsak, hayotda o‘z o‘rnimizni topamiz. Bundan tashqari, Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni aynan xulq jihatidan ham go‘zal o‘rnak ekanliklarini maqtab:

 “Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz”, - deb marhamat qilgan (Qalam surasi 4-oyat). 

Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadislarida:

"Kishining o‘z farzandini chiroyli odob axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishdan yaxshiroqdir" - deb marhamat qilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Albatta, yaxshi farzandlar o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi, balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib ulg‘ayadi. Ulug‘larimiz tomonidan farzandni har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun bir-necha tavsiyalar berilgan. U “Islom, Ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon va vatanparvarlik, adolat, iffat, sabr hamda to‘g‘riso‘zlik” kabi tavsiyalardan iborat bo‘lib, yoshlar odob-axloq sohibi bo‘lib shaklanishida muhum o‘rin tutadi.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga, ulug‘larimizning bergan tavsiyalariga amal qilgan holda, ayniqsa shu kunlarda ta'lim muassasalarida o‘qishni tugatib, yozgi ta'tilga chiqish arafasida turgan farzandlarimizga e'tiborli bo‘lishimiz lozim. Ularning maroqli dam olishlariga qulay sharoitlar yaratib berib, farzandlarmizni ko‘cha kuyda behuda tentirab bo‘lmag‘ur, nojuya xatti-harakatlar qilishidan ularni saqlab, go‘zal xulq egasi bo‘lishiga chaqiraylik. Darhaqiqat, farzand tarbiyasi borasida oilada onaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Farzandga mehr degan ulug‘ tuyg‘uni onadan boshqa hech kim bera olmaydi.

A.Rahmatova – Samarqand tuman bosh otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 18/05/2020 16:48;   Ko‘rilganligi: 6122
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzand-tarbiyasida-onaning-orni
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 11:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing