O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Farzand tarbiyasida hadislarning o‘rni

 
 

Sharq xalqlarida qadimdan farzand tarbiyasiga alohida e'tibor qaratib kelingan.  Farzand tarbiyasiga chaqaloqning to‘g‘ilgan paytidan, balki undan ham oldinroq ahamiyat berish lozimligi haqida qator rivoyatlar va ibratli hikoyalar borki, ularning barchasida insonning kamoloti va kelajak poydevori yoshlikda olingan ta'lim-tarbiyaga bog‘likligi haqida so‘z yuritiladi.

Jadid adibimiz Abdulla Alvoniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo halokat” deyishi - millat taqdiri farzandlarimiz qo‘lida ekanligiga ishora edi. Xalqimzda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan hikmatning ma'nosi ham tarbiyaning ahamiyatlilik va mas'uliyatlilik darjasi nechog‘lik yuqori ekanligini bildirib turadi.

Sir emaski, milliy madaniyatimizning o‘q ildizi Islomiy odob-axloq qoidalari bilan bog‘liq bo‘lib, unda Qur'on va hadis ta'limoti an'analaridan barakali foydalanilgandir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi” (Ayyub ibn Muso roziyallohu anhudan, u kishi otasidan, u kishi bobosidan - Termiziy rivoyati) deganlarida farzandning kelajakda jamiyat oldidagi mas'uliyatini bildirsa, ikkinchi tomondan otaning farzand oldidagi majburiyatini ham bildirib turadi. “Kimiki otasining vafotidan keyin ham yaxshilik qilishni istasa, uning yaqin birodarlari bilan aloqani uzmasin” hadisi tinch-totuvlik, hamjixatlik, totuvlik, mehr-muhabbatli bo‘lish g‘oyalarini ilgari suradi.

Shuningdek, milliy qadriyatlarimizning eng yuksagi bo‘lgan ota-onaga bo‘lgan e'tibor, mehr-oqibat borasida ham ko‘plab hadis namunalari mavjudki, ular farzandlarimiz uchun dasturulamal bo‘lmog‘i lozim. “Kimki ota-onasining roziligini olgan bo‘lsa, unga qanday yaxshi. Alloh Taolo uning umrini uzaytiradi”. Darhaqiqat, ota-onaga bo‘lgan hurmat, ularga bo‘lgan ehtirom ming yillik qadriyatlarimizdandir.

Shuni aytishimiz joizki, ota-onalar farzand tarbiyasi borasida fikr yuritar chog‘larida, o‘qituvchilarimiz dars o‘tish jarayonlarida hadis namunalaridan foydalanib ish yuritsalar albatta foydali bo‘lur edi.

Islom HAZRATQULOV - Kattaqo‘rg‘on tuman "Tavaron" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 06/12/2019 16:04;   Ko‘rilganligi: 11213
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzand-tarbiyasida-hadislarning-orni
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 04:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing