O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Bolalaringiz tarbiyasini go‘zallashtiring

 
 

Bugungi yoshlarimiz tarbiyasi haqida juda ko‘p gapiriladi. Chunki tarbiya inson kamoloti davrida muhim o‘rin egallaydi. Ko‘z quvonchi bo‘ladigan farzand o‘stirish uchun ota-ona farzandiga e'tibor ko‘rsatishi, nozik niholdek asrab avaylashi, tarbiyalashi zarur. Uni barcha yomon illatlardan himoya qilib, faqat yaxshiliklar ila yetaklashi, yaxshiliklar bilan tarbiyalashi kerak. Bola ota-ona uchun bir imtihon. Bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishning bosh omili esa bolani go‘zal axloq egasi qilib tarbiyalashdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga munosabatda diqqatli bo‘lishni amr etganlar:  “Bolalaringizga mehr ko‘rsating, ularga hurmat bilan qarang, odob va tarbiyasini go‘zallashtiring!”(Imom Ibn Moja rivoyati).

Ma'lumki, mehr-muhabbat, shavqat ko‘rib o‘sgan bolalarning o‘zlari ham mehribon bo‘lishadi. Zulm ko‘rgan, ko‘p tanbeh eshitgan bola esa alamzada va zulmkor bo‘ladi. Shuning uchun bola tarbiyasida mehr-muhabbat ko‘rsatish alohida ahamiyatga ega. Yaqinda mahallamiz maktablaridan birida bo‘lganimda yoshgina qizchalar va bolalarning chiroyli maktab formalarida odob bilan oldimdan salom berib o‘tishlarini ko‘rib dilim quvnadi. Ularga qarab turib o‘ylanib qoldim. Mana shulardan yaxshi tarbiya, yaxshi ilm topganlari kelajakda yetuk insonlar bo‘lib yetishishi shubhasiz. Ammo yetarli bilim va tarbiya topmaganlari bo‘lsa-chi? Ular ertaga kim bo‘lishadi? Ularning jamiyatga qanday foydasi tegishadi? Ulardan odamlar ozor topmaydi-mi? Ha, ular jamiyatimizning ashaddiy kushandasi bo‘lishi shubhasiz. Shuning uchun ey aziz ota-onalar, hurmatli ustozlar tarbiyada hozirdan ehtiyot bo‘laylik. Bu ishga har birimiz mas'uliyat bilan yondashaylik. Ertaga  esa kech bo‘lmasin.

Yoshlar tarbiyasiga ota-onalarning nopisandlik bilan qarashi xunuk oqibatlarga olib keladi. Farzandlarimiz dini, madaniyatidan uzoqlashadi, ma'naviyati begonalashadi, johillik sari yuz tutadi.   Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam axloqli va jamiyatga foyda keltiradigan farzand o‘stirgan ota-onaning amal daftari vafotidan keyin ham yopilmasligi haqida xabar berganlar ( Imom Nasoiy rivoyati).

Mehribon Rabbimiz bizlarga marhamat va rahmati tufayli bandalik ilmini yaxshi egallashimiz uchun kitoblar va Payg‘ambarlar yubordi. Bu Payg‘ambarlar ummatlari uchun eng yaxshi namuna bo‘ldilar. Farzandlar tarbiyasida biz ulardan ibratlanmog‘imiz darkor. Bu haqiqat hisob-kitobini bugun qilish kerak. Chunki qiyomatda nadomatlar foyda bermaydi. Shunday ekan, topgan tutganlarimiz halol-pokligiga, ustozlarimiz kimligiga ahamiyat qaratishimiz, haqiqiy ilm va samimiy tahsil talabgori bo‘lishimiz zarur. Demak, farzandlarimizga go‘zal kelajak istasak, birinchi shart o‘zimizni Qur'on va sunnat asosida tarbiyalashni unutmaylik. Farzand tarbiyasiga jiddiy yondashilmas ekan, muammolar yechimsiz qolaveradi. Yosh avlod ongiga Allohdan qo‘rqishni, gunohlardan tiyilishni, sharmu hayoning mohiyatini teran singdirishimiz, ularni turli noto‘g‘ri g‘oya va qarashlardan asrashimiz zarur. Bolalarimizni inson sharafini saqlab yashaydigan ma'nan yetuk shaxslar qilib tarbiyalaylik. Yoddan chiqarmaylik, farzandlarimiz Alloh tamonidan bizlarga berilgan omonatdir. Hurmatli ota-onalar biz farzandlarimiz uchun mas'ul ekanligimizni unutmaylik.

 

 

Lutfullo hoji HOJIQURBONOV, Pastdarg‘om tuman “Salim ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 27/09/2019 12:39;   Ko‘rilganligi: 1399
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/bolalaringiz-tarbiyasini-gozallashtiring
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing