O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Dushanba – og‘ir kun...mi?

 
 

“Dushanba – og‘ir kun”. Ko‘pchilik xorijiy mamlakatlarda ommalashgan, hatto xalqimiz orasida ham hazil aralash ko‘p bor takrorlanadigan bu gapning biror asosi bormi? Dinimizda bu masalaga qanday qaraladi?

Ayrim G‘arb davlatlarida og‘ir kun deb xush ko‘rilmaydigan dushanbaning dinimizdagi o‘rni, ahamiyati katta. Payg‘ambarimiz (a.s.) hayotlaridagi ko‘pgina ajoyib voqealar aynan shu kuni ro‘y bergan.

Ilm-fan shiddat bilan ildamlagani sari odamlar, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlar aholisining ehtiyojlari shunga monand o‘sib borishi tabiiy. Uni qondirish esa robotday ishlashni talab etadi. Bunday tinimsiz mehnat qilishning, holdan toydiruvchi yugur-yugurlarning birinchi kuni bo‘lgani uchun ham dushanbani uncha yoqtirishmas, balki...

Biz musulmonlar esa tabiatdagi mavjud hamma narsaga Alloh taoloning san'at asari deb qaraydigan, yaralmishlarni Yaratuvchi tufayli yaxshi ko‘radigan madaniyat egasimiz. Shu jihatdan butun borliq biz uchun hikmat va ezgulik manbaidir. Biroq xalqimiz orasida ba'zi narsalar baxtsizlik va kulfat keltirishi haqidagi xurofotlar birmuncha yoyilgani ham haqiqat. Ana shu xurofotlarning qora zanjiriga ba'zi millatdoshlarimiz dushanbadan shumlanishni ham qo‘shib olishgan.

Dinimizda o‘z mehnati bilan kun ko‘rish, oila ahlini halol luqma bilan ta'minlash vojibligi haqida ko‘plab oyati karima va hadisi shariflar bor. Hatto shu maqsad bilan harakat qilish ulug‘ ibodat sanaladi. Dushanba kuni esa ana shu qutlug‘ ibodatning birinchi kunidir.

Dushanba kunining fazilatlari

Olamlarga rahmat etib yuborilgan Payg‘ambarimiz (a.s.) dushanba kuni dunyoga kelganlar. Bu haqda: “U kun (dushanba) men tug‘ilgan va payg‘ambar qilib yuborilgan kundir”, deganlar (Imom Muslim).

U zotning payg‘ambar bo‘lishlaridan biroz oldin Ka'ba ta'mirlanganida Hajarul asvad (qora tosh)ni o‘rniga qo‘yib, qabilalaridagi muqarrar nizoning oldini olgan kunlari ham dushanba edi (Muhammad Hamidulloh, “Hijriy taqvim va uning tarixi”). Bu jihatdan dushanba biz uchun ham muammolarimizni hal qiladigan va ezgulik elchisi bo‘ladigan kun.

Payg‘ambarimiz (a.s.): “Qur'oni karim menga dushanba kuni nozil qilindi”, deganlar (Imom Termiziy). Biz ham dushanba kuniga zimmamizdagi mas'uliyatning ahamiyatini yodga soladigan xayrihox do‘st deb qarashimiz mumkin.

Rasululloh (s.a.v.)ning vafot etgan kunlari ham dushanba edi  (Imom Buxoriy). Shunday ekan, dushanba insonlarning eng afzali (a.s.)ga salavot yuboradigan, tilovatlarimiz savobini bag‘ishlaydigan fursat bo‘lishi mumkin emasmi?

Dushanba safar, tijorat va rizq axtariladigan kundir. Zero, Allohning rasuli (s.a.v.): “Dushanba safar va tijorat kunidir”, deb marhamat qilganlar. Sahobalar buning sababini so‘rashganida: “Chunki o‘sha kuni Shuayb (a.s.) tijorat qilish va rizq topish uchun safarga chiqqanlar”, deb javob berganlar (Ibn Moja). Demak, dushanbani halol rizq umidida ishga sho‘ng‘ish bilan sunnatga ergashib, savob olish kuniga aylantirish o‘zimizga bog‘liq.

Dushanbada bandalar kechiriladi. Payg‘ambarimiz (a.s.) marhamat qilganlar: «Jannat eshiklari dushanba va payshanba kunlari ochiladi. Alloh taologa hech narsani sherik qilmagan har bir banda mag‘firat qilinadi. Faqat birodari bilan oralarida dushmanlik bo‘lgan kimsalar mustasno! (Ular haqida:) “Shu ikkisi yarashib olgunicha muhlat bering”, deyiladi» (Imom Muslim).

Dushanba – amallar taqdim qilinadigan kun. Payg‘amba­rimiz (a.s.): “Amallar har dushanba va payshanba Allohga ko‘rsatiladi”, deganlar (Imom Muslim). Demak, dushanbani munosib taqdirlash kuni desa ham bo‘ladi.

Dushanba ro‘za kunidir. Oysha (r.a.) onamiz xabar berishicha: “Rasululloh (s.a.v.) dushanba va payshanba kungi ro‘zalarni mushtoq bo‘lib kutardilar” (Imom Termiziy). Payg‘ambar (a.s.)-ning o‘zlari ham: “Bandalarning amallari dushanba va payshanba kunlari Alloh taologa ro‘baro‘ qilinadi. Men amallarimning Alloh taologa ro‘zador holimda ro‘baro‘ qilinishini yaxshi ko‘raman”, deganlar (Imom Termiziy).

J.Abrorov O‘MI – Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi (manbalar asosida)

 


Kiritilgan vaqti: 06/01/2020 09:55;   Ko‘rilganligi: 1090
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/dushanba-ogir-kunmi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 02:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing