O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Маданият

ISLOM VA OMMAVIY MADANIYAT

 
 

Islom dini eng mukammal din bo‘lib, inson hayotining barcha jabhalarini o‘z ichiga qamrab olgan. Ya'ni, musulmon kishining yurish-turishi, kiyinishi va boshqa barcha ishlari islomiy madaniyatga mos kelishi zarur.

Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi vaqtda qo‘shtirnoq ichidagi "ommaviy madaniyat"ga ko‘pgina yoshlarning ko‘r-ko‘rona ergashib ketayotganlari, buning oqibatida esa ularning odob-axloqlari yomonlashib, iymon-e'tiqodga zid bo‘lgan g‘arbliklarning axloqsizligiga taqlid qilishlari juda ham achinarli holat hisoblanadi.

Bu "ommaviy madaniyat"ning jamiyat uchun juda katta xavf-xatari bor. Mana shu narsadan yosh o‘sib kelayotgan avlodlarni asrab-avaylash hammamizning burchimizdir. Bugungi kunda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, diniy va milliy qadriyatlarimizni mensimasdan, bu eskilik sarqiti va zamonaviylikka to‘g‘ri kelmaydi deb o‘ylashlik yoshlarning tarbiyasiga katta xavf solmoqda.

Hammamizga ma'lumki, hozirgi vaqtda texnika va internet rivojlangan payt. "Ommaviy madaniyat"ni targ‘ib qiluvchilar internet tarmog‘i orqali ota-bobolarimiz "qora" degan narsalarni "oq" va "oq" degan narsalarni esa "qora" deb yoshlarni miyasini zaharlamoqda. "Ommaviy madaniyat"ni targ‘ib qilishdan asl maqsad aslida yoshlarni behayolik va buzuqlik, axloqsizlik va madaniyatsizlik bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish va ongini zaharlashdan iborat.

"Ommaviy madaniyat" ta'sirida yosh yigit-qizlar behayolarcha kiyinishmoqda. Yigitlar o‘zlariga yarashmaydigan darajada kiyim kiyishlari, tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirib yurishlari yoki har xil xunuk uslubda soch qo‘yishlari, ba'zi yigitlar esa sochlarini turmaklab olib, bir parcha matoni boshiga o‘rab olganligini guvohi bo‘lasiz. Hatto ba'zi yigitlar qulog‘iga zirakcha taqib olmoqdalar.

Shuningdek hozirgi paytda ba'zi qiz-juvonlar yarim yalang‘och holda yengi va etagi kalta, ko‘ksi ochiq kiyimlar, gavda va a'zolarini "ko‘z-ko‘z" qilib turuvchi tor va yupqa ko‘ylaklar kiyib, eng achinarlisi, ko‘krak, kindik va boldirlarini ochib, ko‘chada bemalol uyalmay yuribdilar. Qizlar ham tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirib, burunlariga zirakcha taqib olayaptilar. Millatning zabardast o‘g‘lonlari va iboli qizlarini yo‘qotib borayotganimizni anglab yetaylik.

Albatta, bugungi kunda bir jinslilarning nikohlanishi yoki jinsini o‘zgartirish kabi qabih illatlar ham, "ommaviy madaniyat"ning eng yomon ko‘rinishlaridan biri ekanligini unutmaylik.

Qo‘shtirnoq ichidagi "ommaviy madaniyat"ni avj olishining oldini olish va undan qutilishning yo‘li, islomiy madaniyatga amal qilishlik bilan bo‘ladi. Buning uchun Qur'oni Karim oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini o‘rganishimiz zarur.

Dinimizda odob va hayo insoniylikning eng fazilatli xislatlaridandir. Musulmon kishi doimo buzuq va nopok ishlardan uzoq bo‘lishi lozim. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi: "Ey iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmangiz! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur." (Nur surasi, 21-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam behayolikdan qaytarib: "Agar uyalmasang, hoxlaganingni qil!", dedilar. Imom Buxoriy  rivoyat qilgan.

Kimda-kim boshqa din va millat vakillariga taqlid qiladigan bo‘lsa, unday kishining qilayotgan ishi shariatda qattiq qoralanadi. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: "Kim o‘zini qaysi qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘shalardandir". Abu Dovud, Ahmad, Tobaroniy va Bazzor rivoyat qilganlar. Ushbu hadisda  "Kim o‘zini qaysi qavmga o‘xshatsa" degan jumladan, kim qaysi qavmning kiyinishi, yurish-turishi va hayot tarziga ergashsa degan ma'noni tushunishimiz kerak. Demak, kishi o‘zga din va millat vakillariga ergashadigan va ularning odatini ustun qo‘yadigan bo‘lsa, o‘shalardan hisoblanar ekan.   

Xulosa shuki, yosh o‘sib kelayotgan farzandlarimiz iymon-e'tiqodli, diyonatli, or-nomusli, hayoli bo‘lishligi uchun va dini, Vatani, ota-onasi, oilasi va xalqiga munosib xizmat qilishligi uchun islomiy ruhda tarbiya qilishligimiz juda ham muhim va zarurdir.

Albatta, musulmon erkak va ayollar kiyinishda, yurish-turishda va muomalada hamisha hayoli bo‘lishi va iffatini asrashi lozim. Bu esa go‘zal islomiy odoblardan sanalib, ularga amal qilish har bir musulmon kishidan talab etiladi.

Alloh taolo jonajon Vatanimizda yosh o‘sib kelayotgan avlodlarimizni va barchamizni qo‘shtirnoq ichidagi "ommaviy madaniyat" illatidan O‘zi asrasin va to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin.

 

A.Axmedov - Jomboy tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/07/2020 14:47;   Ko‘rilganligi: 2926
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/culture/islom-va-ommaviy-madaniyat
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing