O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Маданият

Dinu Davlat Homiysi

 
 

                                                            “… Bu ulug‘ amir dinu davlat homiysi, shariat hamda millatning pushti panohidir”
                                                              Davlatshoh Samarqandiy.

 Buyuk o‘zbek shoiri mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy 1441 yil 2 fevral kuni Hirotda tavallud topgan. Alisher Navoiy 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she'rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy, arab tillarini ham mukammal egallagan. Alisher Navoiy she'riyatga g‘oyat qiziqib, Sharq adabiyotini qunt bilan o‘rgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zo‘r havas tug‘dirgan edi.

Nazm, adabiyot, she'riyat va davlat boshqaruvida katta mahorat sohibi bo‘lgan Mir Alisher nazmda dostonlardagi kabi dunyoviy va diniy, so‘fiylikning dolzarb masalalarini ifoda qilgan. Navoiyning bir qancha diniy mavzuda bitilgan asarlari bo‘lib, ularga  “Arbain” (“Qirq hadis”), “Munojat” (“Allohga iltijo) shular jumlasidan. Hazrat Navoiyning deyarli barcha asarlarida, xususan, “Xamsa” dostonlarining muqaddimalarida Allohga hamd, Payg‘ambarga na't, munojot va Rasululloh s.a.v madhining mavjudligiyoq bu fikrni tasdiqlaydi. Uning  asarlarida Alisher Navoiy shariat va tasavvuf ilmining chuqur bilimdoni, nazariyotchisi ekani namoyon bo‘ladi. Masalan, “Arba'in”da keltirilgan hadislarga she'riy sharhlarda komil inson axloqiga oid qarashlarni o‘zida aks ettirganini ko‘rishimiz mumkin. Bu hadislarda insonlar yaxshilik qilishga chorlanadi, yomon illatlardan qaytariladi, umuman olganda, ular insonning hayot va jamiyatdagi vazifasini anglatadi. Masalan, “Insonlarning eng yaxshisi – insonlarga foydasi tegadiganidir” degan hadisni Alisher Navoiy turkiy tilda shunday ifoda etadi:

Xalq aro yaxshiroq, deding, kimdur?

Eshitib, ayla shubha raf' andin.

Yaxshiroq bil ani ulus arokim,

Yetsa ko‘prak ulusqa naf' andin.

Shuningdek Alisher Navoiyning ”Vaqfiya” asari uning davlat arbobi sifatidagi faoliyati, vaqf qildirgan yerlari, qurdirgan binolari haqida ma'lumot beruvchi, “Nazmu-l-javohir” asari esa Hazrati Alining ikki yuz ellik besh raqam ostida tartiblangan arab tilidagi o‘gitlarining turkiy tilda ruboiy shaklida berilgan talqinidan iboratdir.

Alisher Navoiyning “Siroju-l-muslimin” (“Musulmonlar nuri”) asari sof diniy yo‘nalishda bo‘lib, islom dini ahkomlarini yoritishga bag‘ishlangan. Asar hamd va na't, kitob yozilishining sababi, islomga oid fiqhiy va aqidaviy masalalar sharhi va xotimani o‘z ichiga oladi. Mutafakkirning “Kitob nazmining sababi” asarida avval aqida sharhini, so‘ng farz, vojib, sunnatni bayon etishini, bundan ahli islomga foyda bo‘lishini aytgan:

...Ham etkaymen burun sharhi aqoyid,

Ki, islom ahlig‘a bergay favoyid.

Yana ham farz, ham vojib, sunan ham,

Neki oriz bo‘lur yaxshi, yomon ham...

Hazrati Alisher Navoiyning avliyolar tarjimai holiga bag‘ishlangan “Nasoyimu-l-muhabbat min shamoyilu-l-futuvvat” “Mardlik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabadalari”) asari shoirning yetuk mutasavvif olim sifatidagi faoliyatini ko‘rsatuvchi muhim manbadir.

Alisher Navoiyning mazkur diniy yo‘nalishdagi asarlari orqali uning dinga bo‘lgan munosabati, e'tiqodi bilan birga islom ilmlarining yetuk bilimdoni ekanligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilamiz. Bu ulug‘ shoirning o‘z davri ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni nechog‘lik muhim bo‘lganligini belgilab beruvchi o‘ziga xos omil ekanligi bilan ahamiyatli sanaladi.

O‘MI Sam arqand viloyat vakili Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 08/02/2020 13:30;   Ko‘rilganligi: 1427
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/culture/dinu-davlat-homiysi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 17:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing