O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Boylik matohning ko‘pligida emas, balki nazarning to‘qligidadir

 
 

Bugun butun dunyo ahlini tashvishga solayotgan koronavirus epidemiyasi bizda qanday kechayotganiga bir nazar solsak. Hukumatimiz tomonidan uni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, zaruriy chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot va boshqa soha vakillari o‘z jonlarini xatarga qo‘yib bulsada bemorlarni davolash uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Xo‘sh, bugungi kunda aholini ko‘proq nima tashvishga solmoqda. Avvalo kishilarimiz kasallikni yuqtirib olish, oziq-ovkat mahsulotlari yetishmasligidan xavf siramoqdalar. Aslida bu narsalar behuda vahimaga arzirmikan. Biz mo‘min-musulmonlar e'tiqod bo‘yicha kasallik faqat Alloh taoloning irodasi bilan yetishi, rizqni ham Alloh taolo berishiga imon keltiramiz.

Johiliyat ahlida «Xastaliklarda o‘ziga yarasha quvvat bor, ular bir kishidan ikkinchisiga o‘sha quvvat yordamida o‘tadi», degan e'tiqod bo‘lgan. Islom ta'limoti bo‘yicha esa xastalik Alloh iroda qilsagina yuqadi. Xuddi shu ma'no Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida «Kasallik yuqishi yo‘q» degan gaplarida mujassam bo‘lgan.

Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav'u yo‘q va sofar yo‘q» , dedilar». (Uchovlari rivoyat qilgan).

Demak, kasallik o‘zicha yuqmasligi e'tiqod masalasi, kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lish esa dinimiz bizdan amal qilishni talab qilgan amal ekan.

Bugungi og‘ir vaziyatda xalqimiz birgalikda kurashib, qahramonliklar ko‘rsatiyapdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu qahramonlik nima? Bu sabr, qanoat, intizom, tartib qoidaga rioya etish, shaxsiy gigiyenalarga amal qilishdir. Sabr Alloh taolo tomonidan bandaga in'om etilgan eng katta va buyuk ne'mat hisoblanadi. Sabrli kishi rizqning oziga ham, yo‘qchilikka ham chidab o‘zini xor qilmay, boshini tik tutib kun ko‘radi. Haqiqiy boylik molu dunyoning ko‘pligida emas, nafsning to‘qligidir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Boylik matohning ko‘pligida emas, balki nazarning to‘qligidadir», (Abu Hurayra roziyallohu anhudan ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan) deya haqiqiy boylik nima ekanligi haqida xabar berdilar. Ikkinchi jahon urushi yillari xalqimiz bir mayizni qirq kishi bo‘lib yeganlari haqida ota-bobolarimizdan eshitganmiz, Shukurki, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash borasida ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, saxovatpesha insonlar tomonidan ham har xil xayriya tadbirlari o‘tkazilib, oziq-ovqat, tibbiyot va sanitariya mahsulotlari muhtoj insonlarga yetkazib berilmoqda. Afsuski, mana shunday holatda haqiqiy muhtoj bo‘lmagan shaxslar ham ehtiyojmand kishilar uchun sarflanayotgan ehson, sadaqalardan ko‘proq undirib olish harakatida bo‘layotganlar yoki bo‘lmasa boqimandalik kayfiyati bilan birovning sadaqa berishidan umidvor bo‘lib o‘tirganlar ham uchrab turibdi. Abu Sa'id roziyallohu anhudan shunday rivoyat keltirligan:

«Ansoriylardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol) so‘radilar. Bas, u zot ularga berdilar. So‘ngra yana so‘radilar. Yana berdilar, hatto huzurlarida hech narsa qolmadi. Shunda u zot:

«Huzurimda ne yaxshilik bo‘lsa, sizlarga bermay olib qolmasman. Kim iffattalab bo‘lsa, Alloh uni ifatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengiroq ne'mat berilmgan», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilgan).

    Barcha o‘tgan payg‘ambarlar kasb-hunar sohiblari bo‘lishgan, sahobai kiromlar quruqlik va dengizlarda tijorat bilan mashg‘ul bo‘lganlar, ayrimlari dehqonchilik va boshqa kasblar bilan shug‘ullanganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida: «Hech bir kishi o‘zi qo‘li bilan ishlab topib yegan taomidan ham yaxshiroq taomni aslo yemaydi» deyishlari bilan kasbu kor, hunar, mehnat qilib topilgan rizq eng yaxshi rizq ekanligiga ishora qilganlar.

Halol kasb, mehnat qilib, Alloh taolodan rizq ato etishini so‘rasak, Parvardigorning marhamti cheksizdir. Musulmon kishi bu dunyosining g‘amida emas, oxirat g‘amida bo‘lsa, Alloh taolo ikkisini ham ato etar ekan. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Kimki oxirat g‘amida bo‘lsa, Alloh uning qalbini behojat va xotirini jam jam qilib qo‘yadi. U xohlamasa ham, dunyo unga o‘z o‘zidan keladi. Kim dunyo g‘amida bo‘lsa, Alloh uning ko‘z o‘ngiga kambag‘allikni keltirib qo‘yadi va xotirjamligini parokanda qiladi. Unga dunyoda o‘ziga taqdir qilinganidan boshqasi kelmaydi» (Anas roziyallohu anhudan Termiziy rivoyatlari). 

Shuday ekan azizlar, tanu jonimiz sog‘, huzurimizda yeguliklarimiz bor ekan, qanoat va sabrli bo‘lsak, inshaalloh Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘ladi, g‘amu tashvishni aritib, ikki dunyo saodatni ato etadi. 

 Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 02/04/2020 11:28;   Ko‘rilganligi: 1108
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/boylik-matohning-kopligida-emas-balki-nazarning-toqligidadir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 13:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing