O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Biz yot g‘oyalarga qarshimiz!

 
 

Alloh taolo insoniyatni aziz va mukarram qilib yaratdi, unga aql-idrok va fahmu farosotni ulug‘ ne'mat qilib berdi. Muqaddas islom diynimizning ziyosi yer yuzini charog‘on qilganidan boshlab bu diynga turli xil qarshiliklar bo‘ldi va malomat toshlari otildi. Eng achinarlisi bugungi kunga kelib musulmonlarning o‘zaro ixtilof qilishlari va kelishmovchiliklari achinarli holdir.           

 Istiqloldan so‘ng diyniy erkinligimiz va ibodatlarimizni mukammal ado etishligimiz uchun barcha shart – sharoitlar yaratildi. Bu ham bizlarga Parvardigorning ulkan ne'matidir. Aslida islom diyni ahlikka, birdamlikka va ezgulikka chaqirishini, islom diynida bo‘lmaganlar ham juda yaxshi bilishadi.  

Qur'onning Oli Imron surasi 103-oyatida (Ey musulmonlar) “Allohning arqoniga (diyniga) birlashinglar va turli xil yo‘llarga bo‘linib ketmanglar” deya marhamat qilindi. Bu bilan Robbimiz barchamizga avvalo birdamlikni, ittifoqlikni, ilohiy kalom bo‘lmish Qur'oni karim atrofida birlashishimizni buyurdi, bu birinchi buyruqdir. Ikkinchidan esa firqalarga bo‘linmaslikni amr qildi. Alloh Qur'onda bo‘linmanglar desa, nega musulmonlar bo‘linib ketyapti degan tashvishli savol sitqidildan har bir iymon keltirgan musulmonni qiynamoqda. Biz Allohning “Bo‘linmanglar” degan oyatini islom nomini niqob qilib olgan, lekin o‘zi islomga qarshi bo‘lgan guruhlarga, hizblarga va turli xil yot oqimlarga kirmanglar deb tushunamiz va shunga amal qilamiz. Sof islom esa Alloh rozi bo‘ladigan birdan bir haq diyndir. Ma'lumki keyingi davrda, xususan islom nomi bilan aytiladigan, lekin aslida musulmonlarning oralariga tafriqa soladigan, Qur'on va hadisga butunlay qarshi bo‘lgan firqalar o‘zini namoyon qiladigan bo‘ldi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘n to‘rt asr avval: “Mening ummatim 73 firqaga bo‘linib ketadi. Ularning hammasi do‘zaxiy bo‘ladi, faqatgina bir toifa jannatiydir” degan edilar. O‘sha do‘zax azobidan najot topguvchi qaysi deb so‘ralganda “Men va sahobalarimning yo‘llarida yurgan ummatlarim” deya marhamat qilganlar.

Shuni ta'kidlash joizki, islom diynida islomiy partiyaning bo‘lishini tasavvur qilish mumkin emas. Kishi Allohga va uning Rasuliga iymon keltirishi bilan musulmon bo‘ladi va musulmonlar qatoridan joy oladi. Buning uchun inson qandaydir o‘zini islomiy deb da'vo qilayotgan, aslida esa siyosiy partiyalardan bo‘lgan turli xil oqim, guruh va firqalarga a'zo bo‘lishi, ularga  bayat qilib, qasamlar ichishi mutlaqo xatodir. 

Robbimizning o‘zi barchamizni adashgan va insonlarni ham adashtiradigan turli xildagi yot mafkura va yot g‘oyalardan o‘z panohida asrasin.

 Zayniddin Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 19/03/2020 19:28;   Ko‘rilganligi: 835
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/biz-yot-goyalarga-qarshimiz
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing