O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

Moturidiylik ta'limotida iymon masalasi (3-maqola)

 
 

Moturidiylik ta'limotining yirik namoyandasi bo‘lmish Abul-Mu'in Nasafiy ham imon masalasiga xuddi shu kabi uslubda yondashgan. Ya'ni u “iymon” so‘zining ma'nosi arab tilida “tasdiqlash” ekanini zikr etib, so‘ng uning ma'nosiga amalni kiritganlarga qarata shunday deydi: “Agar har bir so‘zni lug‘aviy ma'nosidan boshqa ma'noga naql etilaversa, unda Qur'on va sunnada ko‘p so‘zlarni boshqa ma'nolarga naql etish mumkin bo‘lib, ma'nolar buzilib ketardi”. Shuningdek, alloma “Bahrul-kalom” nomli asarida amalning imon shartiga kirmasligiga quyidagi “Ibrohim” surasi 31-oyatini dalil sifatida keltiradi:

Iymon keltirgan bandalarimga ayting, namozni ado etsinlar”, ya'ni oyatga ko‘ra Allo taolo bandalarga iymon nomini o‘rnatgandan so‘ng amal qilishni amr etmoqda.

 Iymon ziyoda va noqis bo‘lishi mumkinligi hanafiylik-moturidiylik ta'limotida o‘rnatilmagan, balki har bir kishining iymoni komil iymon sanalishi, toat va ibodat yoki gunoh ma'siyat bilan iymonning aynan o‘zi ko‘paymasligi va kamaymasligi dalillar bilan isbotlangan.

Jumladan, imom Moturidiy bu haqda shunday deydi:

“Qur'oni karim oyatidagi “Iymonlari ziyoda bo‘ldi...” jumlasi adad yoki aynan iymonning o‘zida ziyodalikni bildirmaydi, balki uning sharafi, fazilati oshgani, ziyoda bo‘lganini bildiradi. Masalan “Jamoat bilan o‘qilgan namozning darajasi yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma besh barobar afzaldur” hadisida ham aynan namozning adadi ziyoda bo‘lishi nazarda tutilmagan, balki sharafi va fazilati ziyodaligi nazarda tutilgandir. Xuddi shu kabi iymonning amallar jihatidan ziyoda bo‘lishi ham uning sharafi, fazilati, kamoli ziyodalashishiga dalolat qiladi. Amallar iymon jinsidan emasdir, u tasdiqlashdan iboratdir”.

Boshqa o‘rinda esa, Abu Hanifaning “umumiy tarzda iymon keltirganlaridan so‘ng tafsiriy tarzda ziyoda bo‘ladi”, so‘zini hamda “ahli kitoblarning ilgari o‘tgan kitoblarga va payg‘ambarlarga iymonlari bilan birga, Muhammad alayhissalomga va u kishiga nozil bo‘lgan Kitobga iymon keltirishlari bilan iymonlari ziyoda bo‘ladi”, ya'ni bunda ahli kitoblarga tegishli bo‘ladi, shuningdek, “ularning (sahobiylarning) iymonlari yangi vaqt kirganida undan oldingi vaqtdan ko‘ra ziyoda bo‘ladi... chunki, iymon doimo yangilanib turishga haqlidir”, deb sharh bergan. Shuningdek, Moturidiy iymon ziyodaligini sabotli bo‘lishi, yoki saboti ziyoda bo‘lishi sifatida sharh bergan.

(davomi bor...)

Zayniddin ESHONQULOV - O‘MI Samarqand viloyat vakili (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 17/02/2020 15:52;   Ko‘rilganligi: 116
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/moturidiylik-talimotida-iymon-masalasi-3-maqola
Chop etilgan vaqti: 27/05/2020 10:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing