O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

Imom Moturidiy bizga qanday meros qoldirgan?

 
 

Abu Mansur Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham xorijdagi kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Islom olamida mashhur bo‘lgan “Kitob ut-tavhid” asari 1970 yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda, keyinchalik esa Turkiyada bir necha bor nashr etiladi. So‘ngisi Bekir Tuplu o‘g‘li va Muhammad Aruchi kabi olimlar tomonidan 2003 yil Anqarada chop etilgan. 

Tarix fanlari nomzodi Shovosil Ziyodovning bir maqolasida keltirilishicha, mutakallim islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, o‘zi ham arab tilida tafsir va e'tiqodga oid “Ta'vilot ahli as-sunna”ni yozadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad “Ahl as-sunna val-jamoa” ta'limotiga zid qarashlarni rad qilishdir. Bu asardan e'tiqodiy masalalar hamda fiqhda keng foydalaniladi. Abu Mansur Moturidiy bu asarini yozishda asosan Abu Hanifaning qarashlariga suyanadi. Ushbu kitobning nusxasi O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. “Kitob ta'vilot” asarining birinchi jildi 1971 yilda Sayid va Ibrohim Avadaynlar tomonidan nashr etildi. Xuddi mana shu kitob bangladeshlik olim A.A.Rahmon tomonidan 1981 yil yangi qo‘shimchalar bilan qayta nashr qilindi. Asarning chop qilinishi Moturidiy kalomiga oid bir qator maqolalarning yozilishiga sabab bo‘ldi. F.Sezgin o‘zining “Arab qo‘lyozmalari tarixi” kitobida “Kitob ta'vilot” asarining dunyo fondidagi nusxalari haqida qimmatli ma'lumot beradi. So‘nggi yillarga kelib uning to‘liq nashrlari ham amalga oshirildi. 2004 yil Fotima Yusuf Xaymi tomonidan 1-5 jildlari Bayrutda nashr etildi. Yana biri Mujdiy Baslum tomonidan tayyorlangan bo‘lib, 2005 yil Qohirada “Maktabat ul karamat” nashriyotida chop etilgan. Eng so‘nggi 2008-2009 yillardagi ilmiy nashri Turkiyadagi “Darul mezon” nashriyotida yetti jildda chop etildi.

Xo‘sh, kalom o‘zi nima va u qanday ilm? Kalom ilmi o‘rta asrlarda falsafiy-diniy fikrlar va dinning nazariy asoslarini o‘rganish, islom aqidalariga e'tiqod etish haqidagi bilimlarni ifodalagan. Biron-bir dinga mansub shaxs uchun majburiy hisoblangan, har qanday sharoitda muhokama qilmasdan e'tiqod qilinishi lozim bo‘lgan diniy talablar majmuiga nisbatan aqliy mulohaza yuritish jarayonida u maxsus bilimlar tizimi sifatida vujudga keldi. Kalom – “ilmul kalom” atamasi keng ma'noda o‘rta asrlar musulmon adabiyotida diniy-falsafiy mavzularda (jumladan, nasroniylik va yahudiylikda ham) erkin fikr yuritishga nisbatan qo‘llangan, tor ma'noda esa aqidaparastlik, ya'ni dinda obro‘-e'tiborli hisoblangan shaxslar – payg‘ambar, sahobalarga taqlid yo‘li bilan emas, balki Qur'on va sunniy ta'limotni aql-idrokka mos talqin etish, tafakkurga suyanib ish yuritishga nisbatan ishlatilgan. Hadis ilmi payg‘ambarimiz tomonidan rivoyat qilingan gap va ishlarni, fiqh ilmi shariat qonunchiligini, kalom ilmi esa islom dinida e'tiqod qanday bo‘lishini o‘rgatadi. Moturidiya aqidasi Qur'on, hadis va aql-idrok, mantiq va haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa ta'limotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy o‘z ta'limoti bilan bog‘liq aksariyat fikrlarini “Kitob tavhid” asarida bayon etgan. Xususan, o‘zga toifadagi firqalarga qarshi shunday so‘zlarni aytadi: “Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo ham bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir”.

Bu ta'limot mu'taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki naqldan ham qo‘shib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasida qo‘shgan yana bir hissasi shuki, o‘sha davrlarda juda ko‘plab firqalar e'tiqod borasida o‘z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo‘llarga boshlagan. Moturidiy shunga chek qo‘yadi va bu o‘lkada yagona aqida tizimini (ya'ni hanafiya mazhab asosida) o‘rnatadi. U barcha aqidalar orasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab beradi. Natijada turli xildagi mayda oqimlar ko‘payishining oldi olinadi. Mutakallim islom ilohiyotidagi qazo va qadar (ya'ni inson taqdiri) haqida ham mulohazalarini bayon etgan. U insonda tanlash erkinligi bor degan iborani qo‘llagan. Ya'ni inson qanday ishni lozim topsa, o‘shani bajarishi kerak. Alloma inson qanday yo‘lni tanlashi o‘z ixtiyorida ekaniga alohida urg‘u beradi. Bu esa hozirgi demokratiyaning asosini tashkil etadi.

Moturidiy o‘z ta'limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, hanafiya ta'limotining O‘rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi.

 B.SHARIPOV - Samarqand tumani bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/02/2020 15:04;   Ko‘rilganligi: 127
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/imom-moturidiy-bizga-qanday-meros-qoldirgan
Chop etilgan vaqti: 27/05/2020 11:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing