O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Vatanga xiyonat qiluvchilarning turlari

 
 

Tug‘ilib o‘sgan ona yurtiga bo‘lgan muhabbatning eng go‘zal namunasini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ko‘rsatganlar. U zot sollallohu alayhi va sallam ummatlarini doimo ona-Vatanga muhabbatli bo‘lishga chorlaganlar. Hadisi shariflardan birida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka shahridan shunday marhamat qilganlar:      
“(Ey Makka!)Agar qavmim meni sendan chiqarmaganda, hech ham o‘z ixtiyorim bilan seni tashlab ketmagan bo‘lardim”, deydilar.        

Butun insoniyat uchun o‘rnak bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, o‘z yurtlarini sevib ardoqlaganlar.

Vatanga xiyonat eng og‘ir gunohlardan biridir. Bir necha asrlar muqaddam sohibqiron bobokalonimiz Amir Temur Vatanga xiyonatni qattiq qoralab, bitiklarida bunday yozgan: “Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida o‘z sohibidan yuz o‘girib, mening oldimga kelgan bo‘lsa, unday odamni o‘zimga eng yomon dushman deb bildim”. Shunday ekan, o‘z ona yurtiga, xalqiga xiyonat qilgan odamlardan hech qachon do‘st chiqmaydi.

 “Xiyonat” so‘zi lug‘atda biror narsaga nisbatan zimmadagi majburiyatni ado etmaslik, o‘rtadagi kelishuv yoki ahdnomani buzmoqlik degan ma'nolarda ishlatiladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, vatanga xiyonat deganda, inson o‘z yurtiga nisbatan zimmasidagi fuqarolik burchini ado etmasligi, uning tinchligi va ravnaqiga hissa qo‘shmasligi, aksincha tinchligini buzishga harakat qilishi tushuniladi. Demak, shu yurtda istiqomat qilayotgan har bir insonning zimmasida, uning imkoniyati darajasida ado etishi lozim bo‘lgan burchlari mavjuddir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Bir qalbda imon bilan kufr jamlanmaydi, yolg‘on bilan rostgo‘ylik birga jamlanmaydi, xiyonat bilan omonatdorlik birga jamlanmaydi”, deb marhamat qilganlar. Demak, xoin kishi omonatsiz va ishonchsizdir. Omonatdor, ishonchli kishilar hech qachon xiyonat qilmaydilar. Unday odam o‘z ahli oilasiga, farzandlariga, qavmu qarindoshlariga, do‘stu birodarlariga va tabiiyki, ona Vataniga ham sadoqatli, vafodordir. Ushbu hadis orqali vatanga xiyonat qilishning bir nechta turlarini bilib olishimiz mumkin:

  1. Yolg‘onchilik. Odamlarni, jamiyatni va davlatni aldash – VATANGA XIYONAT;
  2. Omonatdorlikni buzish. Insonlar haqqiga (joni, moli, shani va obro‘yiga) zulm qilish, kishilar, jamiyat, davlat va vatanning ishonib topshirgan omonatlariga rioya etmaslik – VATANGA XIYONAT.

Demak, odamlarni aldab yolg‘on gapirayotganlar hamda kimsalarning moli, joni va shaniga putur yetkazib ularga zulm qilayotganlarning gunohlari VATANga xiyonat qilishdek og‘ir gunoh bilan teng ekan. Aynan mana shunday “toifa”dagilar qo‘rqmasdan vataniga ham xiyonat qilishi hech gap emas. Ana o‘shandaylar dinni niqob qilib, insonlarning eng nozik tuyg‘ulari – e'tiqodiy hislaridan foydalanib kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga urinmoqda.

Xo‘sh, g‘araz niyatli bunday manfurlarni qanday qilib anglash mumkin? Buning javobi oddiy: ularning qilayotgan amallari va gaplariga e'tibor berish lozim. Agar sizga nimanidir taklif qilayotgan insonning, ayniqsa din nomidan gapirayotganlarning so‘zida yolg‘on va qilayotgan ishida odamlar haqqidan qo‘rqmaslik bo‘lsa bilingki u XOIN.   

Imom Moturidiy “Xorlik istasang, xiyonatchi bo‘l”, deya xoinlarning jazosi faqat va faqat xorlik bo‘lishini ta'kidlaydi.

Alloh taolo barchalarimizni vatanni sevuvchi sodiqlardan qilsin!

 Saidabror Umarov tayyorladi

Manba: Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 30/11/2019 15:45;   Ko‘rilganligi: 1407
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/vatanga-xiyonat-qiluvchilarning-turlari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing