O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ulamolarni mazah qilish johillik va nodonlikdir

 
 

«Qasamki, agar ulardan (nega masxara qilasiz, deb) so‘rasangiz, albatta, ular: “Biz faqat (bahsga) cho‘mib, hazillashyapmiz”, de­yishadi. Ayting: “Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingiz-ku?! Uzr aytmangiz! Imoningizdan keyin (yana) kufrga ketgansiz. Agar sizlardan bir toifani (tavba qilgach) afv etsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo‘lganlari sababli azoblaymiz» (Tavba surasi, 65–66-oyatlar).

Oyati karimalarning no­zil bo‘lishiga quyidagi ho­disa sabab bo‘lgan. Mufassirlarning yozishicha, Abdulloh ibn Umar ro­ziyal­lohu anhumodan rivoyat qilina­di: «Ta­buk g‘a­zoti safarida dam olib o‘tirishgan­da bir kishi: “Anavi qo­rilarimizga o‘x­shagan qorni kattasini, yolg‘onchisini va qo‘rqo­g‘ini ko‘rmadik!” dedi. O‘sha majlisda o‘tir­ganlardan biri unga: “Yolg‘on aytding, sen munofiqsan! Albatta, bu gapingni Ra­sulul­loh sollallohu alayhi va sallamga yetkazaman!” dedi va uni Nabiy alayhissalomga yetkazganida ushbu oyatlar nozil bo‘lgan edi».

Abdulloh ibn Umar ro­ziyallohu anhumo aytadi: “Men o‘sha odamni ko‘rdim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tuyalari jabdug‘iga osilib, surinib, toshlarga qoqilib: “Yo Rasu­lalloh! Biz faqat gapga kirishib ketib, hazil tariqasida shu so‘zni aytib yubordik!” deya zorlanardi. Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam esa ushbu oyatni takrorlardilar: «Ayting: “Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingiz-ku?! Uzr aytmangiz! Imoningizdan keyin (yana) kufrga ketgansiz” (Tavba surasi, 65–66-oyatlar).

Olusiy rahimahulloh aytadi: “Istehzo kamsitish va masxaralashdir”.

Imom G‘azzoliy rahima­hulloh: «“Istehzo” pastga urish, kamsitish va ayb-nuqsonlar ustidan kulish orqali tanbeh berish bo‘lib, gohida ish-harakat bilan, goho so‘z bilan, gohida esa imo-ishora bilan ham bo‘ladi. Istehzoning asli yengiltaklikdan kelib chiqqan. Arablar tuyaning tezlab, lo‘k­killab ketishiga istehzo kalimasini qo‘llashadi» degan (“Ruhul ma'oniy”, 1/158).

Ulamolar ahli ilm va solih zotlarni istehzo qilish kofirlarning sifatlaridan va munofiqlarning xislatlaridan ekanini alohida ta'kidlashgan. Bunga Alloh taoloning bir necha oyatlari ochiq ishora qiladi (Qarang: Baqara surasi, 14–15- va 212-oyatlar; Mu'minun surasi, 103–111-oyatlar va hokazo).

Istehzodan, asosan, Islom diniga dushman bo‘lgan guruhlar va ularning “dum”lari foydalanishadi. Ular qadimdan musulmon ulamolarni masxara qilish siyosatini amalga oshirib kelishadi. Bu uslub bilan ilm ulug‘vorligini ketkazishni xohlashadi.

Musulmon kishining zimmasidagi vo­jiblardan biri ulamolarni hurmat qilish, solihlarga muhabbatli bo‘lishdir. Shariat aynan ushbu muhabbat va hurmat borasida haddan oshmaslik hamda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslikni shart qilgan.

Tuhmatlar asossiz bo‘lsa-da, tinmay tar­qatilaverilishi oqibatida ayrim e'tiborli olimlar yomonotliqqa chiqib qoladi. Hozir ham bu uslubdan bilib-bilmay foydalanayotgan yosh va g‘o‘r musulmonlar uchrab turibdi. Ayrim o‘rinlarda ular mashhur ulamolarni “xoin”, “zulm malayi”, “dinfurush”, “shirkka chaqirganiga isbot bor”, “zino va fahshga fatvo bergan!” deb ayblashmoqda.

Bu ishlarini “haqni gapiryapmiz” degan shior ostida amalga oshirishadi. Vaholanki, ular omiligini ochiqchasiga tan oladilar. Johilning: “Haqni aytyapman”, deyishi ko‘r­ning: “Karvonga o‘zim yo‘l ko‘rsataman!” deyishiga o‘xshaydi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘lja taqsim qilayotganlarida bir nobakor kelib: “Ey Muhammad, adolat qil!” deganida nimani nazarda tutdi ekan? Bugun ham ulamolarni behuda ayblayotgan nobakorlarning maqsadi nima?

Hazrat Umar roziyallohu anhuni pichoq­lagan ra­zil kimsa xotin dardida ushbu jirkanch ishga qo‘l urmaganmidi?!

Hazrat Usmon roziyallohu anhuga qilich urganlar mansab savdosida yonganlar emasmidi?! Ular ham “haqni aytayapmiz” degan da'voni qilishmaganmidi?

Hazrat Ali roziyallohu anhuga: “Hukm yol­g‘iz Alloh­nikidir!” deganlar haqni aytgan bo‘lsalar-da, maqsadlari botil emasmidi?! Xavorijlar dastlab hazrat Ali tarafdori sifatida jang qilishgan, keyinroq tahkim hodisasini bahona qilib, Ali roziyallohu anhuni ham, Muoviya roziyallohu anhuni ham kofir deb e'lon qilishgan edi. Bular haqparvar ekanlari haqida jar solib, shu shior bilan hazrat Alidek zotni qatl qilishmaganmidi?

E'tibor bering! Ushbu jinoyatlarning bar­chasi “haqni aytyapmiz”, degan da'vo ila amalga oshirilgan. Bugungacha shu ruhiyat da­vom etmoqda.

Dinimiz dushmanlari ommaviy axborot vositalari orqali “so‘z erkinligi”, “vijdon erkinligi”, “zulmga xizmat qilayotganlar”, “zolim davlatlar”, “siyosiy mahbuslar”, “sa­roy mullalari” va hokazo so‘zlar bilan dav­latlarini yomonlash, dinni, uning ayrim uquvsiz xizmatchilarini sabab qilib, bema'ni so‘zlar bilan qoralash, har qanday yo‘l bilan ulamolarni tahqirlashni buyurishadi. Buning oqibatini o‘ylab o‘tirmaydigan kishilar bu fitnalarga osongina qo‘shilib ketishadi.

Har qanday fitna unsurlariga qarshi ilohiy dasturimiz eng ma'qul ko‘rsatmalarni bergan. Shariatimiz masxara, istehzo, kamsitish, tahqirlash kabilarni qattiq qoralar ekan, ular orqali yuzaga chiqadigan salbiy vaziyatlarning oldini olgan.

Muxtasar aytganda, mazkur oyati karimalarga ko‘ra, inson bir so‘z yoki bir amal bilan kofir bo‘lib qolishi mum­kin. Ilmni va olimlarni istehzo qilish, behurmat etish aynan kufrga tushirib qo‘yuvchi xatarli ishlar jumlasidandir.

Abror Muxtor ALIY Toshkent islom instituti Matbuot kotibi

Manba:Muslim.uz

 


Kiritilgan vaqti: 27/12/2019 18:45;   Ko‘rilganligi: 2434
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ulamolarni-mazah-qilish-johillik-va-nodonlikdir
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 14:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing