O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SILAI RAHMNING SAVOBI

 
 

Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O‘zining roziligini yaxshi amallar ichiga berkitgan. Bandalar Robbisining roziligini shaxsiy va ijtimoiy ibodatlarni xolis ado etib, ularni birgalikda olib borishi bilan hosil qiladi. Mo‘min kishi namoz o‘qib, kishilar o‘rtasida chiroyli muomila qilmas ekan, ibodatlari bilan robbisini rozi qilolmaydi. Yoki buning aksi ham xuddi shuningdek. Kishilar o‘rtasidagi chiroyli muomilalardan biri - Silayi rahmdir.

Silai rahm – qarindoshlik rishtalarini bog‘lash bo‘lib, u insoniy muomalalarning eng afzalidir. Uning aksi bo‘lgan qarindoshlik rishtalarini uzish esa, qotiur-rahm bo‘lib, u eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi.

Alloh taolo bandalarini qarindoshlik rishtalarini bog‘lash va mustahkamlashga buyurib, Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi 215-oyat).

Qarindoshlik rishtalarini bog‘lashga bo‘lgan e'tibor nafaqat bizning dinimizda, balki bizdan oldingi dinlarda ham bo‘lgandir.

Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling, namozni barkamol o‘qing, zakot bering”, – deb ahd  olgan edik. Keyin (siz, ey, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan  boshqangiz ushbu ahddan yuz o‘girdingiz”

 (Baqara surasi, 83-oyat).

Qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashga harakat qilish insonni rizqini keng va umrini uzun bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Silai rahm qiladigan inson bu dunyoda ko‘p yaxshiliklarga ega bo‘lish bilan birga oxiratda ulug‘ ajru mukofotlar sohibiga aylanadi.Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng og‘ir gunohlardan va yomon fe'llardan hisoblanib, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb baholanadi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

 Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog‘lagan odamdir”(Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, bir-birimizga qanchalik yaxshilik va rahm-shafqat qilsak, Allohning rahmati bizlarga shunchalar yaqin bo‘laveradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: “Kim rizqi mo‘l-ko‘l qilinishini va umri uzaytirilishini istasa, silai rahm (qarindoshlari bilan aloqa) qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, silai rahm qilishlik bilan insonning umri ziyoda, moli ko‘p, rizqi keng bo‘ladi, ajali orqaga suriladi, o‘z ahli va qarindoshlarining muhabbatiga sazovor bo‘ladi.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:

 “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, silai rahm qilsin”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taboraka va taolo qarindoshchilik rishtalarini mahkam bog‘lashga chaqirar ekan, bunda qarindoshlarga va qarindosh qo‘shnilarga alohida e'tibor qaratishga buyuradi, hatto buni ibodat darajasiga ko‘taradi va ota-onaga yaxshilik qilish bilan tenglaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ummatlarini silai rahmga chaqirganlar va qarindoshlik aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam  marhamat qiladilar: “Silai rahm qilmagan, ya'ni qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindosh holidan xabar olishdir”.

Rivoyatlarda keltirilganiday, aka singlisi holidan xabar olish uchun ketayotganida qarshisidan bug‘doyzor dala chiqib qolsa, yo‘lni qisqartirish uchun uni payxonlab o‘tishiga ijozat berilganining o‘zi ham akalarning o‘z singillariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligini ko‘rsatib turibdi.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlik aloqasini uzishdan ko‘ra egasiga tez uqubat yetkazadigan va qolgani oxiratga saqlab qo‘yiladigan gunoh yo‘q», deganlar».

Abdulloh ibn Abu Avfdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Oralarida qarindoshlik aloqasini uzuvchisi bor qavmga rahmat tushmaydi», deganlar».

Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi», deganlar».

Xulosa qilib aytganda, silai rahm mo‘minlarga xos sifat bo‘lib, har bir mo‘min-musulmon bunga e'tibor berishi muhimdir. Xususan, Allohning rahmat va mag‘firati jo‘shib turgan muborak Ramazon kunlarida mehr-oqibatlarimizni bir-birlarimizdan darig‘ tutmasak, bu oyning shukuhiga hamoxang amal qilgan bo‘lamiz. Ana shunda qarindoshlar orasidagi silai rahmni mustahkamlab, Alloh va uning Rasuli sevgan bandalar qatoriga qo‘shilamiz, inshaalloh.

Alloh taolo barchalarimizni rushdu hidoyatidan adashtirmasin. Qarindoshlar orasidagi silai rahmning mustahkam bo‘lishini nasibu ro‘zi qilsin. O‘zining roziligiga olib boradigan amallarda barchalarimizni bardavom qilsin! OMIN.

To‘lqin Ravshanov - Bulung‘ur tuman bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 23/05/2020 09:25;   Ko‘rilganligi: 1209
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/silai-rahmning-savobi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing