O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Samoviy va aroziy balo-ofatlardan himoyalanish sabablari

 
 

Barchamizga ma'lumki bugun butun dunyoda keng tarqalgan koronavirus infeksiyasi barcha insonlarni tashvishga solmoqda. Albatta bu kabi ko‘zga ko‘rinmas balo-ofatlar, Alloh taolo tomonidan bandalarini imtihon qilish va insonlarning irodasi qanday ekanini sinash maqsadida yuborilgan, desak hech qanday mubolag‘a  qilmagan bo‘lamiz.

Haqiqatdan ham koronavirus infeksiyasi (pandemiyasi) juda og‘ir va katta musibat maqomiga ega ekanligi hammaga ma'lum. Alloh taolo Qur'on karimda marahmat qiladi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan singaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, - deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir[1].

Muzkur oyatlar Alloh taoloning qudrati buyuk ekanidan xabar beradi. Shuning uchun biz hozirgi kunda kecha-yu kunduz Alloh taologa toat ibodat va sabr toqat qilib, bu kabi ofatlardan O‘zi barchamizga najot berishini duo va tavba-tazarru qilib yolvorib so‘raydigan vaqti keldi.

Binobarin,  bu kabi balo va ofatlarni yengib o‘tishning yagona yo‘li, Alloh taologa iltijo qilib, Undan najot va shifo surash, istig‘for aytish, tavba-tazarru qilish, shifokorlarning tavsiyasiga jumladan tozzalikka va karantin tartib qoidalariga qat'iy rioya qilish, uyda  qolish va Allohdan sog‘lik salomatlik va tinchlik-xotirjamlik so‘rab duolar qilishdan iboratdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga bu kabi holatlarda qanday yo‘l to‘tishimizni ko‘rsatib shunday deb duo qilganlar:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْبَرَصِ وَالْجُنُونِ وَالْجُذَامِ وَمِنْ سَيِّئْ الْأَسْقَامِ

“Allohumma inniy a'uuzu bika mina-l-barosi va-l-junuuni va-l-juzaami va min sayyi’i-l-asqomi”.

Mazkur duoning ma'nosi: “Allohim, Sendan moxovlik, peslik, jinnilik va (barcha) yomon kasalliklardan panoh so‘rayman”[2].

Binobarin, Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror bir banda har tongda va tunda:

بِاسْمِ اللهِ الَّذِي لاَ يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الأَرْضِ وَلاَ فِي السَّمَاء وَهُوَ السَّمِيعُ العَلِيمُ

“Bismillahillaziy laa yazurru ma'asmihi shayun fil arzi va laa fis samai va huvas samiy'ul 'aliym” – deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi”, dedilar”. Bu duoning ma'nosi: “Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydigan Allohning ismi bilan boshlayman. U eshituvchi va biluvchi Zotdir”.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, albatta biz hech ham vahimaga tushmasdan qo‘rqinchli va achinarli xabarlarni o‘zgalarga yuborishdan o‘zimizni saqlaylik! Chunki odamlar orasida bunday xabarlarni yuragi ko‘tarolmaydiganlari ham bor. Biz ularga yordam berish o‘rniga aksincha, ularning boshqa kasalliklarini ham qo‘zg‘atib yuborib, ularni tushkunlikka tushirib qo‘yishimiz mumkin.

Shuning uchun uylarimizda Qur'on o‘qib yoki eshitib o‘tiraylik, hamda tongi va kechki zikrlar bilan o‘zimizni himoya qilaylik. Uyimizda shifokorlarning tavsiyasiga qat'iy rioya qilib, qo‘llarimizni doim yuvib turaylik. Zarurat holatidan boshqa vaqtlarda uyimizdan chiqmaylik!

Ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishimiz bizga immunitet tizimini kuchaytirishga yordam beradigan bo‘lsa, kayfiyatingizning tushishi esa, immunitet tizimini zaiflashtirib, viruslarga qarshi kurasholmaydigan qilib qo‘yadi.

Karantin va bo‘sh vaqtlarimizni dunyo va oxiratimizga foydali bo‘lgan narsalar uchun g‘animat bilaylik. Misol uchun: Qur'on o‘qish, zikrlar, istig‘for aytish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavotlar aytish, tahajjud namozi, kitob mutolaasi, farzandlarimizning darslariga e'tibor berish, oila ahlimizga yordam berish kabi muhim ishlarni qilishdir. Ammo bularning barchasidan ham muhimi – Alloh taolo ushbu vabo kasalligini albatta ketkazishiga va hayot yana iziga tushib ketishiga qat'iy ishonchda bo‘lishimizdir.

Alloh taolodan ushbu g‘amni bu ummatdan ketkazishini so‘raymiz va yomonliklardan panoh tilaymiz. Albatta, ushbu kasallikka chalinganlarga tezda shifo berishini, shuningdek, bu kasallik sababli vafot etgan musulmonlarni rahmatiga olishini so‘raymiz!

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. “Toshkent islom universiteti”. T.: - 2004.
  2. Imom Buxoriyning “Al-Jomi' as-Sahih” asari.
  3. Doktor Muhammad ibn Abdu-r-Rahmon Xumayyis. Usulu-d-din inda-l-imam Abi Hanifa. -Ar-Riyoz: Doru-s-sam'iy li-n-nashr va-t-tavziy', 1428/2007.
  4. Sahihul Muslim asari.
  5. Miftahu-s-saodat. J. 2.
  6. Imom al-Buxoriy saboqlari.

Abduhalim Fazliddinovich Muhiddinov Samarqand tumanidagi “Yangi jome'” jome' masjidi imom xatibi

[1] Baqara surasi 155-157 oyatlar.

[2] Abu Dovud, Ahmad va Nasoiy rivoyatlari.


Kiritilgan vaqti: 11/08/2020 14:55;   Ko‘rilganligi: 1003
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/samoviy-va-aroziy-balo-ofatlardan-himoyalanish-sabablari
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 20:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing