O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

RAMAZON OYINING FAZILATI.

 
 

Ramazon oyiga sog‘ salomat yetkazgan Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar, beshumur shukronalar bo‘lsin, bu muborak oyda salovotlarning barchasi Payg‘ambarimiz Muhummad Mustafo s.a.v ga bo‘lsin va as'hobi kiromlarga Alloh taoloning rahmati va mag‘firati bo‘lsin.

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ham ko‘p.

Ro‘zaning eng zo‘r hikmatlaridan biri u tufayli ro‘zador sog‘lig‘ini tiklab oladi. Ro‘za nafaqat sog‘lig‘ni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurdir.

Aziz birodarlar, bizning yurtimizga muborak oy tashrif buyurdi. Duolar ijobat bo‘ladigan oy, gunohlar kechiriladigan oy, maqomu darojotlar ko‘tariladigan oy, cheksiz savoblar yoziladigan oy, fayzu barakaning cheki yo‘q bo‘lgan oy, mo‘minni xursand munofiqni xafa qiladigan oy, Parvardigori olamning mehri jo‘sh uradigan oy, osmon eshiklari ochilib ilohiy rahmatlar yog‘iladigan oy, kechayu-kunduz farishtalar va Jabroil a.s. yer yuziga tushib sayr qiladigan oy, haqiqiy taqvodor mo‘min bandalar uchun g‘animat bo‘lgan oydir. Bu mohi sharifi Ramazondir.

قال الله تعالي: يا ايّها الّذين امنوا كتب عليكم الصيام كما كتب علي الّذين من قبلكم لعلّكم تتّقنون   البقرة 183

“Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi”. (Baqara surasi, 183-oyat)

وهو شهر أوله رحمة وأوسطه مغفرة وآخره عتق من النار  قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

Rasululloh s.a.v. marhamat qildilar: “Bu oyning avvali rahmatdir, o‘rtasi mag‘firat va oxiri esa do‘zaxdan najotdir”.

Muhtaram azizlar, bunday imtiyozlar, bunday imkoniyatlar Ramazondan boshqa qaysi oyda bor. Alloh taolo hammamizni bu oyning rahmatiga erishib, mag‘firatiga sazovor bo‘lib, jahannamdan qutulishni O‘zi nasibador aylasin!

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : نوم الصائم عبادة و صمته تسبيح و عمله مضاعف و دعاؤه مستجاب و ذنبه مغفور

 Payg‘ambarimiz s.a.v “Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir”- deb marhamat qildilar.

Aziz birodarlar, bu oy shunday muborak oyki, har bir taqvodor zot uchun bu oyda turishlikning o‘zi ibodat, bu oyda bo‘lishlikning o‘zi ibodat. Qarang, ro‘za tutadimi ibodat, ro‘za holatda uxlaydimi ibodat, hattoinki gapirmasdan dam tursa ham ibodat, iftorlikda ovqat yesa ham ibodat. Axir bunchalik darajada savoblar, bunchalik maqomda fayzlar va har bir oddiy amal ibodatga aylanadi. Ramazon oyida sahar vaqtdan oldin turib saharlik qilamiz bu ibodatga aylanadi, keyin sahardan to shomgacha ro‘za holda yuramiz, ishlaymiz, uxlaymiz ibodat, so‘ngra shomda yana ovqatlanamiz ibodat, kechasi taroveh namozlarida qoim bo‘lamiz ibodat, duolar qilamiz ibodat, yana ertangi kun uchun, ro‘zaga kuch to‘plashlik uchun dam olamiz u ham ibodatga aylanadi.  Rasululloh s.a.v Muborak ramazoni sharif oyining ro‘zasini ixlos bilan tutmoqlik ham bandaning jannatga kirishiga omil bo‘ladigan ibodatdir. Alloh ta'olo bu ulug‘ oyda qiladigan har bir yaxshi amallarimizni o‘z dargohida husni qabul etsin.

Abdumannon Murodov -  Bulung‘ur tumani "Olomon" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 12/05/2020 15:01;   Ko‘rilganligi: 1035
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ramazon-oyining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing