O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mutaassib oqimlarga qarshi kurashning ilmiy asoslari

 
 

Agar ogohsan sen…

Tarixda faoliyati qayd etilgan xori­jiya, qadariya, mu'taziliya, kar­romiya kabi adashgan oqimlar negizida shakllangan zamonaviy buzg‘unchi firqa­larning g‘oyalariga ulug‘ vatandoshimiz Abu Mansur Moturidiy asarlari asosida javob berish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, birinchi bo‘lib mu'taziliylar tomonidan ilgari surilgan va hozirgi kunda mutaassib oqimlar: “Solih amallar savobini olamdan o‘tganlar­ga bag‘ishlash joiz emas”, “qabr­larni ziyorat qilish, dunyodan o‘tganlarning ru­higa bag‘ishlab Qur'on tilovat qilish kechirilmas gunohdir”, masalasini keltirish mumkin. Qayd etish lozimki, mo‘tabar man­balarda vafot etganlarning haqiga qilingan duoi xayr­larning savobi ularga yetib borishi zikr qilingan. Jumladan, Abu Hafs Nasafiy “Aqoid” asarida: “Tiriklarning vafot etganlar haqiga qilgan duolari va sadaqalari ular uchun naf beradi”, degan.1

Ushbu fikr moturidiylik va to‘rt fiqhiy mazhab imomlarining qarashlariga mos. Abdulmalik Sa'diy mazkur matn­ni sharhlash va qo‘llab-­quvvatlash asnosida Hashr surasining: «Ulardan ke­­yin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: Ey Rabbimiz, O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat qilgin”» 10-oyatini, shu­ning­dek, “May­yitni dafn qilgandan ke­yin uning haqiga istig‘­for aytib, sobit tu­rishini so‘­­rang­lar. Chunki u hozir hi­­sob-­kitob qilinadi” (Imom Termiziy rivoyati), de­gan ha­disni dalil sifatida kel­tirgan.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Abdulmalik Sa'diy ushbu qarashni quvvatlovchi to‘qqizta hadisni hamda “Janoza namozining o‘zi ham mayyit haqiga duo, ham istig‘fordir”, degan ­fikrni keltirib o‘tadi.2

Adashgan oqimlarning aso­­siy g‘oyasi bo‘lib xizmat qilgan “takfir” masalasi ham bugungi kunda dolzarbligicha qolmoqda. Hozirgi kunda “Jamoatul muslimin”, “Soxta salafiylar”, “Shabab Muhammad”, “Al-qoida” kabi oqim va tashki­lotlar “ularning yo‘lini tutmagan musulmonlarni”, “ta­savvuf yo‘lini tutganlarni”, umuman olganda, ­arzimas sabablarni vaj ­qilib, musulmonlarni ko­firga chiqaradilar.

Bu kabi botil qarashlarga alloma Abu Hafs Nasafiy “Aqoid” asarida: “Gunohi kabira mo‘min bandani imondan chiqarmaydi va uni kufrga ham kirgaz­maydi”, deb ta'kidlaganini keltirishning o‘zi kifoya.3 Taftazo­niy mazkur matnga sharh berib: “Kabira gunoh – bu nohaq odam o‘ldirish, pokdomon insonni zinoda ayb­lash, zino qilish, sehr, yetimning mo­lini yeyish, ota-onaga oq bo‘lish…”, degan. Demak, hatto, shunday og‘ir gunohga qo‘l urgan kishida ham imon saqlanib qoladi.4

Shihobiddin Marjoniy “Aqoid”da kelgan mazkur matn ostida gunohi kabira bilan kishi mo‘minlikdan chiqib qolmasligi haqida hadislar keltirib, mo‘taziliya va xorijiya ta'li­moti vakillariga raddiya bergan. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «“Rabbim huzuridan bir elchi kelib, ummatimdan kim Allohga biror narsani sherik qilmay vafot etsa, jannatga kiri­shining xabarini berdi”, dedilar. Men: “Zino qilsa hammi? O‘g‘rilik qilsa hammi?” deb so‘radim. U zot: “Zino qilsa ham, o‘g‘rilik qilsa ham”, dedilar» (Imom Bayhaqiy rivo­yati).

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan naql qilingan boshqa rivoyatda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim: “Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh mavjud emas, Uning sherigi yo‘qdir, Muhammad Uning bandasi va Rasulidir. Iso Allohning bandasi, rasuli va Maryamga tashlagan “kalima”si hamda O‘zidan bo‘lgan ruhdir. Jannat haq, ­do‘zax ham haq”, deb guvoh­lik bersa, qilgan amaliga qarab, Alloh uni jannatga kiritadi”, deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Hazrat Usmon roziyallohu anhudan naql qilingan hadisda bunday deyilgan: «Ra­sululloh sollallohu alay­hi va sallam: “Kim Alloh­dan o‘z­ga iloh yo‘qligini e'tirof etgan (tasdiqlagan) holda vafot etsa, jannatga kiradi”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati). Bun­day ma'nodagi hadislar ma'naviy mutavotir darajasiga yetgan. Mazkur hadislardan kishi gunohi kabira orqali imondan ayrilmasligi tushuniladi.5

G‘ulom Husayn “Sharhu aqoidin Nasafiy” kitobida: “Oyat, hadisda gunohi kabi­ra qilgan kishilarga nisba­tan “kufr” so‘zining ishlati­lishidan zohiriy ma'no ­tu­shunilmaydi. Chunki bosh­qa oyat va hadislarda gunohi kabira qilgan kishi imonidan ayrilmasligi qat'iy sobit bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, Abu Hanifaning “Al-fiqhul akbar”, Abul Yusr Pazdaviyning “Usulud din”, Abul Muin Na­safiy­ning “Bahrul kalom”, Abu Hafs Nasafiyning “Aqoid”, Abul Barakot Na­safiy­ning “Umda”, Usmon O‘shiyning “Bad'ul omoliy” asarlarida hanafiy-­motu­ridiy­­­lik ta'limoti asos­la­ri to‘­la-to‘kis bayon etilgan.

Mutaassib oqimlarning imon va takfir mavzusida­gi noto‘g‘ri qarashlariga ah­li sunna val jamoa olimlarining asarlarida tarixda ham, hozir ham asosli rad­diyalar berilgan.

TII Ijtimoiy fanlar kafedrasi

o‘qituvchisi Jasur NAJMIDDINOV


Kiritilgan vaqti: 13/01/2021 08:23;   Ko‘rilganligi: 796
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mutaassib-oqimlarga-qarshi-kurashning-ilmiy-asoslari
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 17:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing