O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Munosabat: Fatvoga jur'at – do‘zaxga jur'at demakdir!

 
 

Shu kunlarda Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzuda tarqatilayotgan fikrlar yurtdoshlarimizni befarq qoldirmayapti.

Ta'kidlash joizki, diniy ta'limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli diniy qadriyatlar va tuyg‘ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim. Ularga nisbatan ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi, kim bo‘lishidan qat'i nazar, Konstitusiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadriyatlarini hurmat qilishga majburdir.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim diniy ilmdan uzoq bo‘lgan shaxslarning shar'iy masalalarda o‘zboshimchalik bilan so‘z yuritib, odamlarning fikrlarini chalg‘itayotganlari kishilarni qattiq ranjitmoqda, mo‘min-musulmonlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, bu ishga qo‘l urayotganlar, qilayotgan ishlarining oqibatini o‘ylayotganlari yo‘q. Ular men hamma narsani bilaman deb o‘ylaydi-yu, ammo o‘zlarini ham, boshqalarni ham zalolat botqog‘iga tortayotganlarini bilmaydi. Diniy ilmsiz odamning shariatga oid mavzuda haqni aytyapman deyishi huddi tug‘ma ko‘rning: “Karvonga o‘zim yo‘l ko‘rsataman!” – deyishiga o‘xshaydi.

Qur'oni karim va hadisi sharifdan hukm olish, shar'iy masalalarda fatvo berish uchun mujtahid yoki ulamo maqomiga yetish shart. Ayniqsa, hadisi sharif ma'nolarining tarjimasini o‘qib, ilmsiz ravishda undan hukm chiqarib, “Sen shu hadisda aytilayotgan kishisan” deb jar solishga hech kimning mutlaqo haqqi yo‘q!

Ilmsiz ravishda fatvo beruvchilarni osmonlaru yer farishtalari la'natlashi, qolaversa, fatvoga jur'atlilar do‘zaxga jur'atlilar ekani hadisda ochiq aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Fatvoga jur'atlirog‘ingiz, do‘zaxga jur'atlirog‘ingizdir”, deya qat'iy ogohlantirganlar (Imom Dorimiy rivoyati).

Halil ibn Ahmad rohmatullohi alayhi ilm borasida insonlar haqida shunday deydilar: “Ular to‘rt toifa bo‘ladilar: “Bir kishi biladi va u o‘zi bilishini ham biladi. U kishi olim bo‘lib undan ilm olinglar. Bir kishi biladi va u o‘zi bilishini bilmaydi. U esdan chiqaruvchi bo‘lib, unga eslatinglar. Bir kishi bilmaydi va u bilmasligini biladi. U tolibi ilm bo‘lib, unga ta'lim beringlar. Bir kishi bilmaydi va u bilmasligini ham bilmaydi. U ahmoq bo‘lib, undan qochinglar”.

Shu o‘rinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi respublikamizdagi rasmiy faoliyat olib borayotgan Islom dini yo‘nalishidagi tashkilotlarning markaziy boshqaruv idorasi hisoblanishini ta'kidlash joizdir. Idora o‘z vakolati asosida shariatga oid masalalar yuzasidan barcha shakldagi murojaatlarga xalqimiz uchun an'anaviy bo‘lgan hanafiylik mazhabi asosida fatvo va xulosalar berib kelmoqda.

Aytish joizki, islom ta'limotida hadisi sharifni to‘g‘ri anglash va hukm olish uchun quyidagilar shart qilingan:

  1. Arab tilini yaxshi bilish.
  2. Hadislarni Qur'on ta'limotlari asosida anglash.
  3. Bir mavzudagi hadislarni jamlab solishtirib ko‘rish.
  4. Hadisning aytilish sababi va maqsadlarini yaxshi tushunish.
  5. Hadisning sobit maqsadi va unga yetish vositalarini ajratish.
  6. Hadisni tushunish uchun majoz bilan haqiqatni ajrata bilish.
  7. G‘oyibdagi va hozirdagi narsalarni ajrata bilish va boshqalar.

Islom shariati o‘zgaruvchan tizim emas. Shariat dunyodagi barcha sohalarga dinning hukmini, chegarasini va o‘lchovini bildiradi. Boshqa soha vakillari shariatni o‘z qarichlari bilan o‘lchab, talqin qilishlariga aslo izn berilmaydi!

Yana bir muhim jihatni eslatib o‘tish o‘rinli. Qonun ustuvor bo‘lgan davlatda har bir fuqarodan qonun hujjatlarida belgilangan huquq va erkinliklarini suiiste'mol qilmaslik talab etiladi. Har bir shaxs o‘zining diniy nuqtai nazari va dinga munosabati bilan bog‘liq xatti-harakatlarini O‘zbekiston Respublikasining diniy faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilganidan o‘zgacha holatda amalga oshirishi noqonuniy diniy faoliyat hisoblanadi.

Ayniqsa, xalqimizning to‘qson foizdan ortig‘ini musulmonlar tashkil etishini hisobga olsak, Islom diniga oid masalalarga yanada jiddiy yondashish lozimligi ayon bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni Islom dinining mo‘tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralarni keltirib chiqaradigan fikr va qarashlarni tarqatishdan saqlanishga chaqiradi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 26/12/2019 15:51;   Ko‘rilganligi: 1251
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/munosabat-fatvoga-jurat-dozaxga-jurat-demakdir
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 04:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing