O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Mening kallam ishlamay qoldi” nomli maqola va uning atrofidagi tuhmatlarga raddiya

 
 

Bismillahir rohmanir rohiym

“Fitna qotillikdan ham qattiqroqdir”, deya ogohlantirgan Alloh taologa hamdu sanolar, “Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”, deya ulamolarni sharaflagan Payg‘ambarimizga salom va salavotlar, u zotga yaxshilik bilan ergashgan barcha musulmonlarga Allohning rahmati va mag‘firati bo‘lsin!

Bir necha kun oldin o‘zimga shaxsan tanish bo‘lgan, ulug‘ safarda hamsafar bo‘lib, hojilar xizmatida ko‘p yordam bergan, bundan tashqari yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish ishida faol bo‘lgan bir hoji akamizning “Mening kallam ishlamay qoldi” nomli maqolasini o‘qib boshim qotdi.

Maqolada bir qator vajlar qatorida “eshon buva” ya'ni, muftiy hazratlariga munosib bo‘lmagan so‘zlar, kurakda turmaydigan gaplar va kimlarnidir qosh-qovog‘iga qarab ish tutish kabi haqoratli iboralar keltirilgan. Shuningdek, qilingan ishlarni atayin ko‘rmaslikka olish yoki bilib turib, tan olmaslik holatlari ham ifoda etilgan.

Bunday tarzda raddiya berish mening uslubim emas. Mening tutgan yo‘lim marhum ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Har kim o‘z ishini bilib qilsin” uslubidir.

O‘rni kelganda aytib o‘tay, oqibatini uylamasdan aytilgan so‘zlar, diniy islohotlar sekinlashishi va diniy xodimlariga nisbatan yomon fikrlar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Yana bir masala, deputat chiqib zakotni gapirsa, qo‘shiqchi chiqib fatvo bersa, kirakash chiqib da'vat qilsa, hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Hoji aka men sizni hurmat qilaman. Ular bilan bir safga qo‘ymayman. Lekin, muftiy hazrat timsolida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qilayotgan ahli ilmlarga loy otdingiz, loyingiz tegmadiku, lekin qo‘lingiz loy bo‘lgani qoldi, xolos.

Din xizmatidagilarga nisbatan yomon so‘z aytishdan oldin bir o‘ylab ko‘rdingizmi? Xalqimizni bir dona diniy marosimini shariatga muvofiq o‘tkazib bera olasizmi? Bu yerda so‘z sizga aytilsada, aslida shu kabi g‘ayrli qarashdagi barchaga qaratilgan. Farazan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimi bir oy ta'tilga chiqdi, deylik. O‘rniga esa, hech kimni “qovog‘iga” qaramaydigan siz kabi fidoiylar taklif qilinsa va sizdan bir juma namozini o‘qib berish iltimos qilinsa, nima qilardingiz? Jumani o‘qib bera olasizmi? Albatta, yo‘q!

Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh barchamiz uchun foydali bo‘lgan so‘zlar bor:

إذا ﻧصحتني ﻋلى انفراد فقد ﻧصحتني

وإذا ﻧصحتني أمام اﻟﻧاس فقد فضحتني

“Agar sen menga alohida nasihat qilsang, demak sen menga nasihat qilibsan. Agar sen menga jamoat ichida nasihat qilsang, demak sen meni sharmanda qilibsan”, deganlar.

Siz internet tarmog‘ida fikrlaringizni bildirganingiz uchun, men ham javoban shunday qilishga majbur bo‘ldim. Chunki, ba'zan “ponani, pona bilan chiqariladi”, so‘ziga ham amal qilishga to‘g‘ri kelar ekan.

Shu o‘rinda, men sizga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Bilishimcha, siz go‘yoki xalqparvar va fidoiy insonsiz. Muftiy hazratlari sizning nazdingizda o‘zingiz ta'riflagan inson ekan. Biror marta duo yoki boshqa xalqni koriga yaraydigan taklif bilan Diniy idoraga murojaat qildingizmi?

Bu ishlarni muftiyning o‘zlari qilish kerak, degan savol berishingiz mumkin. Internetdagi muxlislaringiz bu savolingiz uchun olqishlashini ham sezib turibman. Ammo, bir haqiqat bor: “Ko‘r odam quyoshni ko‘rmasligi, quyoshni yo‘qligini bildirmaydi”.

Quyida ma'lumotlardan bexabar bo‘lsangiz, bu bilan, sizning ta'biringiz bilan aytganda “eshon buva” aybdor bo‘lib qolmasa kerak? Unda o‘qing, muftiy hazratlari boshchiligida pandemiya davrida maqola muallifi Siz muhtaram hoji aka talabiga muvofiq keladigan ishlarning muxtasar bayoni:

  • 2020 yil 16 martda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvo e'lon qilindi. Unda asosan mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini va besh vaqt namozlarini ham uyda ado etish tavsiya etildi. Bu amaliyot keyinchalik ko‘plab xorij mamlakatlarida ham joriy etildi;
  • 2020 yil 23 martda Ulamolar Kengashining karantin talablariga qat'iy rioya etish bo‘yicha mamlakat musulmonlariga murojaati yo‘llandi;
  • Xususan, pandemiya davrida yetuk ulamolar, notiq imom-xatiblar tomonidan karantin mezonlariga amal qilish, zaruratsiz uydan chiqmaslik, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yordamga muhtoj shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish va shu kabi yo‘nalishlarda chiqishlar qilindi, jumladan:
  • 1281 ta televideniyeda;
  • 766 ta radioda;
  • 13.685 ta internet tarmog‘ida chiqishlar qilindi. Ayni kunlarda mazkur ishlar jadal davom ettirilmoqda.
  • Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali imom-xatiblarning juma ma'ruzalari onlayn tarzda berib borilmoqda.
  • Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi vakillari internet saytlarida 70 ta qori tomonidan onlayn xatmi Qur'onlar qilindi. Ularning yakuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirokida amalga oshirildi. Mazkur tadbir televideniya va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
  • O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarning telefon orqali yo‘llangan shar'iy masalalariga tunu kun javob berish tizimi – Kol-markaz yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, savol-javobga ixtisoslashgan “Telegram” messenjerida bot ham ishladi. Bir kunda jami 3 mingdan ziyod savol-javol qilindi.
  • O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan karonavirus xastaligini insoniyat boshidan aritish maqsadida dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq, bir qator duoyu tazarrular ham amalga oshirildi. Diniy soha xodimlari bir necha ming rakat najot so‘rash namozini ado etdilar, ikki milliondan ziyod “Solatun nojiya”, “Solatun noriya”, “Hasbunallohu va ni'mal vakil” kabi salovoti sharif va duolar o‘qildi.
  • Shuningdek, xatmi Qur'onlar fayzu barakasidan butun dunyoga, xususan, yurtimizga qut-baraka yog‘ilishi, baloyu ofatlar daf etish niyatida 25.000 ta xatmi Qur'onlar qilindi.
  • Dastlabki xatmi Qur'onlar, salavotlar va xayriya ishlarining yakuniy duolari muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida Toshkent shahridagi “Suzuk ota” majmuasida, keyingisi “Oltintepa” jome masjidida boshqa hududlarda ham mo‘tabar maskanlarda yurtimizdagi eng tabarruk ulamolar tomonidan amalga oshirildi.
  • “Haj” va “Umra” safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati vakillari tomonidan Makkai mukarramadagi Harami sharifda insoniyat boshiga kelgan bu xastalikni daf bo‘lishini so‘rab, Haq taologa yolvorib duo o‘qiganlari tahsinga loyiq ish bo‘ldi va hokazo.

Hoji aka, siz bu ishlarni bilarmidingiz? Agar o‘sha duolarda qatnashmagan bo‘lsangiz, balki muftiy hazratlari uzr so‘rashlari kerakdir? Agar uzr so‘rash kerak bo‘lsa, u kishi albatta uzr so‘raydi. Nega ishonch bilan aytayapman? Chunki u kishi hech qachon yomonlikni yomonlik bilan daf qilmaganlar. Men u kishiga shogird tushganimda 6-sinf edim. Shundan bilamanki, u kishi aybsiz bo‘lsa-da uzr so‘rashga jur'ati yetadigan inson. 

Biz yuqorida muftiy hazratlari vazifasini bajarib turgan inson haqida gaplashdik. Endi esa u kishi muftiy bo‘lishlaridan oldin bo‘lib o‘tgan bir voqeani bayon etsak. Zora shundan so‘ng internetga bergan maqolangiz yanglish ekaniga va kimga noo‘rin loy otganingizga ishonch hosil qilsangiz.

“Adashmasam 1990-1991 yillar. Yangi mustaqil bo‘lganmiz. Dinga ozgina bo‘lsada erkinlik berilgan. Ustoz Usmonxon domla “Imom Buxoriy” masjidida imom. Qurilish ishlari boshlanib ketgan. O‘sha vaqtda birinchi galdagi masala eski tahoratxonani buzib, o‘rniga yangisini qurish. Material tanqis bo‘lsa kerak, biz talabalar ba'zimiz qo‘porilgan kafillarni orqasidan yopishgan suvoqlarni ajratayapmiz, boshqalarimiz esa g‘isht tashish va boshqa yumushlar bilan band. 

Shu vaqtda Xayrulloh aka degan kishi bilan birga yuzining barcha joyi oq ro‘molcha bilan o‘ralgan bir kishi qo‘lida ketmon bilan kelib qoldi. Bir ahvolda. Tahoratxona kanalizatsiyasini oyog‘i bilan kechib, qo‘lidagi ketmoni bilan tozalab kelayotgan ekan. Biz talabalar ham hatto u odamdan uzoqroq bo‘lishga harakat qildik. Yaqin kelgach yuzidagi ro‘molcha olindi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, bizga Qur'on va uning tafsirdan dars bergan ustozimiz Usmonxon domla ekan.” 

Sizning maqolangizni o‘qigach o‘ylanib qoldim. O‘sha vaqtlarda hoji akam qaysi tosh ko‘chalarda yurgan ekan-a?!

O‘sha vaqtdan toki hozirgacha ustoz Usmonxon domla masjidlar va madrasalar qurilishini qildilar. Qurilish qilgan imomlarimiz, homiylarni topish, ularni ko‘nglini ehsonga moil qilish va undan so‘ng yana va yana, qayta-qayta ishni bitirish uchun iltimoslar qilish nima ekanini yaxshi biladilar.

Mening ham hoji akamga o‘xshab kallam qotib qoldi. Ba'zan, ba'zi bir insonlar, olaylik kirakashlar ham, diniy soha vakillarini ayblaganlariga guvoh bo‘lganman. O‘sha din g‘amidagi “fidoiy” kirakash, loaqal  bir dona yo‘lovchini manziliga bepul olib ketganida, bugunlik kunda ko‘plab xayriyalarni amalga oshirgan din peshvosi, ulamolar va ahli ilmlarga loy otarmidi?!

Qurbon hayitini o‘tkazganimizga mana endi o‘n kun bo‘ldi. Afsuski, shu qisqa vaqt ichida ikkita fitnaning guvohi bo‘ldik. Birinchisi Fozilxo‘ja ismlik yigitni muftiy hazratlarini iste'fo berishi haqidagi video murojaati va ikkinchisi Fayziddin nomli shaxsni, qandaydir muftiy saylash hay'ati o‘ndan ziyod nomzodlar bilan tanishib chiqib, oxiri ustoz Mubashshir Ahmad nomzodini ma'qullagan xabari bo‘ldi.

Men bu ikki shaxsga uzundan uzoq raddiya bermoqchi emasman. Chunki ularga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarimizni boshqa ahli ilm ustozlar va birodarlar aytib bo‘lishdi. Men ularga ikkita savol bilan murojaat qilmoqchiman.

Birinchisi: Fozilxo‘ja! Siz fikr erkinligi deya qilgan murojatingizga qay darajada ahlsiz. Siz bu sohani qaysi bo‘g‘inida faoliyat ko‘rsatasiz yoki sohani qay darajada bilasizki, uning rahbari iste'fosini talab qilsangiz? Zero, Ibn Moja Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan qilgan sahih rivoyatda, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لا يقُصُّ على النَّاسِ إلَّا أميرٌ أو مأمورٌ أو مُرَاءٍ.

“Insonlarga Amir (boshliq), ma'mur (shu ishga buyurilgan kishi) yoki riyokor (ikkiyuzlamachi) so‘zlaydi”. Boshqa rivoyatda esa “mutakabbir” lafzi bilan kelgan. Bu hadisi sharifda insonlarga nasihat qilish, ularni yaxshilikka chorlash yoki yomonlikdan qaytarish, o‘sha ishni egasi va ahli bo‘lgan kishilarga ekanini tushunsak bo‘ladi. Endi aytingchi, sizning o‘zingiz kimsiz? Bu ishga ya'ni, diniy masala va diniy xodimlar masalasiga qanchalar ahlsiz?

Sizga tavsiyam, Allohdan qo‘rqing! Fitna chiqarishga harakat qilmang. Agar bu sohada ochiq qolgan savollaringiz bo‘lsa, shu sohada ishlab turgan, bu sohani mashaqqati va mehnatini ko‘rgan hohlagan kishingizdan so‘rab ko‘ring. Bu soha yillar davomida shu darajaga erishdi. Buni chetdan turib, buzishga hech kim qarab turmaydi. Eshitishimcha, siz mebelchi ekansiz. Sifatli mebellarni ishlab chiqaring, xalqimizga foydangiz tegsin! Shu ishingiz o‘zingizga dunyo va oxiratda manfaatli bo‘ladi, insha Alloh!    

Ikkinchisi: Fayziddin! Siz muftiy saylaydigan Ulamolar Kengashi a'zosimisiz yoxud yolg‘onchimisiz? Yuqoridagi birinchisiga to‘g‘ri kelmadingiz. Demak siz, tarqatgan xabaringiz bilan yolg‘onchisiz. Qolaversa fitnachisiz. Shu voqeadan keyin, ustoz Mubashshir Ahmadga nisbatan ham salbiy fikrlar aytilishiga sabab bo‘ldingiz. Vaholanki, ustoz Mubashshir Ahmad o‘sha ondayoq sizga raddiya bergani ma'lum.

Fayziddin! Sizga ham tavsiyam, Allohdan qo‘rqing va quyidagi oyatni tafakkur qilib ko‘ring:

إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِآَيَاتِ اللَّهِ وَأُولَئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ

“Yolg‘on so‘zlarni faqat Alloh oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir” (Naxl surasi 105-oyat).

Alloh barchamizni isloh qilsin! Islom xizmatida bo‘lgan, muxlis fidoiy insonlarimizni O‘zi panohida asrasin. O‘zi bilib-bilmay din nomidan gapirib qo‘yishdan va bilmasdan diniy xodimlarga tosh otib qo‘yishdan Allohning O‘zi asrasin!

Olimxon Isaxon o‘g‘li YUSUPOV


Kiritilgan vaqti: 11/08/2020 21:23;   Ko‘rilganligi: 919
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mening-kallam-ishlamay-qoldi-nomli-maqola-va-uning-atrofidagi-tuhmatlarga-raddiya
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing