O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MA'NAVIY JINOYATLARNING XATARI NIMADA?

 
 

Hozirgi kunda butun dunyoda globallashuv jarayonini har tomonlama chuqurlashuvi va axborot texnologiyalarining takomillashib borgani sayin milliy madaniyat, milliy qadriyatlar va azaliy an'analarni saqlab qolish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yer yuzidagi axborot almashinuvi mislsiz tezlashgan hozirgi globalizm sharoitida, G‘arbdagi ayrim “markazlar” boshqa davlatlar va xalqlar o‘rtasida G‘arb hayoti “jozibalari”ni, jumladan, “ommaviy madaniyat” ta'sirini imkon qadar keng yoyishga harakat qilmoqdalar. Ushbu harakatning asosiy maqsadi insonlarni milliy madaniyatdan uzoqlashtirish, dunyoni bir tizimga solib standart holatda, bitta oqim bo‘ylab harakatlanishini ta'minlash va antimilliy g‘oyalarini osonlikcha singdirish, ma'naviy begonalashuvni yuzaga keltirishdan iborat. Ushbu harakatlarni millat qadriyatlariga ta'siri jarayonida asosan mamlakat yoshlarini (14-30 yoshlilar) ongini zaharlash asosiy vazifa qilib olinadi.

Bu borada birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” asarida “ommaviy madaniyat” niqobi ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm va egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik anana va qadriyatlari, turmush tarzining ma'naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan ma'naviy tahdidlar odamlarni tashvishga solmay qo‘ymaydi degan edi. Darhaqiqat, “ommaviy madaniyat” milliy madaniyat va mamlakatimiz kelajagi uchun rahna solar ekan, ushbu jarayonga befarq qarab tura olmaymiz.

Ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilsak, “ommaviy madaniyat” ya'ni pop-madaniyat – jamiyatda aholining keng qatlamlari orasida yoyilib, ustuvor bo‘lgan madaniyat hisoblanadi. “Ommaviy madaniyat” mohiyatiga ko‘ra aholi aksariyat qismining hayotini tashkil etgan voqea-hodisalar, intilishlar va ehtiyojlar bilan to‘lib toshgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, zamonaviy “ommaviy madaniyat”ning maqsadi insonlarni milliylikdan uzoqlashtirish, dunyoni bir tizimga solib standart holatda, bitta oqim bo‘ylab harakatlanishini ta'minlashdan iborat, bo‘lib u makon, yosh, jins va millat tanlamaslik hususiyatiga ega. Shuningdek, “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilarini oilalarga, ayniqsa yosh oilalarga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. Ma'lumki, har bir millatning, har bir insonning ma'naviyati va o‘ziga xos madaniyati shakllanishida oilaning o‘rni beqiyos. Sharq ayollari hech mahal oilada yetakchilikka da'vogar bo‘lmaganlar. Bu esa ularning oilada hech qanday qadrga ega emas, degan ma'noni anglatmaydi. Aksincha, oilaning biror muammosi, oilaning ikkinchi yarmini tashkil qilgan ayolsiz yechilmagan va amalga oshirilmagan. Shu ma'noda, ayollarimiz o‘zlarining oilada siqilgan, huquqlari cheklangan tarzda his qilmaganlar. Ammo «ommaviy madaniyat» targ‘ibotchilari Sharq oilasida ayollar kamsitilishi, ularning erkaklar bilan teng huquqli emasligi haqida fikr yuritadilar. Ayniqsa yosh oilalarga bu o‘zining kuchli ta'sirini o‘tkazmoqda. Masalan oila va nikoh masalalariga hayotda muhim emasligini, uni “engil yashash”, “erkinlik”, “o‘zi uchun yashash” degan omillardan keyingi ikkinchi darajali o‘rinlarga tushirib tashlashni targ‘ib qilmoqda.

Bunga asos qilib “nikoh bu tashvish”, “oila bu erkinsizlik” kabi tamoyillarni qo‘ymoqdalar. Vaholanki, ushbu “madaniyat” targ‘ibotchilari “erkinsizlik” deb atayotgan oila aslida bu muqaddas dargoh, insonlarni ezgu xulqqa o‘rgatadigan maskan. Aynan shuning uchun ham, bugungi davrda oilaning mustahkamligi yurt kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi paytlarda yurtimizda yoshlarning tarbiyasiga, ularning ma'naviyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday unsurdan ehtiyot bo‘lish, ularga yo‘l bermaslik haqida ko‘p bora gapirilmoqda. “Yuksak ma'naviyat-engilmas kuch” asarida “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yurtimizga kirib kelayotgan bunday illatlarning oldini olish borasida “…Bugungi zamon voqelikka ochiq ko‘z bilan, real va hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda mavjud bo‘lgan, tobora kuchayib borayotgan ma'naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli xulosa va saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda.”- deb ta'kidlaganlar. Shunday ekan,  ommaviy madaniyatga, u bilan yopirilib kelayotgan ma'naviy va axloqiy tubanlik illatlariga milliy madaniyat, milliy tarbiya, milliy ma'naviyat, ota-bobolarimiz e'tiqod qilib kelgan islomiy qadriyatlar bilan qarshi tura olamiz.

 Jahongir hoji HOTAMOV,

Samarqand shahar Xo‘ja Abdumo‘min jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 25/12/2019 17:00;   Ko‘rilganligi: 1199
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/manaviy-jinoyatlarning-xatari-nimada
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 16:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing