O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Karantin yumshatilishi bemalollikni emas, qat'iylikni talab etadi

 
 

Oxirgi paytda dunyoda har kuni 90-100 ming nafar inson koronavirusni yuqtirib olmoqda. Bugunga kelib, unga chalinganlarning umumiy soni 4,2 millionga yetdi. Ming afsuski, ularning 282 ming nafardan ziyodi olamdan o‘tdi.

Ta'kidlash zarurki, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda. Hatto pandemiyaga qarshi muvaffaqiyat bilan kurashgan Janubiy Koreyada bir oylik pasayishlardan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni keskin oshdi. U yerda so‘nggi sutkada virus yuqtirganlar soni 34 kishiga ko‘paydi. Bu 12 apreldan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. E'tiborli jihati, Janubiy Koreyadagi yangi kasallanish holatlarining barchasi karantin talablari asosida o‘zini izolyatsiya qilmagan bitta bemor bilan bog‘lanmoqda.

Bu o‘z navbatida xalqimizdan joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga qat'iy amal qilishni talab etadi.

Shu yil 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz Rahbari “Har birimiz karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz va xalqimizning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas'ul ekanimizni unutmasligimiz zarur va shart”, deb bugungi kunning eng ustuvor tamoyilini ta'kidladilar.

Respublikamizda karantin cheklovlari yumshatilishi barobarida ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishimiz zarur.

Afsus bilan qayd etish kerakki, ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqda. 2020 yil 10 may kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni avvalgi kunlardan ko‘payib, 69 nafarni tashkil etgani barchamizni karantin talablariga rioya etishda hushyorligimizni oshirishimiz zarurligini ko‘rsatadi.

Ushbu sinovli kunlarda jiddiy tashvish tug‘dirayotgan xavflardan biri — co‘nggi vaqtda ayrim fuqarolarda kuzatilayotgan beparvolikdir. Ayrim hududlarda karantin cheklovlari yumshatilgani sababli gigiyena qoidalarini unutib qo‘ymaylik. Bu birinchi navbatda niqob va qo‘lqop taqish, ijtimoiy masofalanish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va uch kishidan ortiq to‘planmaslik bilan bog‘liq.

Ta'kidlash joizki, karantin cheklovlarini o‘rnatishdan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimizning salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi virus tarqalishining oldini olish. Shundaĭ paĭtlarda ŭzimizning va yaqinlarimizning sog‘ligiga befarq bŭlmaĭ, karantin va gigiyena talablariga qat'iĭ rioya qilish zarur.

Taassufki, pandemiya tufayli o‘rnatilgan tartib-qoidalarni mensimaslik holatlari ham uchrayotgani kishini qattiq tashvishga soladi. “Birniki mingga, mingniki – tumanga”, degan gap bor xalqimizda. Arzimas bahona bilan karantin qoidalarini pisand qilmay, vaj-karsonlar to‘qiyotgan kimsalarning maqsadi nima? Axir, ular ham vaziyatni yaqqol ko‘rib, sezib turishibdi-ku.

Islom dinida insonning yuqumli kasalliklarga sabr qilishiga ulug‘ savoblar va'da qilingan. Agar biror joyda vabo yoki halok qiluvchi biror yuqumli kasallik tarqalsa, u yerdagi kishi sabr qilsa, unga shahidlik savobi beriladi. Agar biror kimsa besabrlik qilsa, u bu ajrdan bebahra qoladi.

Shunday ekan, har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining hayotiga katta xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.

Ulamolar ittifoq qilgan qoida shuki, Islom shariati hukmlarining maqsadi beshta asosni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ular – jon, din, nasl, mol va aqldir.

Qur'oni karimda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat). Boshqa oyati karimada: “...o‘z qo‘llaring bilan o‘zlaringni halokatga tashlamanglar...” (Baqara surasi, 195-oyat), deyilgan.

Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”, deganlar. Jonni asrab-avaylash to‘g‘risida bulardan boshqa ham ko‘plab diniy ko‘rsatmalar mavjud.

Mo‘tabar fiqhiy kitoblarda “Ayni paytda salomatlikka va kelajakda tinch-totuvlikka sabab bo‘ladigan narsaga amal qilish – shariat va aql nuqtai nazaridan vojib hisoblanadi”, deb bayon etilgan.

Afsuski ayrim joylarda janoza kabi diniy marosimni amalga oshirishda Respublika maxsus komissiyasining karantin bo‘yicha talablariga, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi fatvosiga amal qilmaslik oqibatida noxush holatlar sodir bo‘lmoqda.

Jumladan, viloyatlarimizning birida janoza va dafn marosimida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik oqibatida ko‘p sonli fuqarolarni karantinga olishga majbur bo‘lindi.

Yana shuni qayd etish kerakki, insonlar manfaatini yuzaga keltirish hamda ulardan zararni daf qilish Islom dinida bayon etilgan oliy hikmatdir. Jamoaviy namozlarni ado etish sunnat bo‘lsa, lekin ularni ado etish bilan zarar kelib chiqsa, ana shu zararning xavfi ustun ko‘riladi. Pandemiya sharoitida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining boshqa musulmon mamlakatlarida kabi qabul qilgan Fatvo va qarorlariga zid ravishda xonadon va masjidlarda jamoaviy namozlarni ado etishga harakat qilish yoki janoza, dafn marosimlarini belgilangan (10-15 kishi) adaddan ko‘p odamlarni to‘plash musulmonlarning joni va sog‘lig‘ini xatarga qo‘yishini unutmaslik kerak.

Islom dinida insonlar o‘z rahbarlariga, ayniqsa hozirgi kabi tahlikali davrda har bir musulmon diniy masalalarda ulamolarning, salomatligini saqlashda esa tabib-shifokorlarning ko‘rsatmalariga qat'iy rioya etishi talab qilinadi. Kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumat, shifokorlar va ulamolar qanday yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berishsa, ularga amal qilish zarur. Zero, oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” – deb ta'kid qilinadi (“Niso” surasi, 59-oyat).

Bugun har qachongidan ko‘ra, amrga itoat etadigan, birlashadigan, jipslashadigan muvaqqat davrda yashayapmiz. Xalqimizda “Har bir tun ortida tong bor” degan naql bor. Bu o‘zida juda katta umid va ishonchni jamlagan iboradir. Tushungan holda itoatimiz, chiroyli sabrimiz, xayrli amallarimiz ila bunday sinovli kunlarni yengib o‘tsak, ertaga tinch-totuv, xotirjam, to‘kin kunlarga yetamiz, albatta.

Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas'uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne'mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.

O‘.Hasanbayev


Kiritilgan vaqti: 12/05/2020 14:56;   Ko‘rilganligi: 920
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/karantin-yumshatilishi-bemalollikni-emas-qatiylikni-talab-etadi
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 07:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing