O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Inson uchun eng katta jarohat yetkazadigan narsa — bu tildir!

 
 

Kishi o‘ylab qarasa, haqiqatdan ham Alloh taolo bandasiga ko‘proq eshitish uchun ikki quloq, kamroq gapirish uchun bitta og‘iz bergan. Kam gapirgan kishining nuqsonu-kamchiliklari bo‘lsa bekitiladi, nuqsoni bo‘lmasa salobatiga fayz qo‘shiladi.

Abdulloh ibn mas'ud r.a. aytgan ekan: “Tildan ko‘ra qamoqqa tushishga haqliroq narsa yo‘q”.  Ha azizlar,  tilni boshqaradigan narsa — aqldir. Aql ba'zida hoyu-havas nayranglariga yo‘liqib, o‘z yo‘lidan adashgan paytda til qamoqdan chiqqan jinoyatchidek ishga kirishib ketadi. Shunda kishi o‘zi bilib-bilmay ko‘p narsalarni gapirib qo‘yadi. Keyin esa “Eh….” deyishdan iloj topmaydi. Shuning uchun mo‘minlarning eng chiroyli sifatlaridan biri sukut saqlamoq ya'ni tilni tiymoq ekan. Ushbu sifat sohibiga jannat kafolati berilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki oyog‘i orasidagiga va ikki jag‘i orasidagi (narsani saqlash)ga kafillik bersa, men unga jannatning kafilligini beraman”, dedilar. Buxoriy rivoyati.

Hayotda inson uchun eng katta jarohat yetkazadigan narsa —  bu tildir! Kishining misqollab, yillab  yiqqan obro‘sini bir zumda yo‘q qiladigan narsa – bu tildir! Kishining boshiga tushadigan balolarning sababchisi — bu tildir! Mo‘minni dinidan ayiradigan narsa – bu tildir”  Jahannamga kirishga ko‘proq sababchi narsa – bu tildir!

Sufyon as-Saqafiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ragan ekan: “Ey Allohning Rasuli siz menga islomda shunday narsani xabarini berinki, sizdan so‘ng men u haqida biror kishidan so‘ramayin”, deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga iymon keltirdim, degin va to‘g‘ri bo‘l”, degan ekanlar. U kishi: “Ey Allohning Rasuli nimadan saqlanay?”, deb so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  “Qo‘li bilan tiliga ishora qilgan” ekanlar.

Xayrulloh Sattarov, O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 24/09/2020 11:18;   Ko‘rilganligi: 921
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/inson-uchun-eng-katta-jarohat-etkazadigan-narsa-bu-tildir
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 21:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing