O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Fiqhiy mazhablar va ularning yuzaga kelishi

 
 

Islom dini kelgandan keyin bir asr o‘tar-o‘tmas turli diniy huquqiy (fiqhiy) maktablarning paydo bo‘lishiga zamin yaraldi. Islom dini jug‘rofiy jihatdan katta hududlarga tarqalib, turli millat va xalqlar bu dinni qabul qilib, uni o‘zlarining hayot tarziga aylantira bordilar. Dindagi xuquqiy masalalarni yechishda esa, asosiy rolni mazhab asoschilari o‘tadi.

Payg‘ambarimiz (alayhis-salom) vafotlaridan keyin to‘rt ishonchli xalifalar, sahobiylar, tobeinlar va ulardan keyingilar “Sunnat”ga tayanganliklari uchun “Sunniylar” yoki “Ahli sunna val-jamoa” nomini oldilar. Davrlar o‘tishi bilan sunniylik yo‘nalishi bo‘yicha turli mazhablar yuzaga keldi. Unga ko‘ra musulmonlarning amal qilishlari uchun har tomonlama qulay, yengil va kamchiliklardan xoli bo‘lgan mujtahidlar tutgan yo‘llariga ehtiyoj sezildi. Payg‘ambarimiz (alayhis-salom) ham hayotda duch kelinadigan masalalar xususida to‘xtalib: “Avvalo Allohning kitobi-Kalomullohga murojaat qiling, Unda nima deyilgan bo‘lsa ana o‘shanga amal qiling, agar Qur'onda biron masalaning yechimini topa olmasangiz, u holda mendan qolgan sunnatimga murojaat qiling, hadislarimdan ham topmasangiz, sahobiylarim aytgan gaplarga ergashing, chunki sahobiylarim yo‘ldagi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydilar” deb, marhamat qilganlar. Bu o‘rinda Payg‘ambarimiz (alayhis-salom)ning bir necha minglab sahobiylari bo‘lganligi ma'lum va mashhur. Endi ma'lum masala yuzasidan birimiz bu sahobiyning, ikkinchimiz boshqa sahobiyning so‘zlarini olar ekanmiz, bir masala ustidagi ikki xillik to‘g‘ri deb qabul qilinadi. Mana shu o‘rinda mazhab tarafdorlarining fikrlariga murojaat etish lozim bo‘ladi. Demak, sunniylikdagi mazhablarning dalil va hujjatlarga asoslangan qarashlari mavjud. Ular orasida deyarli farqlar bo‘lmasa-da, faqatgina ba'zi ibodat va muomalotga oid masalalarda ayrim jihatlar ko‘rinadi. Bu farqlar, masalan, afzal va joiz degan nisbat bilan o‘lchanadi. Biz amal qilgan mazhab afzal, boshqasi dindan adashgan deyishga hech qanday asos yo‘q. Bular ichidan to‘rttasi sunniylikning (Hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy) asosiy mazhablari sifatida mustahkam shakillangan.

Muallif: Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 12/10/2019 13:19;   Ko‘rilganligi: 6183
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fiqhiy-mazhablar-va-ularning-yuzaga-kelishi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing