O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dinimiz jonkuyari edilar

 
 

Yaxshilar yodi 

Butun dunyo aholisining tinchini buzgan ko‘rinmas yov – koronavirus infeksiyasi bashariyatning sabrini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu ofat, afsuski,  yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Vabo diyorimizning ko‘zga ko‘ringan, taniqli ahli ilmlarini oramizdan olib ketdi.

Yaqindagina Buxoroi shariflik mashhur olim Mansur domla Nurullayev, samarqandlik imom Mustafoqul domla Melikovni oxirat safariga kuzatgan edik. Kuni kecha Toshkent viloyati bosh imom-xatibi, taniqli olim Xayrulloh domla Turmatov ham mangu olamga rihlat qildilar.

Istirjo, ya'ni “Innaa lillahi va innaa ilayhi roji'un”ni takrorlab, afsus bilan aytamizki, domlamiz koronavirus kasalligi va surunkali xastaliklar oqibatida vafot etdilar.

Ustoz Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tugatib, uzoq yillar Toshkent viloyatidagi “Chetsuv”, “Qorabog‘”, “Zangiota” jome masjidlarida imom-xatib bo‘lib ishladilar. Angren shahar bosh imom-xatibi vazifalarida ishlaganlarini ko‘pchilik mamnuniyat bilan eslaydi. Chunki marhum ustozimiz juda ko‘plab insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardilar.

Men domla bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligida ishlab, u kishidan juda ko‘p saboqlar oldim. Saboq olish deganda, faqat ilm o‘rganish emas, balki odamlar bilan muomala qilish, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, masjidlarni obod qilish, tarixiy qadamjolarni fayzli maskanga aylantirish ham aslida katta hayotiy darsdir.

Shu bilan birga, samimiylik, soddadillik va ochiqchehralik kabi fazilatlar hammada bo‘lishi mumkin. Lekin bu fazilatlar hammani ham bezayvermaydi. Buning uchun so‘z bilan amal uyg‘un bo‘lishi kerak. Ustozimiz xuddi shu fazilatlari bilan el nazariga tushgan inson edi.

Domla 2014 yildan shu paytgacha, ya'ni olti yil mobaynida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi sifatida 60 yilga ham sig‘maydigan savobli ishlarni qilishga ulgurdilar. Toshkent viloyatida ayni paytda 226 ta masjid faoliyat yuritmoqda.

So‘nggi uch oyda domlamiz ikkita masjid: Olmaliqdagi “Hilol” va Yuqori Chirchiq tumanidagi “Moz ibn Jabal” jomelarini ochib berdilar. Viloyatimizdagi 57 ta masjidni qayta qurish va rekonstrukitsya qilishga bosh-qosh bo‘ldilar. Homiylarni jalb qilgan holda ko‘plab talabalarning o‘quv-shartnoma pullarini to‘lashga ko‘maklashdilar.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Alloh taolo insonlardan ilmni birdaniga olib qo‘ymaydi. Balki olimlarni vafot ettirish orqali ular bilan birga ilmni ham ko‘taradi...” Bu hadis tilimizga: “Olimning o‘limi – olamning o‘limi” sifatida naql etiladi.

Marhum imom domlamiz dinimiz g‘amini yeydigan, ko‘pchilikning hurmatiga sazovor saxovatpesha inson edilar. Aytish mumkinki, marhum ahli ilm qisqa umri davomida ko‘plab savobli ishlarni qilishga ulgurdi.

Alloh taolo Xayrulloh domlaning yotgan joylarini keng, nurli etib, hayotlari davomida bajargan barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. O‘zi rozi bo‘lib, Naim jannatlari bilan siylasin.

Marhum domlaimizning oila a'zolariga, barcha yaqinlariga, muxlislariga, muhiblariga hamdardlik bildiraman.

 

Mirodil MIRJALILOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 17/09/2020 16:03;   Ko‘rilganligi: 782
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/dinimiz-jonkuyari-edilar
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 13:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing