O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Buyuk ne'mat

 
 

Dono xalqimiz umrni oqib o‘tayotgan daryoga o‘xshatadi. Darhaqiqat, yuz yoshga kirgan kishi ham,  dunyoga kelib hech qancha yashamaganligini tan oladi. Bu foniy dunyoning bitmas tuganmas ishlarini oxiriga yetkaza olmaganligidan shikoyat qiladiganlar ham topiladi.

Bu ham o‘z yo‘liga, ammo, umr deb atalgan Allohning ulug‘ ne'matini dunyosiga ham, oxiratiga ham foyda keltirmaydigan, bekorchilik, uyqu, yoki bema'ni ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazayotgan insonga nima deyish mumkin?  Qiyomatda eng ko‘p savol-javob qilinadigan, har bir nafasi, har bir qadami uchun javob beradigan inson, bu dunyoda bema'no gapni ko‘p gapirgan, bema'no ishga mashg‘ul bo‘lgan kishi ekanligi hadis shariflarda bayon qilingan. Umrning har soniyasini qadriga yetish lozimligi haqida, Ibn Abbos r.a. rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz a.s. marhamat qiladilar: Rasululloh s.a.v. bir odamga nasihat qilib, unga: “Sen besh narsani besh narsadan avval g‘animat bilgin: yoshligingni qariligingdan avval, salomatligingni kasal bo‘lishingdan avval, boyligingni faqir bo‘lishingdan avval, bo‘sh vaqtingni bir ishga mashg‘ul bo‘lmasingdan avval va hayotligingni o‘limingdan avval g‘animat bilgin”. – dedilar (Imom Hokim rivoyati).   

Bu imtihon dunyoda umrini behuda ishlarga, gunoh ishlarga sarflab vafot etgan odamlarning Qiyomatdagi holatlari haqida Alloh taolo  ogohlantirib Qur'oni Karimda xabar beradiki: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi, eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir 37).

Aqlli inson pushaymonga o‘rin qoldirmaslik uchun o‘z vaqtida uning chorasini ko‘rib boradi.       Mataxassislarning  aytishicha oltmish yoshga kirgan odamning yigirma yili uyqu bilan o‘tar ekan. Bu dahshatli raqam. Lekin, tahorat bilan yotgan odamning uyqusi ham ibodatga hisoblanishini Payg‘ambarimiz a.s. hadislarida bayon qilganlar. Demak, mo‘min kishi uyqudan ham unumli foydalanishi mumkin ekan. Abu Rayhon Beruniy hazratlari bir yilda bir kun dam olar ekanlar. U ham bo‘lsa, 22 aprel- Navro‘z kuni dalaga chiqib dehqonlar bilan yer haydab hordiq chiqarar ekanlar.

Abdullo ibn Umar r.a. aytadilar: Rasululloh s.a.v. mening yelkamdan tutib shunday dedilar: “Dunyoda go‘yo g‘aribdek yoki yo‘lovchidek bo‘l”. Shundan so‘ng Ibn Umar r.a. ham: “Kech kirsa tongni kutib o‘tirma, tong otsa kech kirishini kutib o‘tirma, sog‘lik vaqtingda bemorligingda qila olmaydigan ishlaringni qilib qol, tirikligingda vafotingdan keyin asqotadigan amallarni qilib qol”, deb yurar edi (Imom Buxoriy rivoyati).

Nafaqat har bir insonning umri, balki, zamonlar o‘tishi bilan butun bu olamning ham tugab bitishi haqida Alloh taolo Qur'on Karimda xabar beradi: “(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom sohibi bo‘lmish Robbingizning “yuzi” boqiy qolur” (Ar-rohmon 26-27).

Alloh taoloning shunday va'dasi borki:  “...Agar  (bergan  ne'matlarimga)  shukr  qilsangiz,  albatta,  (ularni yanada) ziyoda qilurman.   Agar noshukurchilik qilsangiz bas,  mening azobim qattiqdir”–  deb  ta'kidlaganidek, shukur kiluvchi bandalariga o‘z ne'matlarini yanada ziyoda etishi muqarrardir. Shukr kilish, “Xudoga shukr” deyishdan tashqari, har bir ne'matni o‘z vaqtida va o‘z joyida, isrof qilmasdan tasarruf etishdir.  Shuni alohida ta'kidlash lozimki, biz har qancha savob ishlarni qilmaylik, yoki har qancha gunoh ishlarni qilmaylik bu ishlarimiz hech qachon Allohga hech qanday foyda yoki zarar keltirmaydi. Balki, barcha amallarimiz o‘zimiz uchundir.

      Xulosamiz shuki, hozirgina olgan nafasimizni chiqardikmi, uni boshqa qaytib ololmaymiz. Oqil inson – bu dunyodagi hayotidan oxirati uchun foydalanib qolgan kishidir. Zero, Alloh taolo Qur'on Karimda: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir, U Aziz (Qudratli) va G‘afur (Kechirimli)dir” (Mulk, 2), - deb marhamat qiladi.   Ha, hali ham kech emas, qolgan hayotimizni g‘animat bilib, uning har bir lahzasidan dunyo va oxiratimiz uchun foydalansak, hayotimizdagi isrof bo‘lgan damlar uchun pushaymonlikni his qilib, tavba qilsak, Alloh  taolo kechirimli Zotdir.

Xolmuhammad SALIMOV - Urgut tumani “Mang‘itobod” jome masjidi imom xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 10/08/2020 15:25;   Ko‘rilganligi: 1257
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/buyuk-nemat
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing