O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Bag‘rikenglik”ning ikki ko‘rinishi

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Olmoniya sharqshunos olimalaridan bo‘lmish Sigrid Hunke o‘zining “Alloh taoloning g‘arbga porlagan quyoshi” asarida arablarning fazilati borasida shunday deydi: “Salohiddin Ayyubiy Baytul Maqdisni milodiy 1187 yilda egallab oladi (qaytarib oladi). Undan avval 1099 yilda salbchilar u yerni misli ko‘rilmagan vahshiyliklar, qon to‘kishlar bilan egallashgan edi. Ammo vahshiylarcha to‘kilgan musulmonlar qoni intiqomi uchun Salohiddin Ayyubiy bu yerdagi nasroniylarning qonini to‘kmadi.  Balki, ularga o‘zining odamiyligini, saxiyligini va mehribonligini ko‘rsatdi hamda oliy sarkardalik ruhi bilan xulqlanishda zarbul masal va o‘rnak  bo‘ldi. Lekin, musulmonlardan farqli o‘laroq, nasroniy sarkardalar ulug‘ kalima va  asirlar qarshisida hech qanday oliyjanob xulqqa ega emasliklarini mamoyon etdilar. Masalan, ularning boshlig‘i bo‘lmish “Sher yurak” laqabi bilan tanilgan Richard musulmonlardan 3000 asirni omon qoldirishga o‘zining ulug‘ligi bilan qasam ichadi. Lekin to‘satdan kayfiyati o‘zgarib, ularning barchasini o‘ldirishga buyuradi.

BAYTUL MAQDISDA  

   Baytul Maqdisdagi ahli zimmalardan biri o‘z xo‘jayiniga musulmonlarning Salohiddin Ayyubiy boshchiligida Baytul Maqdisga kirayotgan paytdagi hodisani shunday rivoyat qiladi: Masjiddagi voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va eshitgan guvoh kelib aytdi: “Men masjidga kirganimda meni hech kim to‘smadi va surishtirmadi. Natijada musulmonlar bilan aralashib ketdim. Ular bir yerda jamlanib o‘tirishar, barchalarining o‘tirgan yerlari bir xil, hatto boshliqlarini ham ajratishning iloji yo‘q edi. Ularning a'zolari va harakatlari sukunatda, Alloh taologa toatda edi. Men ulardan ajablandim: qanday qilib urush maydonida dushmanlaru shaytonlarni aqldan ozdiradilar-u bu yerda bo‘ysungan dindorga aylanadilar?! U yerda voizni ko‘rdim. U minbarga chiqib xutba qildi. Agar ushbu mav'izani cho‘ldagi qumlarga qilinganda, albatta, ular harakatga kelar, otliqlarga aylanar, shu hol davom etib, hatto yer yuzasi ochilib qolardi. Agar shuni hech narsani eshitmaydigan tosh eshitganda, unda hayot paydo bo‘lib, ruh hosil bo‘lar edi!

   Men ularni, modomiki, musulmon ekanlar, agar-chi ularga qarshi butun dunyo davlatlari jamlansa ham, hech qachon mag‘lub bo‘lmasliklarini bildim. Chunki ulardagi iymon quvvati o‘zlaridagi har qanday quvvatdan kuchlidir. Aksar insonlar o‘limdan qo‘rqadilar. Lekin ularni biror narsa cho‘chita olmaydi. Chunki ular o‘limni yaxshi ko‘radilar va unga intiladilar, ya'ni Robbilarining visoli tomon oshiqadilar.

   Yo‘q! Bizning qavmimiz bu diyorni hargiz umid qilmasin. Men sizlarga aytyapman. Darhaqiqat, men u qavm borasida juda yaxshi ma'lumotga ega bo‘ldim, ular bilan aralashib, o‘zaro suhbat qurdim hamda diyonatlari va go‘zal xislatlaridan voqif bo‘ldim. Yo‘q! Biz uchun u yerda nasiba yo‘q”.

   Batahqiq, shu kuni salbchilar yuz yil muqimlikdan so‘ng bu yerdan ketishdi va hech qachon qaytishmadi. Bu qubbada nasroniylarning ham, yahudiylarning ham emas, balki Muhammad sollallohu alayhi vasallamning  shiorlari oliy bo‘ldi. Albatta, bu yerdagi har bir maskan o‘zgardi va bu yerdagi har bir tug‘ilajak bola Salohiddinga aylandi. Bizning qavmimiz qonlarni bekorga to‘kmadi va insonlarni bekorga o‘ldirmadi.

 

Ali Tantoviyning “Tarixdan qissalar” kitobidan 

Farhodbek  ASATULLAYEV tarjimasi 

Islom.uz saytidan olindi


Kiritilgan vaqti: 14/10/2020 13:53;   Ko‘rilganligi: 703
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bagrikenglikning-ikki-korinishi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing