O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Allohga tavakkal qilish — iymonning alomatidir!

 
 

Musulmon kishining umumiy ehtiyojlarida Allohga tavakkal qilishi – uning iymonining alomatlaridandir. Bu borada rizq va uni hosil qilish uchun Allohga tavakkal qilish o‘z isbotini topadi.

Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Agar siz Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, tongda oshqozoni bo‘sh, kechqurun qorni to‘q bo‘lgan qushni rizqlantirgani kabi sizlarni ham rizqlantirar edi”, dedilar.

Ulomalarimiz tavakkal qilish borasida: «Tavakkal qilish — dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb qilish va zararni daf qilish uchun qalbning Alloh taologa sidqidildan e'tiqod qilishidir», deydilar.

Ahli sunna val jamoa mazhabi bo‘yicha, tavakkal qilish qalbga va kasb a'zolarga bog‘liq narsa. Sabab bo‘ladigan narsalarni ishga solmaguncha, tavakkal qilish hosil bo‘lmaydi. Demak, kishi tavakkal qilishida, u qanday holat bo‘lishidan qat'iy nazar doim harakatda bo‘lishi lozimdir. Ya'ni, maqsad qilgan narsaga yetishmog‘i uchun, unga olib boradigan yo‘lni bosib o‘tishi lozim.

Hadisi sharifda tavakkal qilishda “qush”ni misol keltirilayotgani, har bir inson bugungi kun rizqi talabida harakat qilishi, ertangi kunning rizqini Allohga tavakkal qilishidir. Va shu bilan bir qatorda tongdan to kechgacha bo‘lgan davr ichida doimiy harakatda bo‘layotgan qush misoli bandalar ham narsaga yetishi uchun maqsad qilib, so‘ngra tavakkal qilishlari to‘g‘ridir.

Musulmon kishi: “Alloh taolo hamma narsaning qadarini belgilab qo‘ygan, kasbning nima keragi bor”,  deyishi va hech narsa qilmay yotaverishi  durust emas. Kishi biror ishni bajarmoqchi bo‘lsa, o‘sha ishning natijasiga yetishi uchun chora-tadbir ko‘radi. Alloh taologa ishonib va unga suyanib, tavakkal qilishligi maqsadga muvofiqdir. Aks holda iymonga zid ish qilgan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni Karimda: “….Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadi”, deb marhamat qilgan. (Oli Imron 159). Qatoda roziyallohu anhu ushbu oyati karima haqida shunday deydi:  “Alloh taolo nabiyyi sollollohu alayhi vasallamni, agar biror narsani azmu qaror qilsa uni tugatmoqlikni, Allohning amriga to‘g‘rilamoqni va unga tavakkal qilishni buyuradi”. Demak, Allohga tavakkal qilinayotgan narsa Uning amriga muvofiq kelishi shart. Alloh qaytargan biror ishni amalga oshirishda Unga tavakkal qilinmaydi. Bu iymonga zid ish. Faqat o‘zi uchun halol narsalarga qilayotgan harakatdagina Allohga tavakkal hosil bo‘ladi ekan.

Rizq masalasida tavakkal qilishlik juda muhimdir. Kishi to‘g‘ri kelgan narsani “mening nasibam” deb qabul qilavermaydi. U maqsad qilganini izlaydi, harakat qiladi, o‘zganikiga ko‘z tashlamaydi, mehnat qiladi. Zero, mehnat qilib topilgan rizqdan-da shirinroq oziqa yo‘q!

Hotim al-Asom dedi:

Allohga tavakkal qilishda ishimni to‘rtta xislatga bino qildim:

  • Rizqimni mendan boshqa hech kim yeya olmasligini bilgach, nafsim xotirjam bo‘ldi.
  • Mening amalimni o‘zimdan boshqa hech kim qilmasligini bildim-u, amalimga mashg‘ul bo‘ldim.
  • O‘limim to‘satdan kelishini bilib, u tomon shoshilmoqdaman.
  • Qayerda bo‘lsam ham Alloh azza va jallaning nazaridan qochib qutula olmasligimni bilgach, U zotdan hayo qiluvchiman.

Xayrulloh Sattarov. O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 19/10/2020 14:43;   Ko‘rilganligi: 4675
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/allohga-tavakkal-qilish-iymonning-alomatidir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 06:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing